​Minnat va Riyo oxirat kushandasi
Muallif: . .
Sana: 22.02.2022
1196

Allohning fazli keng, banda xolis niyyat bilan ozgina amal qilsa ham ko`p ajrlar beradi. Rivoyatlardan birida bunday deyiladi: “Dovud (alayhissalom) qiyomat tarozusini ko`rishni istab, Alloh taologa iltijo qildi. Unga izn berildi. Tarozuning har bir pallasi mashriqdan mag`ribga yetadigan darajada kattalikda edi. Hayratlanib: “Ey Robbim, shunday ulkan pallani kim savob bilan to`ldiradi?”-dedi. Alloh taolo marhamat qildi: “Ey Dovud agar bandamdan rozi bo`lsam, u sadaqa qilgan bir dona hurmo savobi bilan ham savob pallasini to`ldirib qo`yaman”, dedi. (Hozin tafsiri) Imom Daylamiy aytadi: “Chin ko`ngildan Alloh roziligin istab sadaqa bergan kishiga qiyomatda haq taolo: “Ey bandam sen mening roziligimni istading, Men ham seni tashlab qo`ymayman. Jannatning xohlagan eshigidan kiraver”, deb buyuradi.

Dunyoda biror marta yaxshilik qilmagan odam topilmasa kerak. Lekin minnat va manmanlik ko`p yaxshiliklarni yo`qqa chiqaradi. Qarindosh-urug`, do`st-yaqinlar orasida ham bir vaqtlar qilgan yaxshiligini pisanda qilish, falonchini boqyapman degan minnatli so`zlar quloqqa chalinadi. Ba`zilar hatto qarz bersa ham ko`z-ko`z qilib, minnat bilan beradi. Aksincha, har bir yordam, yaxshilik beg`araz, maxfiy tarzda qilinishi lozim.

Alloh taolo: “Agar (sadaqalarni) maxfiy qilib, faqir-kambag`allarga bersangiz bu o`zingiz uchun yanada yaxshiroqdir”, deydi (Baqara surasi 277 )

Shuning uchun sahobalar (roziyallohu anhum) yashirinch beg`araz, yordam qilishgan. Ba`zida ko`zi ojiz, qulog`I eshitmaydigan bechoralarni topib sadaqalarni topshirishgan. Shu tarzda qilingan sadaqa riyodan xolidir.

Alloh taolo “Ey mo`minlar, molini odamlarga ko`rsatish uchun beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o`xshab, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo`qqa chiqarmang!” deb ogohlantiradi.

Aslida bu ne`matlarni bizga kim beryapti? Albatta, Alloh taolo emasmi? Biz ham berayotgan paytimizda buni Alloh taolo beryapti shuni bermasligi ham mumkin edi degan narsalarni o`ylashligimiz kerak. Uyimizni oldimizda oqib turgan ariq bor. Shu ariqdan bir hovuch suv olsak o`rniga boshqasi kelib qoladi. Demak, sadaqa ham shunga o`xshaydi birini bersak, ikkinchisi keladi.

Demak, qo`lidan kelsa, beg`araz yaxshilik qilib, boshqalarga zarari tegmay yashash eng katta baxtdir.

Mir Arab oliy madrasasi 4 bosqich talabasi

MUHAMMADYUSUF HOSHIMOV

. .