JIN AFSONA EMAS
Muallif: . .
Sana: 17.03.2023
47

Jin va insonni faqat Oʻziga ibodat-qulchilik qilishlari uchun yaratgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar boʻlsinki, bugun yer yuzining koʻp mintaqalarida ilm-fanning har sohasida taraqqiyot sari jadal ildamlanmoqda va har jabhada ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Bu taraqqiy etayotgan sohalar qatorida “Sholi kurmaksiz boʻlmaydi” deganlaridek, afsuski, sehr-joduchi, folbin-u azayimxon, issiq-sovuq qiluvchi, degan jamiyat kushandalarining safi ham kengayib, qarib besh-oʻn yil ichida “falon polchi (folbin) dugonamga jin kiritib qoʻygan ekan”, “falon parixon (folbin) falonchiga buncha pari (urgʻochi jin) kiritib qoʻyibdi”, “falon baxshi (folbin) oʻrtogʻimdan uchta yoki beshta jin chiqaribdi”, “ana u jinkash (jin chiqaruvchi) bir marta dam solishiga muncha pul olarkan”, “mana bu azayimxon (duoxon): “Sendagi jin bobolarimga atab bitta qoʻy soʻysang, yoki folbinlik yo kinnachilikni boʻyninga olsang, keying tinch qoʻyarkan, chiqib ketarkan”, degan gap-soʻzlar koʻpaygandan koʻpaydi.

Toʻgʻri, xalqqa chin dildan xolis xizmat qilib, hojatini chiqarib, sehr-jodu va boshqa narsalar zararidan xalos etaman, degan pok niyatli hojatbaror, ahli ilmlar ham bor, albatta. Ular “Sharʼiy ruqya” yaʼni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar dam solganlaridek, Qurʼoni karim oyatlarini oʻqib dam soladilar. Shariatga zid hech qanday vositalardan foylanmaydilar. Sunnatda kelgan duolar bilan kifoyalanadilar.

Taassufki, bu holdan unumli foydalanib, moʻmay daromad topish payiga tushgan baʼzi olgʻir jinkashlar turli hiyla-nayranglar bilan odamlarni pulini olish bilan ovvora. Ming afsus, sodda, ishonuvchan xalqimiz odatda har qanday diniy tus berilgan ishni – u toʻgʻrimi yo notoʻgʻrimi, deb soʻrab-surishtirib oʻtirmay – qilaveradi. Bu esa firibgarlarga ayni muddao. Sodda mijozlarni xohlagan kuyiga solib, bir marta oʻqish bilan tuzaladigan bemorga ham: “Kamida uch marta yo yetti marta yoki qirq bir marta keling. Oxirgisida xoʻroz olib kelasiz. Har bir oʻqishimga falon dollardan berasiz” deb, tekintomogʻlik qilmoqdalar. Bordiyu har qancha oʻqishiga qaramay “Operatsiya” muvaffaqiyatsiz chiqib qolib, bemor davo topmasa: “Mana koʻrdingiz, shuncha urindim, boʻlmayapti. Endi folbinlikni boʻyningizga olmasangiz, tuzalmaysiz ekan. Bobolarimga atab bir qoʻchqor soʻysangiz, sizga “oq fotiha” olib beraman” deb, oʻziga hamtovoq boʻluvchi malʼun folbinlar sonini orttirayotganlar ham talaygina.

Xoʻp mayli. Uni-buni qoʻyaylik-da. “Oʻzi jin nima u? Bor narsami yoki afsonami? Bor boʻlsa, u nima uchun yaratilgan oʻzi? Undan himoyalanish mumkinmi yoki chorasi yoʻqmi? Bordiyu birorta odamga jin tegsa, sogʻayib ketadimi, davosi bormi yoki shu bilan oʻlib ketadimi?”, degan savollarga javob izlab koʻraylik…

Jin afsona emas, bor narsa. U asli olovdan yaratilgan maxluqdir. U shaytonning zurriyotidir. Buning dalillari quyidagi oyati karimalardir:

Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, barcha farishtalarni Odamga biroz egilib, taʼzim sajdasini qilishga buyurganida farishtalar sajda qiladilar. Iblis esa sajda qilmaydi va bunday deydi: “(Iblis aytdi) Men loydan yaratganing basharga sajda qilmasman. Men undan yaxshiroqman, meni olovdan yaratgansan va uni (esa) loydan yaratgansan”. (Aʼrof surasi 12 oyat).

“Kahf” surasi 50 oyatida bunday deyiladi: Eslang, (Ey, Muhammad!) Farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi xolos). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga boʻysunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey, Odam bolalari,) Meni qoʻyib, uni (iblisni) va zurriyotlarini doʻst tutasizmi?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolimlar uchun (Allohning oʻrniga) naqadar yomon “oʻrinbosardir”!”. Bu oyati karimadagi “U jinlardan edi.” degani shaytonning jinlardan ekanini bildiradi. “…uni (iblisni) va zurriyotlarini doʻst tutasizmi?! degani esa u jinlarning eng kattasi ekani, jinlar uning zurriyoti ekanini aniq koʻrsatib turibdi.

“Shayton asli “Azozil” ismli farishta boʻlib, farishtalarga dars berar edi va kibrlanib odamga taʼzim sajdasini qilishdan bosh tortib, gunoh qilgani sabab shayton boʻlib qolgan”, degan gap arabiy va oʻzbek tilidagi diniy adabiyotlarda ham uchrab turadi. Barcha dalillarni toʻliq oʻrgangan muhaqqiq olimlar esa: “Yoʻq. Bunday boʻlmagan. Bu gap toʻqima gap. Shayton umuman farishta boʻlgan emas. Boshdan bosh jin qilib yaratilgan”, deydilar va bu gaplariga quyidagi dalillarni keltiradilar:

  1. 1. “Kahf” surasi 50 oyatida “…U jinlardan edi …”, deyilgani.
  1. 2. Farishtalar nurdan yaratilgan. Shayton esa olovdan. Nur bilan olovning orasidagi farq hammaga maʼlum.
  1. 3. Shayton Robbisiga gunoh qildi, aytganini qilmadi. Agar farishta boʻlganida bunday itoatsizlik qilmagan boʻlar edi. Chunki Alloh taoloning oʻzi farishtalarning sifatlarini bunday bayon qilgan: “…Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiluvchi farishtalar…”. (Tahrim surasi 6 oyat).

Jin nega yaratilgan? degan savolga Alloh taoloning Oʻzi quyidagicha javob bergandir:

Men jinlar va insonlarni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. Men ulardan biror rizq istamasman va ular meni taomlantirishlarini ham istamaman. Zero, Allohning Oʻzi (barcha xaloyiqqa) rizq beruvchi, quvvat sohibi va qudratlidir”.

Demak, jin ham inson kabi Allohning quli ekanini anglab, Unga ibodat qilib, qulchiligini ado qilmogʻi darkor ekan.

Nega jin oʻzini ibodatini qilib, birovga zarar yetkazmaslik oʻrniga odamlarga ziyon yetkazmoqda? deyilsa, javobi quyidagicha:

Jin ham odamga oʻxshash bir maxluq. Farqi u olovdan, inson loydan yaralganida xolos. Ikkisi ham bir funksiya, bir vazifa “ibodat qilish” uchun yaratilgan. Ulardan boshqa biror narsa talab qilinmaydi.

Bu “ikki karra ikki toʻrt” dek oddiy tushuncha. Odamlar ham ikki toifaga boʻlinadi. Qulligini, bandaligini anglovchi moʻmin-musulmon va buni aksi boʻlmish kofir-xudosizga. Bularning birinchisi oʻzini, oʻzligini, Robbisini anglab, oʻz vazifasini bajaradi. Qonun-qoidalarga rioya qiladi. Ikkinchisi oʻzining mohiyatini anglamaganidan, Robbisini tanimagani sababli oʻzboshimchalik bilan ish qiladi. Natijada yon-atrofidagilar kim boʻlishidan qatʼi nazar zarari tegadi, toʻgʻrimi?

Jinlar ham shunday boʻlishadi. Moʻmin va kofir. Haqiqiy moʻmin kishi birovga ziyon yetkazmagani kabi, moʻmin jin ham birovga zarar bermaydi.

Lekin zarar bergandan qasos olish bu hammaga, odamlarga ham, jinlarga ham birdek tegishli qoida. Zarar koʻrgan zarar yetkazganning kim yoki nimaligini, yaxshi-yomonligini soʻrab oʻtirmay qasos oladi.

Toshkent islom instituti

4-kurs talabasi Abdulaxatov Orzubek

Manba muslim.uz

. .