ROʻZA IBODATI - ALLOHNING RAHMATIDIR!
Muallif: . .
Sana: 23.03.2023
298

Agar Alloh bu ummatni azoblashni hohlaganida edi.Ularga Ramazon oyi va Ixlos surasini ato qilmas edi”. (Hazrati Ali r.a)

Ramazon mehru-muruvvat, xayr-u sahovat oyi. Ramazon qalb, rux va jasadimiz poklanadigan oy. Ramazon oyi duolarimiz ijobat boʻladigan, qadr kechasi, taroveh namozlariyu xatmi Qurʼonlar barakasi, roʻzadorni iftorlantirishning savobidan bahramand boʻladigan, xayrli amallarimiz uchun savoblar, ajrlar koʻpaytirib beriladigan, fazilatli, barokatli oy. Zero, Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Agar ummatim ramazon oyida ular uchun qancha fazilatlar borligini bilganlarida edi, yilning hammasini ramazon boʻlishini hoxlar edilar”, - deganlar. Ramazon oyida avvalo qalbni poklash, agar bir-biri bilan xusumatlashgan boʻlsa, gina va xusumatlarni unutib bir-biri bilan yarashish, qoʻni-qoʻshni mahallada, qarindoshlar orasida yordamga muxtojlarga muruvvat koʻrsatish, yordam qoʻlini uzatish, qarindoshlarga siylai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, yolgʻiz keksalar, nogironlar holidan xabar olish, savobli ishlarga shoshilishligu, barcha gunoh ishlardan oʻzini tiyish, birovning diliga ozor yetkazib qoʻyishdan, birovning haqqiga tajovvuz qilishdan saqlanishlik kabi ishlarni amlga oshirishlik bilan boʻladi. Bir oylik ertayu-kech qilinayotgan ana shunday qizgʻin ibodatlarga mukofot oʻlaroq gunohlarimiz magʻfirat qilinadi, aybu nuqsonlarimiz kechiriladi. Shuning uchun bu oyning avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat, nihoyasi doʻzaxdan najotdir.

Ramazon oyi poklanish oyi ekan, avvalo qalbimizni poklaylik. Agar qalbimiz pok boʻlsa, boshqa aʼzolarning gunoh qilishiga imkon bermaydi. Chunki, qalbi pokiza odamdan doimo yaxshilik umid qilinadi. Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida koʻplab hadisi shariflar ulugʻ ulamolarimizning soʻzlari, madhlari, sheʼrlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqidagi taʼriflarning gultoji Robbil Olamiynning Oʻz kalomida aytgan madhidir. Bu madh turli oyatlarda kelgan. Ushbu oyatdagi taʼrif ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidadir. Yaʼni: Baqara surasining 185-oyatida:

Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar boʻlib, Qurʼon tushurilgandir. Sizdan kim u oyda hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin. Kim bemor yoki safarda boʻlsa, bas, sanogʻi boshqa kunlardan. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas. Sanogʻini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulugʻlashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz”.

Hazrati Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar:

Roʻza Alloh taolo bilan banda oʻrtasidagi bir maxfiy ahdlashuvdir. Alloh taolo hadisi qudsiyda:

Roʻza men uchundir. Uning mukofotini Oʻzim beraman” deydi. Chunonchi, boshqa har turli ibodatning savobini farishtalar yozadilar. Magar, roʻza borasida farishtalar “Bu banda roʻza tutdi” deb yozadilar, xolos. Unga beriladigan savob va mukofotni qiyomat kuni Alloh taoloning Oʻzi beradi.

Bunda bir nozik jihat bor, uni yaxshilab tushunib olaylik, har bir beruvchi oʻzining darajasiga koʻra beradi. Faraz qilaylik, biror tilanchi kelib mendan soʻrasa, men oʻzimning holatimga muvofiq, unga bir soʻm berib yuboraman. Agar ayni shu tilanchi biror mulkdor odamdan soʻrasa, u bir soʻm berishga uyaladi. Ehtimol, u unga ming soʻm berib yuborishi mumkin. Agar ayni shu tilanchi biror mamlakatning podshohidan borib soʻrasa, u ming soʻm berishga uyaladi. U unga yuz ming soʻm berib yuboradi, balki million soʻm berib yuborar. Undan kam bermaydi. Dunyoning buyuk shaxslari oʻzlarining darajasi va holatiga koʻra berganlarida, bu oʻrinda shuni anglab olish lozimki, Alloh taolo ham qiyomat kuni roʻza ibodatiga savob berganda, Oʻzining buyukligiga muvofiq beradi.

Alloh taolo barchamizni Ramazon savoblaridan bahramand aylasin.

Rohat Muhammadshoyeva

Mir Arab oliy madrasasi 3 bosqich talabasi

. .