TARVIYA KUNI VA TAKBIRI TASHRIQ
Muallif: . .
Sana: 14.02.2023
1040

Zulhijja oyining 8-kuniga Tarviya kuni deyiladi. Shu kuni hojilar Makkadan Minoga chiqishadi.

Tarviya deyilishiga sabab oʻsha kuni hojilar Zamzam suvidan qonib-qonib ichishlaridir. Tarviya tafakkur maʼnosida ham qoʻllaniladi. Zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim (alayhissalom) tushlarida oʻgʻillari Ismoilni (alayhissalom) qurbonlik qilayotganlarini koʻradilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy, deya oʻsha kunni tafakkur bilan oʻychan holda oʻtkazadilar. Shunga koʻra, bu kunga Tarviya (tafakkur) deyiladi. Arafa kechasi “Senga buyurilgan narsani ado et!” amri berilgach, bu tushning rahmoniy ekanini anglab yetadilar. Shuning uchun ham mazkur kun “arafa” (bilmoq) deb ataldi. Bu 9-zulhijja boʻlib, boshqa kunlarga arafa deyilmaydi.

Qurbon hayiti Ibrohim (alayhissalom) hamda oʻgʻli Ismoil (alayhissalom) va xotini Hojar onamizning nafs istagi, shayton vasvasasi ustidan qozongan gʻalabalari sifatida tarixda qolgan. Qurbon hayitini qiyomatgacha tarix sahifasidan oʻchmas, hayotimizdagi unutilmas voqea sifatida nishonlashga odat qilganmiz.

Dinimiz Qurbon hayiti kunida biz musulmonlarga baʼzi vojib va sunnat amallarni qilishni buyuradi. Jumladan, arafa kunining bomdod namozidan boshlab hayitning toʻrtinchi kuni asr namozigacha, yaʼni 23 vaqt namoz mobaynida har bir farz namozdan keyin tashriq takbirini aytish vojib amallardan hisoblanadi. Tashriq takbiri ushbudir:

Allohu akbar! Allohu akbar! La ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd!

Ushbu takbirni hoh jamoat bilan, hoh yolgʻiz oʻqilgan har bir farz namozidan keyin aytamiz. Bundan tashqari, yurgan, oʻtirgan paytlarda takbir aytishning zarari yoʻq, balki mustahab amaldir.

Arafa kuni kechasi, yaʼni, hayit kuniga oʻtar kechasini zikru tasbeh va duoyu istigʻfor bilan bedor oʻtkazish mustahab.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon va Qurbon hayitlarining kechasini bedor oʻtkazsa, qalblar oʻladigan (yaʼni, Allohning zik-ridan gʻofil boʻladigan va qotib qoladigan) kunda uning qalbi oʻlmaydi”, deganlar.

Yana bunday mazmundagi hadisi shariflar ham bor: Arafani hurmat qiling! Zero, u Alloh qadrlaydigan kundir”; “Arafa kuni roʻza tutgan kishining ikki yillik – oʻtgan va kelasi yilgi gunohlari kechirilishiga umid qilaman”.

Hayit kunining tongidan gʻusl qilib , xushboʻy atirlar sepib va eng goʻzal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib namozgohga borish, to hayit namozi oʻqilguncha hech narsa yemaslik sunnat amaldir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon hayiti kuni biror narsa yemay namozgohga bormas va Qurbon hayiti kuni toki hayit namozidan qaytgunlaricha hech narsa yemas edilar.

Oʻzining roziligi yoʻlida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni Alloh taolo husni maqbul aylasin!

Manba muslim.uz

. .