BIDʼAT ISHLAR OʻRNAK BOʻLMAYDI!
Muallif: . .
Sana: 14.02.2023
519

Kasb taqozosi bilan elning issiq-sovugʻida xizmatda boʻlamiz. Elchilik, baʼzan toʻy-hasham, baʼzida janoza boʻlib turadi. Shunday paytlarda odamlarimiz dinimizga aloqasi boʻlmagan ancha-muncha udumlarni qilishga urinishadi. Chunki xalq orasida “koʻpdan qolma” degan tushuncha shakllangan. “Hamma shunday qiladi”, “Urf shunaqa”, “Koʻp qatori biz ham...” degan gaplar tez-tez aytiladi. Ammo har ishda ommaga ergashish doim ham toʻgʻri boʻlavermasligi haqida bot-bot takrorlasak yo kishilarni Alloh taolo amr qilgan ibodatlarga chorlasak-da, afsus, “koʻpchilik namoz oʻqimaydi, hamma ayollar ham roʻmol oʻramaydi yoki hamma dindor emas. U dunyoda men ham oʻshalar qatori hisobimni berarman”, qabilida xato fikrlaydiganlar topiladi.

Xoʻsh, har ishda koʻpchilikka ergashish qanchalik toʻgʻri? Bunga dinimiz ulamolari umumiy qilib bunday javob berishgan: “Xato va bidʼat ishlar oʻrnak boʻlolmaydi. Garchi ularni koʻpchilik qilayotgan boʻlsa-da, yanglish toʻgʻri boʻlib qolmaydi. Shuningdek, toʻgʻri va yaxshi amallar doim koʻpchilik bilan boʻlmaydi. Yaʼni, koʻplar toʻgʻri yoʻlni bilmasligi ham mumkin. Bu haqida Allohning kalomi boʻlmish Qurʼoni karimdan quyidagi oyatlarni keltirish oʻrinli:

“Yer (yuzi)dagi koʻp kishilar (soʻzi)ga itoat qiladigan boʻlsangiz, Sizni Alloh yoʻlidan yanglishtiradilar” (Anʼom surasi, 116-oyat); “...odamlarning aksariyati oyatlarimizdan gʻofildirlar” (Yunus surasi, 92-oyat); “Ularning aksariyati faqat gumon ortidan ergashadilar” (Yunus surasi, 36-oyat); “Ularning koʻplari yolgʻonchilardir” (Shuaro surasi, 223-oyat); “...sizlarning koʻplaringiz haqiqatni yomon koʻruvchidirsiz” (Zuxruf surasi, 78-oyat); “Eng toʻgʻri din shu (islom)dir, lekin koʻp odamlar (buni) bilmaslar” (Rum surasi, 30-oyat)...

Tarixga nazar tashlasak, Nuh alayhissalomga ergashib, kemasiga chiqib qutilganlar, kemaga chiqmay halok boʻlganlarga qaraganda juda oz edi (Hud surasi, 40-oyat). Demak, imon keltirib, toʻgʻri va solih amal qiluvchilargina najot topadi. Fursat esa kutib turmaydi.

Abdulaziz ABDULLAYEV,

Qamashi tumanidagi “Chim” jome-masjidi imom-xatibi

Manba muslimuz

. .