JAHON ILM-FANIDA OʻCHMAS IZ QOLDIRGAN BESh MUSULMON ALLOMA
Muallif: . .
Sana: 06.02.2023
343

Oʻtmishga nazar tashlasak, islom olamining turli burchaklarida ilm-fan taraqqiy etib, texnologiyalarda katta burilishlar amalga oshirilgani, ilmiy markazlar ommaviy ravishda ochilganini koʻrish mumkin. Islam.ru sayti yozishicha, keyinchalik bu Gʻarb mamlakatlarida ilmiy gʻoyaning rivojlanishiga turtki bergan.

Bugungi ilm-fan taraqqiyotining shu darajaga yetishiga musulmon olamining koʻplab olimlari katta hissa qoʻshishgan shulardan ayrimlari haqida soʻz yuritsak.

Al-Xorazmiy

Muhammad Ibn Muso Al-Xorazmiy ( yashagan yillari taxminan 783-850) ni mubolagʻasiz algebraning asoschisi deb atashadi. Aynan u birinchi boʻlib nol raqamini ishlatib, algebrani chiziqli va kvadrat tenglamalarni yechishning umumiy usullari haqidagi mustaqil fan sifatida kiritdi va bu tenglamalarning tasnifini berdi. U sinus, kosinus, tangens va kotangens funksiyalarini oʻz ichiga olgan batafsil trigonometrik jadvallarni ishlab chiqdi.

Al-Xorazmiy asarlari arab tilidan lotin tiliga, soʻngra yangi Yevropa tillariga tarjima qilingan. Ular asosida matematikadan turli darsliklar yaratildi. Al-Xorazmiy asarlari Uygʻonish davri fanining shakllanishida muhim rol oʻynadi va Sharq va Gʻarb mamlakatlarida oʻrta asr ilmiy tafakkurining rivojlanishiga samarali taʼsir koʻrsatdi.

Bu musulmon ilm-fan mashʼali, birinchi navbatda, matematika tarixida muhim rol oʻynagan “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr val-muqobala” (“Aljabr va almuqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) bilan tanilgan. Ushbu Al-Jabr asari nomidan “algebra” atamasi paydo boʻldi.

Jobir ibn Hayyon

Jobir ibn Hayyon (yashagan yillari taxminan 721-815) zamonaviy kimyoning otasi hisoblanadi. Jobir Ibn Hayyondan oldin kimyo sohasi hunarmandchilikning bir boʻlagi sifatida qaralgan. Ammo Ibn Hayyan kimyoni rivojlantira oldi va uni oʻsha boshlangʻich darajadan eng yuqori darajaga koʻtardi. Bunga ulkan ilmiy ish va koʻplab kuzatuvlar tufayli erishildi. Shuningdek, u kimyoviy moddalar ishlab chiqarish va ularning oʻzaro taʼsirining asosiy qoidalarini oʻrnatdi, Shuning uchun Jobir Ibn Hayyon, shubhasiz, barcha kimyogarlarning ustozi (shayxi) hisoblanadi.

Shunday qilib, u ilmiy tajribalar natijasida koʻplab kislotalarni aniqlashga muvaffaq boʻldi. U oʻz laboratoriyasida haydab ajratib olish, eritish, kristallanish, distillash, tozalash, oksidlanish, bugʻlanish, filtrlash jarayonlarini doimiy ravishda takomillashtirdi; sulfat kislota ishlab chiqarish uchun reaksiyalarni amalga oshirdi; spirtlar, metallar va minerallarning tasniflarini ishlab chiqa boshladi. Jon Daltonning kashfiyotidan oʻn asr oldin Jobir elementlar orasidagi bogʻlanish sifatida kimyoviy bogʻlanishlar tasvirini yaratdi.

Bugungi kunda zamonaviy asbob-uskunalar, jihozlangan laboratoriyalar mavjudligi bilan bir ming ikki yuz ellik yildan koʻproq vaqt oldin Jobir oʻz davridan ilgarilab ketgan olim boʻlganligi ayon boʻladi.

Az-Zahraviy

Abul Qosim az-Zahraviy (Abulqossis) (936-1013) oʻrta asrlarning eng buyuk jarrohi sifatida shuhrat qozongan. Oʻsha davrda hech kim jarrohlik sanʼati va undagi innovatsiyalar boʻyicha undan oʻzib ketmadi. Rus olimi I.Pirogovni behushlik kashshofi deb hisoblansa, az-Zahraviyni “ketgut”ni (jarrohlik ipi) qorin boʻshligʻi jarrohligida va teri osti choklari uchun birinchi boʻlib ishlatgan jarroh deb bilishadi.

Ketgut – bu jarrohlik ipi boʻlib, u oxir-oqibat inson tanasiga izsiz kirib boradi, chunki uning tarkibi organikdir.

Az-Zahraviy kichik tos boʻshligʻidagi operatsiyalar paytida yotgan holatdan foydalanishni birinchi boʻlib joriy qildi (keyinchalik bu klassik usulga aylandi). U hozirda sil suyagi shikastlanishi deb ataladigan narsani tasvirlab berdi va kataraktni olib tashlash operatsiyasini (az-Zahraviy atamasi) Gʻarb koʻz jarrohligiga kiritdi. Bu musulmon jarroh kataraktni olib tashlashning butun tartibini chizmalarda tasvirlab bergan va taqdim etgan yagona muallif boʻlgan va shunday boʻlib qoladi. Ilgari, bu juda oddiy operatsiyaning sirlari faqat tanlanganlarga berilgan.

Az-Zahraviy yangi (150 dan ortiq) jarrohlik asboblarining muallifi boʻlgan. U shpris, qisqich, jarrohlik ilgagi va ignasi hamda suyak arrasini ixtiro qilgan. U yaratgan koʻplab vositalar zamonaviy tibbiyotda ham qoʻllaniladi.

Az-Zahraviyning “Kitob at-tasrif” deb keng tanilgan ensiklopedik asarida 30 jild mavjud boʻlib, unda uning butun hayotining tajribasi umumlashtirilgan. Ushbu ensiklopedik asar oʻrta asr Yevropasi jarrohlarining stol usti kitobiga aylandi, qayta-qayta koʻchirib yozildi va nashr etildi va besh asr davomida jarrohlik boʻyicha asosiy darsliklardan biri boʻldi.

Al-Haysam

Ibn Al-Haysam (965-1039) – Yevropada Alhazen sifatida tanilgan optika asoschisi. Olim Evklidning yorugʻlik tabiati haqidagi tadqiqotlarini davom ettirdi. Undan oldin qadimgilarning optikasi yorugʻlik hodisalarining eng oddiy empirik qonunlarini bilar edi: yorugʻlikning bir hil muhitda toʻgʻri chiziqli tarqalish qonuni; oyna yuzalaridan yorugʻlik aks ettirish qonuni; ikki shaffof muhit chegarasida nur sinishi hodisasi.

Qadimgi Rim tibbiyot olimi Galenga ergashib, Al-Haysam koʻzning tuzilishini oʻrganib chiqdi va Platon va Evklidning inson qarashlari haqidagi gʻoyalarining nomuvofiqligini isbotladi. Al-Haysam binokulyar koʻrish (ikki koʻz bilan koʻrish) konsepsiyasini ishlab chiqdi. U birinchi boʻlib koʻrish hodisasini obyektlardan koʻzga kiradigan nurlar obyektiv ichida tasvir hosil qilish jarayoni sifatida tushuntirdi, u birinchi boʻlib koʻz qismlariga nom berdi (“muguz parda”, “koʻz gavhari”, “shishasimon tana” va boshqalar). Koʻz gavhari modellarini billur va shishadan yasab, u bikonveks linzalari yordamida koʻrishni tuzatish gʻoyasini ilgari surdi va keksalikda oʻqiyotganda (koʻzoynak!) ulardan foydalanishni taklif qildi.

Ibn Al-Haysam havoning tortishish tushunchasini ilmiy aylanmaga kiritdi, havo zichligini balandlik bilan bogʻladi. Undan keyin olimlar yorugʻlik sinishi muammolari bilan shugʻullana boshladilar. Biroq 17-asr boshlariga qadar optik fan sohasida katta kashfiyotlar boʻlmagan.

Al-Haysam tomonidan yozilgan “Kitab al-Manazir” (“Optika toʻgʻrisida risola”) kitobi Yevropa va Sharq mamlakatlari uchun optika sohasida 600-yil davomida asosiy qoʻllanma vazifasini bajardi.

Al-Jazariy

Abu Al-Izz Ismoil ibn Al-Razzoz al-Jazoriy (1206-yilda vafot etgan) astronom, matematik va mexanik ixtirochi, “Arab dunyosining da Vinchisi” nomiga musharraf boʻlgan muhandislikning eng buyuk dahosi.

Aynan al-Jazoriy gʻildirak ixtiro qilinganidan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan mexanikaning eng muhim ixtirolaridan biri, hali ham zamonaviy mashinalarning asosiy tarkibiy qismlaridan biri boʻlmish – tirsakli val muallifi hisoblanadi.

Uning “Aqlli mexanik qurilmalar haqida bilimlar kitobi” (“Kitob fi maʼrifat al-xiyal al-xandasiyya”) risolasida 50 ga yaqin mexanizmlarning konstruksiyasi, shu jumladan soatlar, kombinatsiyalangan qulflar va robotlar tasvirlangan. Aslini olganda u kibernetika asoslarini yaratdi. U toʻrtta gumanoid robot yasadi, ularni qayiqqa qoʻydi va baraban va zang chalishga majbur qildi. Shuningdek, u musiqa avtomatlari, kodli qulflar, ikki taktli klapan nasoslari, suv koʻtarish mashinalari, suv soatlari, favvoralarni yaratdi.

Shuningdek Al-Jazoriy yogʻochni laminatsiyalash, masshtabli modellardan foydalanish (olim ularni qogʻozdan yasagan), harakatlanuvchi qismlarni korund yordamida detalga ishlov berish, metall eshiklar, barcha kengliklar uchun universal quyosh soati bilan gibrid kompas va boshqalar kabi texnologik yangiliklarning muallifi hisoblanadi.

Internet materiallari asosida tayyorlandi.

Manba muslim.uz

. .