UMMATNING ENG AFZALI – ABU BAKR SIDDIQ ROZIYALLOHU ANHU
Muallif: . .
Sana: 25.01.2023
6564

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Odamlarning qay biri yaxshi?” – deb soʻrashdi. Shunda u zot: “Mening zamondoshlarim. Soʻng keyingilar, soʻng keyingilar”[1], – dedilar”. Musulmon ummatining eng yaxshi asri ilk uch asr ekanini hamma bir ovozdan taʼkidlagan. Ana shu uch asr musulmonlari “salafi solih”, yaʼni “oʻtgan solihlar” deb nomlanadilar. Sahobalar, tobeinlar va tabaʼ tobeinlardan iborat bu uch avlod musulmonlari davrida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida aytgan bashoratlari yuzaga chiqdi. Salafi solihlar Islomni oʻz hayotlariga mukammal tatbiq qildilar. Ular har bir masalada kelajak avlodlar uchun toʻliq namuna boʻladigan ishlarni amalga oshirdilar. Buning uchun ularning ikki ustunliklari bor edi. Birinchisi – Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqinliklari, ikkinchisi – arabiy tabiatlarining sofligi.

Salafi solihlarimiz shariatning barcha sohalarida: ham eʼtiqodiy, ham amaliy - fiqh, ham axloqiy-tasavvuf sohalarida kattayu kichik barcha masalalarni Qurʼoni karim va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida, ijmoʼ va qiyosni ishga solgan holda hal qildilar va ularga yechim topish usullarini toʻlaqonli va tartibli qoidalar bilan asosladilar. Keyingi avlod musulmonlariga oʻsha manbalar asosida oʻz hayotlarida paydo boʻladigan yangi masalalarni hal qilish qoldi, xolos.

Shuning uchun ham, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning bashoratlari ila voqelikda Islom ummatining afzali boʻlmish salafi solihlarimizni, xususan, ularning gultoji boʻlmish sahobai kiromlarni barcha davr va makon musulmonlari eʼzozlamoqlari lozim. Ularning muborak hayotlarini yaxshilab oʻrganib, ulardan oʻrnak olmoqlari kerak. Quyida birinchi xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu haqida qisqacha maʼlumotlar beramiz.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu 11 yil 13 rabiul avvaldan 13 yil 21 jumodul oxiri/632-yil 7-iyundan 634-yil 21-avgustgacha musulmonlarga xalifalik qilgan[2].

Abu Bakr Siddiq kunyasi ismidan mashhur boʻlib ketgan shaxslardan biridir. Abu Bakr – u kishining kunyasi boʻlib, ismi Abdullohdir. Baʼzi rivoyatlarda aytilishicha, uning avvalgi ismi Abdulkaʼba (Kaʼbaning quli) boʻlgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ismni Abdullohga almashtirgan ekanlar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning otasi ham kunyasi bilan, yaʼni Abu Quhofa nomi bilan shuhrat topgan, asl ismi esa Usmon boʻlgan[3].

Abu Bakr roziyallohu anhuning eng mashhur laqabi Siddiqdir, yaʼni oʻta ishonchli, haqiqatgoʻy, sodiq, doʻst. Ushbu laqabni olishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir amallarini tasdiqlashga har doim shoshib turganlari, bundan tashqari, yuqorida ham keltirilganidek, Isro va Meʼroj hodisasini hech qanday taraddudsiz, darhol tasdiqlagani sabab boʻlgan.

Abu Bakr roziyallohu anhuga bayʼat qilinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin ansoriylar Madinai munavvarani boshqarib turish uchun Madina ahlidan xalifa tanlash kerakligini mulohaza qildilar. Musulmonlarni iqtidorli odam boshqarishi lozim edi. Aks holda, Madina tahdid ostida qolishi turgan gap edi. Shuning uchun Banu Soidaning majlisxonasiga toʻplanib, oʻzaro maslahat qilishdi. Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhuni xalifa qilib saylamoqchi boʻldilar. Bundan xabar topgan Abu Bakr, Umar, Abu Ubayda ibn Jarroh va boshqa muhojirlar ularning oldiga borishdi. Ular: “Bizdan bir amir, sizdan bir amir”, – deyishdi. Umar roziyallohu anhu gap boshlagan edilar, Abu Bakr u kishini toʻxtatdilar.

Soʻng Abu Bakr gapirdilar: “Ey Saʼd, esingdami, sen ham oʻsha yerda oʻtirganding. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Quraysh bu ishning egalaridir...” – deganlar”[4].

Saʼd ibn Uboda: “Toʻgʻri aytdingiz! Bizlar (ansorlar) vazirlarmiz, sizlar (muhojirlar) esa amirlarsiz”, – dedi. Abu Bakr: “Umarga yoki Abu Ubaydaga bayʼat qilinglar!” – dedi. Umar: “Yoʻk! Sizga bayʼat qilamiz. Siz sayyidimiz, eng yaxshimiz va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eng mahbubimizsiz”, – dedi va oldinga chiqib, u kishining qoʻllaridan tutgan holda bayʼat qildi. Keyin oʻsha shiyponda turganlarning hammasi u kishiga bayʼat qilishdi.

Ridda urushlari. Abu Bakr Siddiqning ilk xalifalik davrida ayrim arab qabilalari Islomdan qaytib, murtad boʻlishdi. Oʻsha vaqtda baʼzi arablar Islomdan yuz oʻgirib, yana butu sanamlarga ibodat qilishga, mushriklikka qayta boshlashdi.

Ikkinchi bir guruh, tarixchilarning taʼkidlashicha, Makka, Madina va Toifdan boshqa taraflardagi ayrim kishilar turli shakllarda Islomdan qaytdi.

Uchinchi bir guruh esa, Islomning hamma shartlarini bajarib turib, faqat zakot berishdan bosh tortishdi[5].

Banu Abs va Banu Zubyon ishi. Najd tarafdan boʻlgan Abs va Zubyon qabilalari Madinai munavvaraga hujum qilish niyatida uning yaqinidagi Abraq va Zulqissa nomli joylarga kelib tushishdi. Ularga Banu Asad va boshqalar ham qoʻshilishdi. Ular Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga elchilar yuborishdi va namoz bilan kifoyalanib, zakotni bekor qilishni talab qilishdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ularning bu takliflarini qabul qilmadilar. Elchilar noumid boʻlib qaytishdi.

Zakotni man qiluvchilarning elchilari qaytib borib, boshliqlariga boʻlgan gaplarni hamda Madinada odam ozligining xabarini yetkazishdi. Ular shaharga qarab yurish boshlashdi. Qoʻriqchilar Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga odam yuborib, dushman bostirib kelayotganining xabarini berishdi. U kishi musulmonlarni tuyalarga mindirib, olib chiqdilar. Dushman qocha boshladi. Musulmonlar ularni Zuxushubgacha quvib bordilar. Oʻsha yerda dushmanlar puflab shishirilgan katta meshlarni musulmonlar tomonga dumalatishdi. Tuyalar meshlardan qoʻrqib, ortga qarab qocha boshladi. Ammo Allohning fazli ila musulmonlardan hech kim tuyadan yiqilmadi va orqaga qaytdilar.

Kechasi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bildirmasdan, dushman ustiga bostirib bordilar. Ular musulmonlar oʻz ustida turganini koʻrib, sarosimaga tushib, tum-taraqay boʻlib qochdi. Tong otganda yaqin orada birorta ham dushman qolmagan edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu lashkari bilan ularni Zulqissagacha quvib bordilar.

Keyin Ridda degan joyga borib, u yerdagi murtadlarga qarshi jang qilib, yengdilar. Banu Zubyon qabilasini ham qoʻlga oldilar va u yerni musulmonlarning hayvonlari uchun qoʻriqxonaga aylantirdilar[6].

Abu Bakr amalga oshirgan ishlar. Qurʼonning jamlanishi. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlik chogʻlarida “yana vahiy tushib qolar”, degan umidda Qurʼon jamlanib, kitob shakliga keltirilmagan edi. U zotning vafotlaridan keyin Qurʼon kishilarning qalbida va yozgan narsalarida qoldi. Abu Bakr roziyallohu anhu davrida dindan qaytgan murtadlar bilan musulmonlar orasida boʻlib oʻtgan qattiq janglarda Qurʼonni toʻliq yod olgan koʻplab qorilar shahid boʻldilar. Birgina Yamomada Musaylima Kazzobga qarshi boʻlib oʻtgan jangda 70 sahobai kirom shahid boʻldi. Shunda hazrat Umar hazrat Abu Bakrga: “Alloh u zotlardan rozi boʻlsin. Qorilar oʻlib ketaversa, Qurʼonga zarar yetishi mumkin. Shuning uchun uni kitob shakliga keltirib, jamlab qoʻyish kerak”, degan maslahatni berdilar. Avvaliga hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu ikkilanib turdilar, chunki bu ish Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida qilinmagan edi. U kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni men qanday qilib qilaman?!” – deb turib oldilar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham qatʼiy turib: “Allohga qasamki, bu xayrli ish”, – deya Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning ortidan qolmay yuraverdilar. Keyinroq, Abu Bakr ham Qurʼonni kitob shakliga keltirib qoʻyish zarur ekanini anglab yetdilar va Zayd ibn Sobitni chaqirib, bu ishni unga topshirdilar, chunki Zayd ibn Sobit Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan juda koʻp birga boʻlgan, Qurʼonni eng yaxshi yod olgan va uni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozib borgan, Paygʻambarimiz oxirgi Ramazon oyida Jabroil farishtaga Qurʼonni boshidan to oxirigacha oʻqib berganlarida ham u zotning yonlarida birga boʻlgan edilar.

Zayd ibn Sobit, Umar ibn Xattob roziyallohu anhular va boshqalar Qurʼoni karimni puxta yod bilishlariga qaramay, bu buyuk ishning mustahkam, ishonchli boʻlishini koʻzlab, Masjidi Nabaviyda: “Kimning koʻlida yozilgan Kurʼon boʻlsa va uning Paygʻambarimiz huzurlarida yozilganiga ikkita guvohi boʻlsa, bizga olib kelsin. Qurʼonni jam qilishga xalifaning buyrugʻi boʻldi”, deb eʼlon qilishdi. Ikkovlari masjidda oʻtirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan bir yildan ortiq vaqt davomida Kurʼonni jamlab berishdi. Shunday qilib, Zayd va Umar roziyallohu anhu mashaqqatli mehnatlardan soʻng Qurʼonni kiyik terisidan ishlangan sahifalarga yozib tugatishdi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu oʻsha sahifalarni “Musʼhaf” deb nomladilar. Musʼhafni belidan bogʻlab, Abu Bakrning uylariga qoʻyib qoʻyishdi[7]. Bu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida amalga oshirgan eng ulugʻ ishlardan biri boʻldi.

Hazrat Abu Bakrning vafoti. Hijriy 13 yil jumodul oxir oyining 8-kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu isitma kasaliga chalindilar. Xastalik tobora zoʻraya bordi[8].

U zot hijriy 13 yil jumodul oxir oyining 21-kuni, milodiy 634-yilning 21-avgust kuni vafot etdilar.

Navoiy viloyati “Mirxalil Maydon ota” jome masjidi imom-xatibi Mansurjon Boboyev

[1] Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. –Toshkent: Sharq, 2011. B 24

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. Toshkent –Hilol-nashr, 2018. B 34

[3] Mahmud Shokir. Tarixi islomiy. –Maktabi islomiy, 1991. B 16

[4] Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. –Toshkent: Sharq, 2011. B 37

[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. –Toshkent: Hilol-nashr, 2018. B 56

[6] Mahmud Shokir. Tarixi islomiy. –Maktabi islomiy, 1991. B19

[7] Mahmud Shokir. Tarixi islomiy. –Maktabi islomiy, 1991. B 21

[8] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. –Toshkent: Hilol-nashr, 2018.B 47

Manba muslim.uz

. .