QORIMIZ XALQARO QURʼON MUSOBAQASIDA QATNASHISH UCHUN JOʻNAB KETDI
Muallif: . .
Sana: 04.02.2023
255

Joriy yilning 4-8-fevral kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida 29-xalqaro Qurʼoni karim musobaqasi boʻlib oʻtadi. Unda 58 ta arab va islom davlatlaridan 108 nafar qori ishtirok etadi.

Kuni kecha ushbu musobaqada Oʻzbekiston nomidan ishtirok etish uchun Toshkent shahar “Mirbobo ota” jome masjidi imomi noibi Aʼloxon qori Nuriddinov Misr Arab Respublikasiga joʻnab ketdi. Aʼloxon qori Osim qiroatining Hafs va Shoʻba rivoyatlarida Qurʼoni karimni oʻqish va oʻqitish boʻyicha ijoza sohibidir.

Musobaqa quyidagi 4 yoʻnalishda oʻtkaziladi:
– Qurʼoni karimni tajvid qoidasi asosida toʻliq yodlash bilan birga Kalomullohning lugʻaviy maʼnolarini ham bilish;
– Qurʼoni karimni toʻliq yoddan tilovat qilib berish bilan birga Kalomulloh maʼnolarining tarjimasi va unga oid ilmlarni tadbiq etish qoidalarini bilish;
– Qurʼoni karimni yetti xil qiroatda yoddan oʻqib berish va mazkur qiroatlar qoidalarini bilish;
– Qurʼoni karimni tajvid qoidasi asosida yoddan oʻqib berish.

Alloh taolodan qorimizga nufuzli musobaqada muvaffaqiyat va omadlar tilab qolamiz.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar boʻlimi

Manba muslim.uz

. .