OSMON VA YERNI NURGA TOʻLDIRUVCHI SURA
Muallif: . .
Sana: 08.02.2023
414

Bismillahir Rohmanir Rohim

Kahf surasi Qurʼoni karimning oʻn sakkizinchi surasi boʻlib, u Makkada nozil boʻlgan, bir yuz oʻn oyatdan iborat. Suraning yetmish bir oyati qissalardan iborat. “Kahf” soʻzi “gʻor” maʼnosini anglatadi. Uning bunday nomlanishiga sabab, undagi asosiy qissa qahramonlari yosh yigitlar oʻz zamonidagi zolim podshoh barcha iymonli kishilarni butparast boʻlishga majbur qilgan vaqtda uning zulmidan qochib, iymonlarini saqlash maqsadida gʻorga kirib oladi va oʻsha yerda ilohiy moʻjiza sodir boʻladi.

Ular Allohga tavakkul qilib: “Ey, Robbimiz! Bizlarga oʻz huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni Oʻzing toʻgʻrilagin!” deb duo qilishadi. Ularning duosi ijobat boʻlib, ular gʻorda uch yuz yil uxlatib qoʻyiladi va muhofaza qilinadi.

Alloh taolo surada gʻor egalarini uzoq yillik uyqudan turgizganidek, qiyomat kunida ham barchani qayta tiriltirishi haq ekanini odamlarga xabarini berish uchun ushbu qissani ibrat qilib keltiradi. Shu bilan birga, har bir zamonda iymon ahli bardoshi yetadigan sinovga uchrashi, kofirlar esa vaqtincha ulardan ustun kelishi mumkinligini tushuntiradi. Bu qissa orqali iymon ahlining iymoni ziyoda boʻlishi, Allohdan oʻzgaga ibodat qilmasligi, hayotida duch keladigan qiyinchiliklarga bardosh bersa, Alloh unga nusrat berishi va najot topishi xabari beriladi.

Surada yana ibrat olish uchun ikki bogʻ egasi hayotidan namuna keltiriladi. Undan ibrat shuki, bizga berilgan har bir neʼmat uchun Alloh taologa doimo hamd aytishimiz, unga shukr qilishimiz, berilgan neʼmatlar Allohning fazli ekanligi va har bir ish Allohning hohishi bilan amalga oshishishini anglab yetmogʻimiz lozim.

Keyingi qissada Muso alayhissalom va solih banda haqida bayon qilinadi. Bu qissadan bizga eng goʻzal fazilatlardan biri sabrli boʻlish naqadar ulugʻ hikmat ekani, shuningdek, ilm olish va maʼrifatli boʻlishga doimo intilish, bu yoʻlda bor imkoniyatni ishga solish lozimligini oʻrgatadi. Har bir inson bu dunyoda oʻzidan afzal boʻlgan boshqa ilmli, tajribali, quvvatli, taqvodor, Allohning xos bandalari borliginini anglashi lozim.

Navbatdagi qissada Alloh taoloning marhamati bilan butun dunyoni oʻz hukmida tutish sharafiga muyassar boʻlgan, sharq va gʻarbga hukmronlik qilgan odil va oqil podshoh Zulqarnayn qissasi bayon qilinib, unga butun yer yuziga hukmronlik, ilm va hikmat berilgani, barcha narsaga erishish uchun sabab yoʻllari berib qoʻyilgani, uning fath yurishlari, zolimlarni jazolab, iymonli xalqlarga yordam bergani, Yaʼjuj va Maʼjuj qavmi yer yuzida buzgʻunchilik qilmasligi hamda ularni yoʻlini toʻsish uchun temir va mis qorishmasidan iborat ulkan devor qurgani zikr qilingan. Bu qissada har bir rahbar va amaldorlar qanday sifatga ega boʻlishi kerakligiga javob beriladi.

Kahf surasining fazilati toʻgʻrisida hadislarda bunday bayon qilingan. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: «Kim Kahf surasining avvalidan oʻn oyatini yodlasa, Dajjol (yomonligi, fitnasi)dan saqlanadi», (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziylar rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda: “Kim «Kahf” surasining oxiridan yodlasa, Dajjoldan saqlanadi», deyilgan.

Sahl ibn Muoz ibn Anas Juhaniydan, u kishi otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Kahf surasining avvali va oxirini oʻqisa, oyogʻidan boshigacha nurga koʻmiladi (nurli boʻladi). Kim uni toʻliq oʻqisa, uning uchun osmon bilan yer masofasicha nur paydo boʻladi (porlaydi)», dedilar (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy rivoyati).

Abu Saʼiyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim «Kahf” surasini Juma kechasida qiroat qilsa, unga ikki juma orasicha nur ziyo sochadi», dedilar (Imom Hokim, Imom Bayhaqiy rivoyati).

Boshqa rivoyatda: “U bilan Baytul Atiyq orasicha nur ziyo sochadi”, deyilgan.

Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Abu Isʼhoq quyidagilarni aytadi: Al-Barrosning quyidagilarni aytayotganini eshitdim: «Bir kishi Kahf surasini oʻqidi. Hovlida hayvon bor edi. Hayvon bezovta boʻla boshladi. Odam qarasa, uni bulut oʻrab turibdi. Boʻlgan hodisani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergan edik, u zot: “Ey falonchi, oʻqiyver, u Qurʼon tilovati uchun tushgan sakiynadir”, dedilar.

Hofiz Abu Bakr ibn Murdavayh Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasini juma kuni oʻqisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, dedilar. Kim har juma kuni Kahf surasini tadabbur bilan oʻqisa, unga amal qilsa dunyo va oxirat yaxshiligiga musharraf boʻladi.

“Kahf” surasini tez-tez oʻqib turish va oyatlari maʼnosini tafakkur qilish orqali har bir inson hayoti davomida uchrashi mumkin boʻlgan turli xil fitnalardan chetda boʻladi, berilgan barcha neʼmatlarni Allohning fazlidan deb biladi. Ushbu neʼmatlar shukrini banda Alloh taologa doimiy hamd aytish va unga ibodat qilish bilan ado etishi mumkin. Alloh taolo yana bir oyatda “Agar berilgan neʼmatlarga shukr qilsangiz, neʼmatlarimni ziyoda qilib beraman” deb marhamat qiladi. Suradagi ibratli qissalarni oʻrganib chiqqanimizdan keyin Alloh taolo surani bejizga hamd aytish bilan boshlamagani hikmati ayon boʻladi.

“Tafsiri hilol”, “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri”,

“Qurʼoni azim muxtasar tafsiri” asosida Dilshod MUHAMMAD ALI tayyorladi.

Manba muslimuz

. .