Yaqin yillardan beri baʼzilar tomonidan: ““Juma ayyomingiz muborak boʻlsin”, “Juma muborak” deyish mumkin emas, chunki, juma kuni qiyomat kuni boʻladi, qachonki biz mahshargohdan oʻtib jannatda yigʻilganimizdagina “juma muborak boʻlsin”, deb aytamiz. Juma bilan tabriklash bidʼat, chunki, Paygʻambar alayhissalom va sahobalar bir-birlarini juma bilan tabriklamagan” degan har xil gap-soʻzlar tarqalib qoldi. Bu gap-soʻzlarga qisqa javob shuki, moʻmin-musulmonlar oʻzaro bir-birlariga sogʻliq-salomatlik tilab, Juma kuni bilan tabriklashlari muboh (savob ham, gunoh ham boʻlmaydigan) amallardandir.
Chunki juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha oyati karima va hadisi shariflardan koʻzlangan maqsadga muvofiq keladi hamda umumiy shariat qoidalariga toʻgʻri keladi. Quyida ularni bayon qilamiz:
Birinchidan, Alloh taolo Qurʼoni karimda shunday deydi:
ﻭَﻗُﻮﻟُﻮﺍ ﻟِﻠﻨَّﺎﺱِ ﺣُﺴْﻨًﺎ
yaʼni: “Odamlarga shirin soʻz boʻling” (Baqara surasi 83-oyat).
Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi sharifda shunday deganlar:
"والكلمة الطيبة صدقة"
(متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
yaʼni: “Yaxshi gap sadaqadir” (Muttafaqun alayh).
Demak, musulmonlar bir-birlarini juma kuni bilan tabriklab, yaxshi tilaklarni aytishlari mazkur oyati karima va hadisi shariflardagi shirin soʻz va yaxshi gaplarni gapirishga boʻlgan targʻibning mazmuniga toʻgʻri keladi.
Juma kuni bilan tabriklab, muborakbod qilish bir qancha asrlardan beri musulmonlar orasida odat tusiga aylanib, bu sababli musulmonlar bir-birlarini xursand qilib kelmoqdalar. Mana shunday oʻzaro xursandchilikka sabab boʻladigan amalni nimasi bidʼat boʻladi. Vaholanki, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida bunday degan boʻlsalar:
"أحبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سُرُورٌ يدْخِلُهُ على مسلمٍ"
(رواه الإمام ابن حبان والإمام الطبراني عن جابر بن عبد الله رضي الله عنه)
yaʼni: “Alloh taologa eng yaxshi amal – musulmonning qalbiga xursandchilik kirgazishdir” (Imom Ibn Hibbon va Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, mana shu hadisga amal qilgan holda, musulmon kishining qalbiga xursandchilik kirgizish maqsadida juma kuni bilan tabriklashimiz mumkin boʻladi. Qolaversa, buyuk sahobiy Ibn Masʼud raziyallohu anhu bir ajoyib soʻzni aytganlar:
ما رأى المسلمون حسنا فهو عند الله حسن، وما رآه المسلمون سيئا فهو عند الله سيء
(رواه الإمام الحاكم في المستدرك)
yaʼni: “Musulmonlar yaxshi koʻrgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yaxshidir, musulmonlar yomon koʻrgan narsa – Alloh taolo nazdida ham yomondir” (Imom Hokim rivoyatlari).
Mana shu purmaʼno gapga binoan ham juma kuni bilan oʻzaro muborakbod etish va yaxshi tilaklar tilashimiz mumkin boʻladi.
Ikkinchidan, Juma kuni bilan tabriklash – oʻzaro duo qilish va bir-biriga yaxshi tilaklar aytishdir. Qurʼoni karim va hadisi shariflarda duo qilishga boʻlgan targʻib biror-bir qaydsiz mutlaq kelgan. Jumladan, Alloh taolo duo qilish haqida Qurʼoni karimda shunday marhamat qilgan:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ
فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
yaʼni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda soʻrasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (daʼvatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) toʻgʻri yoʻlga tushib ketsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).
Ushbu oyatdagi duo maxsus bir duoga qaydlanmasdan umumiy boʻlganidan keyin, musulmon kishining boshqa birodariga “juma kuningiz muborak boʻlsin” degan duosi ham mazkur oyati karimaning mazmuniga muvofiq kelaveradi. Agar ushbu oyat maxsus duolarni oʻz ichiga oladi, juma bilan tabriklashdagi duoni oʻz ichiga olmaydi desak, mutlaq (qaydsiz) kelgan oyatni qaydlab qoʻygan boʻlamiz. Bu esa hanafiy mazhabimizdagi usul qoidalarga toʻgʻri kelmaydi.
Qolaversa, bizni har bir duoimiz va yaxshi tilaklarimizning lafziga muvofiq albatta Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan biror hadis yoki sahobalardan biror rivoyat topilishi shart emas. Bunday qoida shariatimizda yoʻq. Balki, yuqorida zikr qilingan umumiy bir qancha dalillar mavjud, ular oʻz ichiga koʻplab amallarni qamrab oladi. Shunday ekan, Paygʻambarimiz alayhissalom va sahobalarning bir ishni qilmaganlarining oʻzginasi, uni man qilish uchun dalil boʻlmaydi.
Uchinchidan, Qurbon va Ramazon hayiti kunlari bilan tabriklash, shuningdek, yangi kiyim kiyganda, kishining tavbasi qabul boʻlganda, haj ibodatini tamomlaganda, nikoh aqdi tuzilganda, farzand dunyoga kelganda tabriklash haqida bir qancha hadis va rivoyatlar mavjud. Ammo juma kuni bilan tabriklash haqida sarohatan (ochiq-oydin) hadis yoki rivoyat kelmagan. Mana shunday oʻrinlarda shariat qonun-qoidalarini yaxshi oʻrgangan ulamolarimiz bir qoida ishlatadilar: “dalili bor narsaga dalil kelmagan narsani qiyos qilish (taqqoslash)”. Bu qoidani ishlatish uchun ikkita shart topilishi kerak. Birinchisi, qiyos qilinayotgan amalning shariatga zid joyi boʻlmasligi kerak. Ikkinchisi esa, dalili kelgan amal bilan dalili yoʻq amalni bajarishdan maqsad bir boʻlishi kerak. Shunday ekan, yuqoridagi Qurbon va Ramazon hayitlari bilan tabriklash kabi dalili kelgan amallarga juma kuni bilan tabriklash amalini qiyos qilinadi. Chunki barchasidan maqsad bir, u ham boʻlsa – musulmonning qalbiga xursandchilik solishdir.
Qolaversa, Juma kuni kunlarning eng yaxshisi ekani haqida Paygʻambarimiz shunday deganlar:
"خَيْرُ يَوْمٍ طَلَعَتْ عَلَيْهِ الشَّمْسُ يَوْمُ الْجُمُعَةِ فِيهِ خُلِقَ آدَمُ وَفِيهِ أُدْخِلَ الْجَنَّةَ وَفِيهِ أُخْرِجَ مِنْهَا"
(رواه مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)
yaʼni: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi jumadir! U kuni Odam yaralgan, u kuni jannatga kiritilgan, u kuni jannatdan chiqarilgan, qiyomat ham juma kunidadir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Shuningdek, Juma kuni musulmonlarning hafta ichidagi bayramlari hisoblanadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"إن هذا يوم عيد جعله الله للمسلمين، فمن جاء الي الجمعة فليغتسل، وإن كان عنده طيب فليمس منه، وعليكم بالسواك" ( اخرج إبن ماجة عن إبن عباس رضي الله عنه)
yaʼni: “Albatta bu (juma kuni) bayram kunidir. Alloh uni musulmonlar uchun (bayram) qilgan. Shunday ekan, kim jumaga yetsa, gʻusl qilsin. Agar unda xushboʻylik boʻlsa, undan sepib olsin va misvokni lozim tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Hazrati Umar raziyallohu anhu ham Juma kunini haftalik bayram ekani haqida bunday deganlar:
“يوم جمعة، ويوم عرفة، وكلاهما بحمد الله لنا عيدٌ” (رواه الطبري في جامع البيان).
yaʼni: “Allohga hamd boʻlsinki, Juma va Arafa kunlari biz musulmonlarga bayram qilib berdi” (Imom Tabaroniy “Jomiʼul bayon” kitoblarida keltirganlar).
Bayram bilan tabriklash va muborakbod qilish mumkinligi haqida moʻtabar ulamolarimiz tomonlaridan bir qancha maʼlumotlar mavjud boʻlib, jumladan, buyuk muhaddis va faqih Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh “Mirqotul mafotih” kitoblarida أتاكم رمضان، شهر مبارك yaʼni, “Sizlarga Ramazon keldi. Bu muborak oydir” degan hadisni sharhida shunday deganlar:
هو أصل في التهنئة المتعارفة في أول الشهور بالمباركة
yaʼni: “Mana shu hadis (yangi) oylarning avvalida urfga aylangan muborak boʻlsin, deb tabriklashga asos hisoblanadi.
Imom Ibn Qudoma rahmatullohi alayh “Mugʻniy” kitoblarida shunday deganlar:
“قال أحمد، رحمه الله: ولا بأس أن يقول الرجل للرجل يوم العيد: تقبل الله منا ومنك”.
yaʼni: Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytdilar: “Bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin”” deyishini hech qanday zarari yoʻq.
Imom Shihob Ahmad Molikiy rahmatullohi alayh aytadilar:
سئل مالك عن قول الرجل للرجل في العيد تقبل الله منا ومنك وغفر لنا ولك
فقال: “ما أعرفه ولا أنكره لأنه قول حسن”
yaʼni: Imom Molik rahmatullohi alayhdan bayram kuni kishi birodariga: “Alloh sizu bizdan qabul qilsin va gunohlarimizni kechirsin!” deyishi haqida soʻralganda u zot bunday javob berdilar: “Uni (dalili borligini) bilmaymiz, lekin inkor ham qilmaymiz, chunki bu yaxshi soʻzdir”.
Imom Suyutiy rahmatullohi alayh “Usulul amaniy bi-husulit tahaniy” kitoblarida bunday deganlar:
التهنئة بنحو الأعياد والشهور، لها أصل في السنة كالتهنئة بالمولود.
yaʼni: “Farzand koʻrganda tabriklashni hadislarda asosi boʻlgani kabi bayram va oylar bilan tabriklashni ham hadislardan asosi bor”.
Demak, bayramlarda tabriklash mumkin boʻlganidan keyin juma kunida ham tabriklash va muborakbod etish mumkin va joizdir. Chunki yuqoridagi hadislar bilan juma kunini ham bayram ekani ochiq-oydin maʼlum boʻldi. Shunga binoan, bu kunni bayramona kayfiyatda, xushboʻyliklarni sepib, xursadchilik bilan, ibodatlarni ado etib, oʻzaro bir-birimizdan hol-ahvol soʻrab, yaxshi tilaklarni bildirib oʻtkazishimiz ayni mudao boʻladi. Juma kuni sizga barokatli, muborak boʻlsin, deyish ham, yaxshi tilaklar jumlasidandir.
Xulosa qiladigan boʻlsak, yuqoridagi barcha oyati karima, hadisi sharif, rivoyat va fiqhiy qoidalar hamda ulamolarimizning fikrlaridan maʼlum boʻlmoqdaki, musulmonlar bir-birlarini Juma kuni bilan tabriklab, oʻzaro duolar qilishlarida hech qanday shariatga zid joyi yoʻq. Aksincha, bu duoi xayr va yaxshi tilaklar sababli musulmonlar orasida mehr-muhabbat, oʻzaro xursandchilik, oqibat ziyoda boʻlib, birodarlik rishtalari mustahkamlanadi. Albatta, bu tabriklash ixtiyoriy boʻlib, uni vojib yoki sunnat demaymiz. Bu amalni tark qilgan kishi gunohkor ham boʻlmaydi. Vallohu aʼlam.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo boʻlimi mudiri v.v.b.
Gʻulomiddin Xolboyev
Manba muslim.uz