
Makkada nozil bo'lgan 19 oyatdan iborat
Ushbu surai karimaning nomi uning birinchi oyatidagi "A'laa" so'zidan olingan . "A'laa" so'zi arab tilida "oliy qadar", "eng yuqori" ma'nosida bo'lib, Alloh Subhanahu va Taoloning sifati oliyalaridan biridir.
"A'laa" surasi makkiy suralardan b'olib, Alloh Taoloning zoti oliysi va ba'zi sifatlarini, uning qudrati va vahdoniyatiga dalilarni, vahiyni, Qur'onning yaxshilarga manfaat beradigon mav'iza ekanligini va shunga o'xshash masalalarni muolaja qiladi.
Bu surai karima eng avval nozil bo'lgan suralardan biridir. Vahiy dastlab nozil bo'layotgan paytida Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Qur'oni Kariym oyatlarini unutib qo'yishdan hafa edilar. Shuning uchun,Alloh Taolo o'z mahbubiga oyatlarini unittirmaslikni o'z zimmasiga olganini bildiradi va bunday xavfni unitishga da'vat qiladi A'laa surasida Alloh taoloning yagonaligi haqida so'z yuritiladi. Payg'ambar alayhissalomga haqiqat yo'li ko'rsatiladi. Alloh taoloning ko'rsatmasiga amal qilmaganlarning oqibati nima bo'ladi-yu, amal qilganlarning ahvoli nechuk bo'ladi, bayon qilinadi.«A'laa» surasi Alloh subhanahu va taoloni
poklash, Uning Xoliqligiga, qudratiga va vahdoniyatiga dalolat qiluvchi ba'zi ishlarini zikr qilish bilan boshlanadi.
So'nara vahiy va Qur'on haqida so'z yuritilib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bu ulug' kitobni unuttirmaslik va yodlashni oson qilishga
va'da beriladi. Undan keyin, ushbu Qur'on ila odamlarni eslatish, o'shanda mo'minlar undan foyda olishi ta'kidlanadi. Nihoyat, surai karima xotimasida, kim o'z nafsini gunoh va yomonliklardan poklasa, yutuqqa erishishi haqida so'z yuritiladi.
Shuningdek, A'laa surasini 1-oyati tushganda, Payg'ambarimiz alayhissalom: "Bu oyatni sajdada aytinglar", deganlar. Shuning uchun namozxon sajdada turganda "Subhana Robbiyal a'laa", deydi.
A'laa surasining 9-oyatida quyidagi gap aytilinadi.
"Bas, agar eslatish manfaat bersa, eslatgin" Ushbu oyati karima Islomga da'vat qilish, kishilarga va'z-nasihat qilish ishidagi ulkan qoidadir.
Alloh taolo bu oyatda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, agar eslatish, va'z-nasihat foyda bersagina bu ishni qilishni amr etmoqda. Bundan chiqadigan xulosa shuki, aniq bir holatlarda va'z-nasihatdan foyda chiqishiga ko'z yetmasa, u ishni qilmaslik kerak ekan. Chunki ba'zi vaqtlarda noo'rin qilingan va'z-nasihat zarar keltirishi ham mumkin.
Mashhur tafsirchilarimizdan Ismoil ibn Kasir rahmatullohi alayhi ushbu oyat tafsirida quyidagilarni yozganlar: Mana shu yerdan ilm tarqatish odobi olinadi. U ilmni ilm ahlidan boshqaning huzuriga qo'yilmaydi. Inchunin, Ali roziyallohu anhu ham: "Agar sen bir qavmga ularning aqli yetmaydigan gapni gapirsang, albatta, ba'zilarini fitnaga uchratasan", deganlar. Yana, u kishi: "Odamlarga bilgan narsalarini gapiring", deganlar».
Odamlarni dinga da'vat qilish, ularga va'z-nasihat qilish ham katta ilm hamda ulkan mas'uliyatdir. Bu o'ta nozik ishni yetuk olimlar amalga oshirmoqlari lozim. Kim ko'ringan o'zini dinga da'vat bobiga uraversa, ish kutilmagan taraflarga burilib ketishi hech gap emas. Alloh taoloning O'z Payg'ambariga ushbu oyatda berayotgan ta'limi bejiz emas.
Keyingi oyatlarda eslatmani kim qabul qilib eslaydi-yu, kim undan chetda qolib eslamaydi va ularning oqibati nima boʻlishi haqida so'z ketadi.
Sura fazilati: Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam A’lo surasini yaxshi ko‘rar edilar” (Ahmad, Bazzor va Ibn Mardavayh rivoyati. Rivoyat sanadi zaif).
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ikki iyd va juma namozlarida A’lo va G‘oshiya suralarini o‘qir edilar. Agar (iyd) juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, ikkisini jamlardilar” (Muslim, Sunan sohiblari va Ahmad rivoyati).
"A'laa" surasi o'z ichiga ko'plab ilmlar va yaxshiliklarni olgani uchun Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni yaxshi ko'rishlari haqida rivoyatlar bor.
Hadisi sharifda Oisha onamizdan Payg'ambar alayhissalomning vitr namozlari haqida so'rashganda, u kishi birinchi rak'atda "Sabbihisma Robbikal a'laa"ni, ikkinchi rak'atda "Qul huvallohu ahad"ni o'qishlarini aytganlar.
Foydalanilgan adabiyotlar
1-Qur'on Kariym
2-Imumiddin Ismoil ibn Kasir "Tafsiyrul Qur'aanil Aziym".
3-Jaloluddin al-Mahalliy va Jaloluddin as-Suyutiy "Tafsiyryl Qur'aanil Aziym lil Jalaalayn".
4-Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning "Tafsiri Hilol" asari
Abduxalilov MuhammadxalilMir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
