JUMANING FAZLI VA FARZLIGI HAQIDA
Muallif: . .
Sana: 03.02.2023
2586

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Alloh jalla shaʼnuhu: “Ey, iymon keltirganlar! Qachon Juma kuni namozga nido qilinsa, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark etinglar. Agar bilsangiz, ana shundoq qilmogʻingiz siz uchun yaxshidir”, degan. (Juma: 9)

Sharh: Ushbu oyati karima Juma namozining farzligini bayon qiluvchi oyatdir. Bunga Islom ummatidan hech kim xilof qilmaydir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Quyosh chiqqan kunning eng yaxshisi Juma kunidir. Unda Odam xalq qilindi. Unda u jannatga kiritildi. Unda u jannatdan chiqarildi. Qiyomat kuni ham faqatgina Juma kuni qoim boʻlur”, dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Abu Dovud quyidagilarni ziyoda qilgan: “Unda uning tavbasi qabul qilindi. Unda u vafot qildi. Unda qiyomat qoim boʻlur. Juma kuni hamma jonivorlar tong otgandan to quyosh chiqquncha (qiyomat) soatini qoʻrqinch ila kutib tururlar. Faqat jin va ins bundan mustasno”, deyilgan.

Sharh: Ushbu hadisi sharifda Islom ummati uchun haftaning eng yaxshi kuni qilib berilgan, haftalik bayram kuni, jamoat boʻlib alohida ibodat qiladigan kun, Juma kunining qandoq kun ekani, u kunda nimalar boʻlgani haqida soʻz bormoqda.

“Juma” soʻzi, arabcha soʻz boʻlib jamlash maʼnosini anglatadi. Chunki bu kunda musulmonlar jamlanib, Juma namozini oʻqiydilar. Alloh taolo musulmonlar uchun aynan shu kunni ixtiyor qilganiga bir necha sabablar bor ekan.

“Quyosh chiqqan kunning eng yaxshisi Juma kunidir”.

Zotan, quyosh chiqmasa kunduz ham boʻlmaydi. Ammo bu oddiy haqiqatni aytish maʼnoni taʼkidlash uchundir. Endi, nima uchun quyosh chiqqan kuning eng yaxshisi Juma kuni ekanini hadisi sharifdagi bayon qilingan narsalar yogʻdusida oʻrganib chiqaylik:

1. “Unda Odam xalq qilindi”.

Insoniyatning asli hisoblanmish, Odam alayhissalomni Alloh taolo Juma kuni yaratgan. Bu esa ushbu kun qanchalik fazilatli kun ekanini bildiradi.

Ushbu hodisani tez-tez eslab turish uchun, Juma kuni haftaning bayram kuniga aylantirilgan.

2. “Unda u jannatga kiritilgan”.

Alloh Odam otani jannatga kiritgan kun ham Juma kuni. Demak, Odam alayhissalom jannatdan tashqarida yaratilganlar. U kishining ulugʻlab jannatga kiritilgan kunlarini, zurriyotlari bayram qilishlari kerak. Shuning uchun Juma kuni, haftaning bayram kuni qilingandir.

3. “Unda u jannatdan chiqarildi”.

Yaʼni, Juma kunida Odam alayhissalom jannatdan chiqarildi. Boshqa bir rivoyatda, yerga tushirildi, deyilgan.

Bu ham ulugʻ neʼmat. Chunki Odam alayhissalom jannatda gunoh qilib har qanday iqobga duchor boʻlish darajasiga yetgan edi. Alloh taolo esa u kishini magʻfirat qilib, yerga Oʻz xalifasi qilib tushirdi. Bu ham ulkan neʼmatdir. Shuning uchun ham Odam alayhissalomning zurriyotlari bu kunni haftaning bayram kuni qilishlari lozimdir.

4. “Qiyomat kuni ham faqatgina Juma kuni qoim boʻlur”.

Ana oʻshanda moʻmin bandalar asosiy maqsadlariga erishadilar. Robbilari jamoliga musharraf boʻlib, jannati neʼmatga doxil boʻlurlar. Ana shundoq buyuk xursandlik boʻladigan bir kunni, bu dunyoda haftaning bayram kuni qilib olish juda ham zarur.

5. “Unda uning tavbasi qabul qilindi”.

Yaʼni, Juma kunida Odam alayhissalomning tavbasi qabul qilindi. Tavbaning qabul boʻlishi ulkan baxtdir. Tavba qabul qilinmasa, badbaxtlik boʻlur edi. Iqobga qolinur edi. Shuning uchun ham, Odam alayhissalomning farzandlari bu kunni haftalik bayram kuni, qilib olishlari maʼquldir.

6. “Unda u vafot qildi”.

Yaʼni, Juma kunida Odam alayhissalom vafot etdilar.

Imom al-Hokim keltirgan rivoyatda:

“Oʻlim moʻminlarning tuhfasidir”, deyilgan.

Chunki oʻlim ila moʻminlar bu dunyo tashvishlaridan qutulib, oxirat neʼmatlariga erishadilar. Shuning uchun ham Odam alayhissalomning bolalari bu kunni haftalik bayram kuni qilishlari kerak.

7. “Unda qiyomat qoim boʻlur. Juma kuni hamma jonivorlar tong otgandan to quyosh chiqquncha (qiyomat) soatini qoʻrqinch ila kutib tururlar. Faqat jin va ins bundan mustasno”.

Juma kuni qiyomat qoim boʻlishi haqida yuqorida gapirib oʻtdik.

Keyingi jumladan esa qiyomat Juma kuni tong otgandan to quyosh chiqquncha boʻlgan muddatda qoim boʻlishini bilib olamiz. Shuning uchun har Juma kuni oʻsha vaqtni hamma jonivorlar qiyomat qoim boʻlib qolarmikan, degan qoʻrqinch ila oʻtkazar ekanlar. Faqat odamlar va jinlar gʻaflat bosib, bu narsani his qilmas ekanlar.

Demak, insoniyat tarixida shundoq muhim hodisalar boʻlib oʻtgan va boʻladigan kunni ulugʻlash, bayram qilish, toʻplanib ibodat, duo va iltijo bilan oʻtkazish juda ham zarurdir.

Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Biz (dunyoda) oxirgilarimiz, qiyomat kuni oldingilarmiz. Faqat ularga bizdan oldin kitob berilgan, xolos. U bizga ulardan keyin berilgan. Soʻngra, ushbu kun (Juma), Alloh ularga (ibodatini) farz qilgan kundir. Bas, ular uning haqida ixtilof qildilar. Soʻngra Alloh unga bizni hidoyat qildi. Odamlar unda Bizga ergashuvchidirlar. Yahudiylar ertaga, nasorolar indingga”, dedilar». Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.

Imom Muslimning rivoyatida: “Biz (dunyoda) oxirgilar, qiyomat kunida oldingilarmiz. Biz jannatga birinchi kiruvchilarmiz”, deyilgan.

Sharh: “Biz (dunyoda) oxirgilarimiz” deganlari bu dunyoga oxirgi kelgan ummatmiz. Boshqa ummatlar dunyoga bizdan oldin kelganlar, deganlaridir.

“Qiyomat kuni oldingilarmiz”

Yaʼni, qiyomat kuni oldin tiriltirilamiz, hisob-kitob qilinamiz va jannatga kiritilamiz.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Islom ummati dunyodagi oxirgi ummat ekanligi.

Qiyomat qoim boʻlguncha boshqa ummat paydo boʻlmasligi.

Islomdan keyin chiqqan barcha dinlar soxtaligi shundan maʼlum boʻladi.

2. Qiyomat kuni Islom ummati oldingi ummat boʻlishi.

Bu Islom ummatining barcha ummatlardan afzal ekanini koʻrsatadi.

3. Boshqa ummatlarga Islom ummatidan oldin kitob berilgani.

4. Islom ummatiga oxirgi kitob berilgani. Undan keyin hech kimga ilohiy kitob berilmasligi.

5. Alloh taolo oldingi oʻtgan ummatlarga ham Juma kuni ibodatini farz qilgani. Ammo ular bu ilohiy marhamatga shukr qilib, amrga boʻysunish oʻrniga Juma kuni haqida ixtilofga tushganlar. Uni bayram va ibodat kuni qilib olmaganlar. Yahudiylar Muso alayhissalomdan uni Shanba kuniga almashtirishni talab qilganlari va talablari qondirilganligi haqida rivoyatlar bor.

6. Alloh taolo Oʻz hidoyati ila Islom ummatini Juma kuni ibodatiga yoʻllab qoʻyganligi.

7. Islom ummati qiyomat kuni jannatga birinchi boʻlib kirishi.

8. Bu borada boshqa ummatlar Islom ummatiga tobeʼ ekanligi. Islom ummatining haftalik bayrami – ibodat kuni avval kelib, ertasiga yahudiylarning kuni – Shanba, indiniga nasroniylarning kuni – Yakshanba kelishi.

Ushbu rivoyatlardan Juma kuni ulugʻ kun ekanligi, u kunda ulkan hodisalar boʻlgani koʻrinib turibdi. Eng afzal kunning ibodati ham afzal boʻladi. Shuning uchun Juma namozi musulmonlar uchun farz qilingan. Kelasi hadislarda aynan ana oʻsha namoz haqida soʻz yuritiladi.

Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlari ustida turib: «Yoki qavmlar jumalarni tark qilishdan toʻxtarlar. Yoki Alloh ularning qalblariga muhr bosur va soʻngra gʻofillardan boʻlurlar”, dedilar». Muslim, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilgan.

Sharh: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining ushbu hadislarida Juma namozi oʻqimaganlarning qalblariga muhr bosilib, gʻofillardan boʻlib qolishlari turgan gap ekanligini taʼkidlamoqdalar.

Demak, barchamiz Juma namozini oʻz oʻrnida ado etishga harakat qilmogʻimiz lozim.

Abu Jaʼd az-Zomriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim pisand qilmay uch jumani tark etsa, Alloh uning qalbiga muhr bosgay”, dedilar». Sunan egalari va al-Hokim rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu hadisning roviysi Abu Jaʼd az-Zomriy kunyalari bilan mashhur boʻlgan, bu sahobani ismlari Amr ibn Bakrdir. Bu zot Makkani fath etish va Tabuk gʻazotlarida ishtirok etdilar.

Jamal voqeasida, Oisha roziyallohu anho onamiz bilan qatnashib, mana shu urushda vafot etdilar.

Hadislarni Salmon Forsiydan rivoyat qildilar. Bu kishidan Ubayda ibn Sufyon al-Hazramiy va boshqalar rivoyat qiladi.

Ushbu hadisi sharifda Juma namoziga eʼtiborsizlik bilan qarash, uni oz boʻlsa ham tark qilib boʻlmasligi haqida soʻz bormoqda.

Uch Juma namozini uzrsiz, eʼtiborsizlik ila tark qilgan odamning qalbiga Alloh muhr bosib, yaxshilik kirmaydigan qilib qoʻyishi oʻsha odamning oʻzi uchun, oilasi uchun, jamiyati uchun katta baxtsizlikdir. Chunki Alloh muhrlab qoʻygan qalbdan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Bundan ortiq baxtsizlik boʻlishi mumkin emas.

Demak, aʼzolari ichida Juma namozi oʻqiydiganlari koʻp boʻlgan jamiyatda yaxshilik koʻp boʻladi. Har bir jamiyatning aʼzolari ichida Juma namoz oʻqimaydiganlari qancha koʻp boʻlsa, oʻsha jamiyatning yomonlari, musibatlari va mushkillari ham shunchalik koʻpayib boraveradi. Ichimizda Juma oʻqimaydiganlarimiz boʻla turib, nega jamiyatimiz yaxshilikka erisha olmayapti, deb ajablanmasak ham boʻlaveradi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir Jumani zaruratsiz tark etsa, hech oʻchirilmaydigan va almashtirilmaydigan kitobga munofiq, deb yozilur”, dedilar». Shofeʼiy rivoyat qilgan.

Abu Dovud va Nasaiyning rivoyatlarida: “Kim bir Jumani uzrsiz tark qilsa, bir dinor sadaqa qilsin. Agar topmasa, yarim dinor”, dedilar».

Sharh: Ushbu ikki rivoyatda, uzrsiz bir Juma namozini tark qilish qanchalik katta gunoh ekanligi alohida taʼkid bilan bayon qilinmoqda.

Bir odamning nomi, hech oʻchirilmaydigan va almashtirilmaydigan kitobga munofiq, deb yozib qoʻyilishi uning abadiy munofiq boʻlib qolishi haqidagi xabardir. Uzrsiz Juma namozini tark qilgan odam, bu gunohni yuvish uchun topsa bir, topmasa yarim dinor sadaqa qilishi ham bu gunoh qanchalar ogʻir gunoh ekanligini koʻrsatib turibdi. Avvalo, ogʻir gunohlargagina sadaqa ila kafforot beriladi. Qolaversa dinor, tillo pul boʻlib, oʻsha vaqtda katta mablagʻ hisoblangan.

Manba islom.uz

. .