XORIJIYLAR FITNASI
Muallif: . .
Sana: 23.01.2023
888

Musulmonlarning toʻrtinchi xalifasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu davri Alloh taolo islom millatini turli ixtilof hamda qiyinchiliklar bilan sinashni ixtiyor etgan pallaga toʻgʻri keldi. Ali roziyallohu anhu xalifalik mansabida toʻrt yilu yetti oy davomida turdilar. Ali roziyallohu anhu hijratning 40 yilida ramazon oyining 16 kuni ertalabki namozga masjidning eshigidan kirayotgan vaqtlarida Abdurahmon ibn Maljam u kishining qornilariga zaharli qilich bilan uradi. Ali roziyallohu anhu oʻgʻillariga vasiyat qilib keyin vafot etadilar.

Shu davrda musulmonlarning orasida birinchi marotaba firqa va toifalarga boʻlinish paydo boʻla boshladi. Bekordan bekor musulmonlar bir birlarining qonlarini toʻkib, oʻzaro adovatlarini kuchaytirishdi. Mana shunday qon toʻkishlarning boshi Jamal voqeasidan boshlangan edi. Bu voqeada musulmonlar orasida, yaʼni Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari bilan ummul moʻminin Oisha onamiz tarafdorlari orasida qattiq jang boʻlib musulmonlarning qonlari toʻkiladi. Bu voqea chiroyli sulh tuzishlik bilan yakunlanadi. Keyin Siffin voqeasi boʻlib oʻtadi.

Ali roziyallohu anhu Jamal voqeasidan hanuz tinib-tinchimay turib yana yangidan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Shom qoʻshini bilan Ali roziyallohu anhuga qarshi kurashga otlantirayotgani xabari kelib qoldi.

Ali roziyallohu anhu ham 37 hijriy yilning 25 shavvol oyida toʻqson ming askar bilan birgalikda Siffin degan joyga qarab yurdilar. Muoviya roziyallohu anhu ham sakson besh ming askar bilan Furot daryosining sohiliga kelib tushdilar.

Muharram oyining oxirgi kuniga qadar ikki oʻrtada tinchlik shartnoma tuzildi. Biroq, ikki toifa oʻrtasida urush alangasini butunlay toʻxtatishlikka muvaffaq boʻlolmadilar. Safar oyi kirib, oʻrtadagi shartnoma bitishi bilan ikki orada urush boshlanib ketdi.

Muoviya roziyallohu anhu askarlari chekinishga tushay deb qolgandilar. Biroq shu paytda Amr ibn Os roziyallohu anhu qoʻllarida Qurʼonni koʻtarib, Qurʼon hukmiga itoat etishga har ikki tarafni chaqirgan boʻldilar. Buni koʻrib Ali roziyallohu anhuning askarlari oʻrtasida ixtilof paydo boʻldi. Iroqliklar “Allohning kitobiga javob berishimiz kerak”, dedilar.

Xavorijlar hijriy 38, milodiy 658-yilda Hazrati Ali roziyallohu anhuning askarlari ichidan “xavorijlar” nomli alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida “xavorij” soʻzi “xuruj”, yaʼni “qarshi chiqish” soʻzidan olingan boʻlib, ular hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanliklari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular “Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu hakamlik ishini qabul qilgani uchun «kofir boʻldi”, deb fatvo chiqardilar». Ularga hazrati Alining hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida xavorijlarning oʻzlari hazrati Ali roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga majburlashgan edi, endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshladilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.

Xorijiylarning fikricha, eʼtiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim. Gunohkor kishilarni jazolash masalalarida xorijiylar murjiʼiylarga qarama-qarshi turgan.

Xorijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini amalga oshirgan ishlariga qarab baholash kerak deb hisoblab, ularning talqinidagi islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga boʻysunmaslik, uni agʻdarib tashlash zarurligi haqidagi gʻoyani ilgari surishgan. Bunday qarashlar oʻz navbatida hokimiyat uchun kurashning zoʻravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishi va minglab kishilarning halok boʻlishiga olib kelgan.

Umaviy va abbosiy xalifalar VII-IX asrlarda xorijiylarga qarshi keskin kurash olib bordi. Buning natijasida xorijiylar qirib tashlandi, ulardan omon qolganlari Shimoliy Afrikada oʻz davlatini tashkil etdi. Xorijiylar xalifalikdagi koʻpgina qoʻzgʻolonlarda qatnashgan. Ular oʻz qarashlari va faoliyatiga qoʻshilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi “jihod” olib borish haqidagi gʻoyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qoʻllash orqali xukmdorlarni jismonan yoʻq qilish amaliyotini boshlab berganlar.

Kaʼbul Axbordan rivoyat kilinadi: “Shahid uchun ikkita nur, xorijiylarni oʻldirgan kishilarga oʻnta nur bor. Jahannamning eshigi yettita boʻlib, ularning bittasidan faqat haruriylar kiradi. Ular bir vaqtlar Dovud alayhissalomga ham qarshi urush olib borgan”.

Bani Savoddan rivoyat kilinadi: “Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: «Alloh taolo meni yomon koʻrgan qavmni yomonlik bilan doʻzaxga kirgizadi”.

“Bir kuni xorijiylar bir nasroniyni ushlab olib, unga yaxshilikni va oʻzining paygʻambari Iyso alayhissalomni buyruqlariga rioya etishni tavsiya qiladilar. Shu payt ularning oldidan Abdulloh ibn Habbob oʻtib qoladilar. U zot boʻynilariga Qurʼon osib olgandilar. Shunda ular: “Sening boʻyningdagi kitob bizlarga seni oʻldirishni buyuradi,” – deyishdi. Ular Abdulloh ibn Habbobdan Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu haqida soʻradilar. Shunda Abdulloh ularni maqtab gapirdilar. Ular: “Sen Ali roziyallohu anhuni “Tahkim” voqeasidan oldingi holati va Usmon roziyallohu anhuni xalifalik yillaridan dastlabki olti yildagi xolati haqida nima deysan”- deyishdi. U esa ularni yaxshilik bilan tilga oldi. Ular Abdullohdan “Tahkim” voqeasi haqida soʻradilar. U: “Men Ali roziyallohu anhuni sizlardan koʻra Alloxning kitobini biluvchiroq va sizlardan koʻra oʻz dinini saqlovchiroq deb bilaman, dedi. Ana shu soʻzlarni aytganidan keyin ular Abdullohni daryo qirgʻogʻiga yaqinroq joyda soʻydilar. Shundan soʻng ular xaligi nasroniydan xurmo sotib olish uchun u bilan savdolashdilar. Nasroniy xurmoni ularga tekinga berdi. Lekin ular buni qabul qilmay, faqat pul evazigagina olishlarini aytdilar. U esa: “Sizlarga xayronman, Abdullohdek odamni oʻldirasizlar, ammo xurmoni tekinga olmaysizlar”,- dedi.

Ushbu qissadan xorijiylarni naqadar johil ekanligini bilib olamiz. Chunki ular nasroniyning xurmosini pul bermasdan tortib olishni gunoh sanadilar. Undanda mudxish gunoh boʻlgan musulmonning qonini toʻkishni esa muboh deb bildilar. Xorijiylar tarixda islom diniga eng koʻp zarar yetkazgan oqimdir. Ular dastlabki paydo boʻlgan oqim sifatida, oʻzidan keyingi diniy-ekstremistik oqimlarni vujudga kelishiga zamin xozirladi.

Xorijiylar Qurʼondagi oyati karimalarni zohiriy maʼnosiga qarab hukm chiqaradilar. Ular bir qancha oyatlarni dalil qilib, katta gunohlarni sodir qilganlar kofir boʻladi degan hukmni chiqarganlar. Aslida esa, ular oʻzlariga dalil sifatida ushlab olgan oyati karimalarda Makka mushriklari haqida va ularning Islom dinini inkor etib sodir etgan manfur ishlari bois kofir boʻlganliklari xaqida gap boradi. U oyatlardagi zikr qilingan kofirlardan murod musulmonlar emas, balki Makka mushriklaridir. Xorijiylar nodonliklari tufayli ana oʻsha oyatlardan koʻzlangan maʼnoni notoʻgʻri tushunganlar. Ana shu nodonliklari xamda dinda haddan tashqari gʻuluvga ketishlari ularni koʻpdan-koʻp xunrezliklarni sodir etishlariga va buning ortidan musulmonlar jafo koʻrishiga sabab boʻldi.

TII Modul taʼlim shakli bitiruvchisi,

Samarqand shahar Qoraboy Oqsoqol jome masjidi

imom-xatibi Bobobek Abdurahimov

manba muslim.uz

. .