MADRASA MUDARRISLARI HAMDA IMOM-XATIBLARNING FAN DOKTORI ILMIY DARAJASINI OLISHI JADALLASHADI
Muallif: . .
Sana: 23.01.2023
18

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim muassasalari va diniy tashkilotlarda ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, pedagok-oʻqituvchilar hamda ilmiy xodimlarni ilm-fan va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish, ularda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan muntazam shugʻullanish koʻnikmasini shakllantirish maqsadida diniy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar vakillari, tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan har oyda bir marotaba oʻquv-seminar mashgʻulotlarini oʻtkazish rejasi ishlab chiqildi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kafedralaridan 30 dan ortiq oʻqituvchilar mazkur onlayn oʻquv-seminarida tanglovchi sifatida va shu bilan birga fan doktori ilmiy darajasi bor oʻqituvchilar maʼruzachi sifatida ishtirok etmoqdalar.

Seminarning ilk oʻquv mashgʻulotida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov “Diniy soha mutaxassislarining ilmiy tadqiqotlar olib borishlarining ahamiyati: moʻtabar manbalarimizni oʻrganish va zamonaviy masalalarga yechimlar topish” mavzusida hamda Toshkent islom instituti Islomshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Soatmurod Primov “Ilmiy tadqiqot uchun zarur boʻlgan malaka va koʻnikmalar: til bilish, ilmiy va ruhiy tayyorgarlik” mavzusida maʼruza qildilar.

Malaka — oʻrganilgan bilim va shakllangan koʻnikmalarni notanish vaziyatlarda qoʻllay olish va yangi bilimlar hosil qilish;
Koʻnikma — oʻrganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qoʻllay olish.

Mavzu tanlashga ilmiy ishning barcha turlarida oʻga masʼuliyat bilan yondashish zarur, chunki bajariladigan ishning samarali yakunlanishi koʻp jihatdan mavzuning toʻgʻri tanlanganiga bogʻliq. Mavzupi koʻpincha ilmiy rahbar tavsiya qiladi. Bu — tabiiy, chunki ilmiy rahbar, ayniqsa koʻp yillik ilmiy-pedagogik tajribasi bor oʻqituvchi oʻzi ilmiy tadqiqot olib borayotgan sohaning yutuq-kamchiliklarini yaxshi biladi, shundan kelib chiqib oʻz shogirdiga ijobiy natija bilan yakunlanadigan mavzu tavsiya qila oladi.

Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning 1913-yilda yozilib, oʻzi tashkil etgan “Oyna” jurnalining 1-sonida nashr etilgan “Ikki emas, toʻrt til lozim” maqolasida muallif koʻp tilni bilish har bir turkistonlik uchun shartligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligini uqtirishga harakat qilgan. Shuningdek, Mahmudxoʻja Behbudiy aytadiki, Turkiston oʻlkasida juda qadimdayoq uch til amal qilgan. Demak, til oʻrganish mening yoki kecha tugʻilgan kimningdir emas, yuz yillar avval millatni maʼrifatli qilishga harakat qilgan jadid bobolarimizning tashabbusi hisoblanadi. Shunday ekan har qanday bilim, xususan, til bilish jihatidan ham ajdodlarimizning koʻrsatgan yoʻlidan yurib, xalqimizning aslida naqadar ilmga chanqoq ekanligini koʻrsatib qoʻyishimiz kerak.

Saymariyning “Abu Hanifa va asʼhobuhu” va Xatib Bagʻdodiyning “Tarixu Bagʻdod” asarlarida zikr qilinishicha Imom Muhamad rahimahulloh aytgan: “Otam menga oʻttiz ming dirham meros qoldirdi. Oʻn besh ming dirhamni nahu va sheʼrni oʻrganish uchun sarfladim. Qolgan oʻn besh mingini hadis va fiqhni oʻrganish uchun sarfladim”.

Imom Shofeʼiy rahimahulloh aytadi: “Imom Muhammad rahimahulloh shunchalik darjada fasohat bilan soʻzlaganki, agar Qurʼoni karim uning tilida nozil boʻlgan, deb aytishni xohlaganimda, albatta aytgan boʻlar edim”.

TII Islomshunoslik fanlari boʻyicha

falsafa doktori (PhD) Soatmurod Primov

. .

Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari