OʻZBEKISTON VA BRUNEY ZIYORAT TURIZMI, XUSUSAN “UMRA +” DASTURI DOIRASIDA HAMKORLIKNI YOʻLGA QOʻYISHNI MUHOKAMA QILMOQDA
Muallif: . .
Sana: 24.01.2023
29

Yaqinda mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston va Bruney transport vazirliklari hamda “Uzbekistan Airports” AJ, “Marokanda Air” va “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyalari rahbarlari oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1974-yilda tashkil etilgan “Royal Brunei Airlines” Bruney Sultonligining davlatga qarashli milliy aviakompaniyasi hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa, Avstraliya va Okeaniyaning 20 yoʻnalishi boʻylab muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Muzokaralar chogʻida “Uzbekistan Airports” AJ faoliyati, xorijiy aviakompaniyalarga boshqa davlatlardan yoʻlovchi va yuk qatnovlarini tashkil etishda mavjud imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari, xususan, “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasining Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnavlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
“Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ilyas Rori Teo mamlakatimiz aeroportlarini modernizatsiya qilish, sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha respublikada koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholab, oʻzbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Birinchi qadam sifatida Oʻzbekiston va Malayziya hukumatlari oʻrtasida havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish va imzolash orqali hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish taklif etildi. Ikki davlat bozorlarini oʻzaro oʻrganish maqsadida respublika aviakompaniyalari bilan kod-sher yoki interlayn kelishuv asosida oʻzaro hamkorlik qilish imkoniyati qayd etildi.
Bruney Transport va axborot kommunikatsiyalari vazirligining Aviatsiyani rivojlantirish departamenti boshligʻi Laylatul Zurayda ham ikki davlat aviatsiya maʼmuriyati va aeroportlarining salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, ziyorat turizmi, xususan “Umra +” dasturi doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish, aeroportlar hamda sayyohlik obyektlari infratuzilmasi bilan tanishish uchun Bruney Transport va infokommunikatsiya vazirligi hamda “Royal Brunei Airlines” aviakompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matubot xizmati

Manba muslim.uz

. .