“AJRALIB CHIQQANLAR” ISYONCHILAR
Muallif: . .
Sana: 17.01.2023
311

Xavorijlar Ali roziyallohu anhuning tarofdorlaridan ajralib chiqqan boʻlgan bir guruh hisoblanadi. Ular avvalda Ali roziyallohu anhuga yordam berish uchun toʻplangan edilar. Hazrati Ali va Muoviya roziyallohu anhum oʻrtalaridagi chiqarilgan hukm shartnomasidan keyin, Ali roziyallohu anhuni mazkur tahkim voqeasida ayblab, undan ajralib chiqadi. Shuning uchun ham ularni “Xavorijlar”, yaʼni ajralib chiqqanlar, isyonchilar deb atashadi. Ushbu guruh tarafdorlari Basra va Kufa aholisidan tashkil topgan edi.[1]

Ular Kufadan chiqib Haruro degan joyga ketadilar. Shuning uchun baʼzilar Xavorijlarni “Haruriylar” ham deb atashgan. Ular oʻsha paytda 12 ming kishi boʻlishgan. Ular oʻzlariga Abdulloh ibn Kavvo va Shabas ibn Ribʼiylarni boshliq qilib olishgan[2].

Shundan soʻng xavorijlar Ali roziyallohu anhuga ham, umaviylarga ham barobar qarshi kurash boshlaganlar. Ular kurash davomida oʻziga xos jang uslubini ishlab chiqdilar, yaʼni otliq askarlar toʻsatdan hujum uyushtirib, xavf tugʻiladigan boʻlsa, darrov oʻzlarining harbiy manzilllariga, Basra yaqinidagi Bataix degan joyga qaytar edilar. Xavorijlar harakati arablar fathi boʻlgan Iroq va Eron aholisi, oddiy arab musulmonlar hamda mehnatkashlar ommasi manfaatini ifodalashga daʼvogar ham boʻlgan[3].

Shunday qilib Xavorijlar islomdagi eng birinchi ajralib chiqqan guruh hisoblanadi. Bularni firqa emas guruh deyilishiga sabab, guruh arabchadagi hizb kalimasini ifoda qilib, diniy maʼnodan koʻra koʻproq siyosiy maʼnoga dalolat qiladi. Bularni siyosiy guruh deyilishiga sabab, albatta ular siyosiy fikrda boʻlganlar.

Xavorijlar xalifa maʼlum bir tayinlangan, chegaralangan qavmdan boʻlishligi shart emas, balki har bir musulmon halifa boʻlishga salohiyatli hisoblanadi, modomiki, unda iymon boʻlsa, ilm boʻlsa va insonlar unga bayʼat berayotgan paytda qoʻyilgan shartlarda qoim tursa, u xalifa boʻlishga haqli boʻladi deyishadi. Xalifa Fors, Turk yoki Habash boʻlsa ham boʻlaveradi. Faqatgina Arablarning Qurayshlaridan boʻlishi shart emas deyishadi.

Xavorijlarni Ali roziyallohu anhu qanoatlantirish va ularni qaytarishlik uchun bir necha bor xarakat qiladilar. Lekin, natija chiqavermagach, Ali roziyallohu anhu ularni butunlay qirib tashlashlikni maqsad qiladi va ularga urush ochadi. Lekin, Ali roziyallohu anhu umrining oxirgi kunlarida xavorijlar haqida bir gap aytgan: “Mendan keyin xavorijlarga urush ochmanglar. Bas, kimki xaqni talab qilsa xato qilgan hisoblanmaydi. Lekin, botilni iroda qilib uni talab qilgan kimsa xato qilgan hisoblanadi”, deb aytganlar.

VIII asrning ikkinchi yarmiga kelib xavorijlar oʻz rahbarlari nomi bilan ataluvchi bir necha guruhlarga: azrakiy, ibodiy, sufuriy kabilarga boʻlinib ketdilar. Olimlarning fikricha, xavorijlarning 20 ga yaqin guruhlarga boʻlinishi hamda umaviy va abbosiy xalifalar VII – IX asrlarda ularga qarshi keskin kurash olib borishi natijasida ularning aksariyati qirib tashlandi, qolganlari Shimoliy Afrikada oʻz davlatini vujudga keltirdilar. Ular xalifalikdagi koʻpgina qoʻzgʻolonlarda qatnashganlar. VII asrning 80 yillarida Iroqda umaviy xalifasiga qarshi koʻtarilgan 20 ming qoʻshinga ega boʻlgan azrakiylar qoʻzgʻoloni 15 yil davom etdi, 14 yil (869 - 883) davom etgan azrakiy Ali ibn Muhammad boshchiligidagi qora qul – zinjiylarning Quyi Iroq va Xoʻzistondagi daxshatli qoʻzgʻolonlari nihoyat tor-mor etildi. Hozirda xavorijlarning ibodiy sektasi Magʻrib mamlakatlarida Jazoir, Tunis, shuningdek Oʻmon va Tanzaniyada uchraydi[4].

TII Modul taʼlim shakli talabasi,

Samarqand shahar Xoʻja Nisbatdor jome masjidi

imom-xatibi Boboxon Boboxonov

[1] Xulafoi roshidin 120- bet.

[2] Al-Farqu baynal firoqi. 51-bet.

[3] Islom yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar. 29-bet.

[4] Islom yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar. 29-30-betlar.

Manba muslim.uz

. .