SOXTA SALAFIYLARNING BOTIL DAʼVOLARI
Muallif: . .
Sana: 16.01.2023
298

Soxta salafiylarning koʻplab botil daʼvolari boʻlib, ulardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz.

Ular: – Qurʼon va sunnat matnlarining zohiri bilan cheklanib, yuzaki hukm chiqaradilar; – “takfir” (oʻzgani kufrda ayblash) va “hijrat” (vatanni tark etish) kabi diniy atamalardan foydalanish orqali musulmonlarni vatangado qiladilar;

– fiqhiy mazhablarni bidʼat deb bemazhablikni targʻib qiladilar;

– tasavvuf va urfni shariatga xilof deb hisoblaydilar;

– gʻayridinlarga oʻta murosasiz munosabatda boʻlib, diniy bagʻrikenglikni yoqlamaydilar. .

Soxta salafiylarning hanafiy mazhabiga zid asosiy daʼvolari quyidagi gʻoyalarda oʻz aksini topadi:

– “Isolus-savobga” (إِيصَالُ الثَّوَابِ), yaʼni birovlarga atab qilingan savoblarning ularga yetib borishiga murosasiz munosabatda boʻladilar. Masalan, mayyitga Qurʼon tilovatidan hosil boʻlgan savobning yetib borishini inkor etadilar;

– “Vasiyla” (الْوَسِيلَةُ), yaʼni duo jarayonida Paygʻambar alayhissalomning nomlarini tilga olishni yoxud duo qabul boʻlishi uchun u kishini vositachi qilishni shirk deb biladilar;

– qabrlarni ziyorat qilish va marhum kishilarga Qurʼon tilovat qilishni bidʼat deb hisoblaydilar. Maqbara va mozorlarni ziyorat qiluvchilarni “quburiy” (yaʼni qabrlarga sigʻinuvchi)lar deb atashdek jirkanch ish qiladilar;

– har qanday yangilikni “bidʼat” deb, uni rad etadilar;

– oʻzlarini “yuqori tabaqa musulmonlari” deb hisoblab, mazhablarga mansub musulmonlarni past tabaqa, zaif va noqis musulmonlar deb biladilar. Ular oʻzlarini salaflarga ergashuvchilar deb hisoblab, mazhabdagi musulmonlarni esa ayrim olimlargagina ergashadilar deb daʼvo qiladilar.

Hozirgi kunda zamonaviy salafiylar bir necha guruhlarga boʻlinib ketgan. Ularni umumlashtirib, ikki guruhga ajratish mumkin:

Birinchisi, davlat boshqaruvida shariatning ustuvorligiga erishish uchun jangu jadallar bilan harakat qiladigan keskin fikrdagi salafiylar.

Ikkinchisi, oʻzlarini goʻyoki davlatdagi mavjud qonun-qoidalarga itoat etadigan va qarshi chiqmaydigan qilib koʻrsatadigan, jangarilik faoliyati bilan shugʻullanmaydigan “moʻtadil” salafiylar deb hisoblaydiganlar. Ular oʻzlarini diniy mutaassibona qarashlaridan qaytmagan holda, boshqa qarashlarga nisbatan hurmat bilan qaraydiganlar guruhiga mansub boʻlib, muayyan mazhabga mansub boʻlishni yoqlamaydilar.

Hozirda soxta salafiylik gʻoyalari ostida, asosan, Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida faoliyat olib boradigan harakatlar jamiyatdagi eʼtiqodiy birlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun real tahdidga aylanganini alohida taʼkidlash zarur.

“Soxta salafiylarning sayoz sabogʻi”
kitobidan

Manba muslim.uz

. .