SOVUQLARNING SOVUG’I – ZAMHARIR
Muallif: . .
Sana: 16.01.2023
417

Shu kecha kunduzda butun O’zbekistonda balki dunyoning ko’plab hududlarida anomal sovuq havo kuzatilmoqda. O’zi bunday sovuqlar balki, qaysidir joylarda har kunidir yoki har yili qaytirilayotgandir. Mutaxassislarning fikriga ko’ra bu kabi sovuq O’zbekistonda avval 2008-yilda kuzatilgan ekan. Qattiq sovuq tufayli insonlar turli-tuman qiyinchiliklar, azob uqubatlarga duch kelmoqdaki bu kunlarni imkon qadar tezroq o’tib ketishi umidida.

Shu kunlarda tashqariga chiqmasdanoq sovuq havoni his qilish mumkin. Tashqariga chiqqach sovuqdan ba’zi a’zolarda og’riq ham seziladi. Sovuq havoga chiqib, mashinani qizdirib olguncha bo’lgan sovuqning azobini esa ifodalab berish ham qiyin. Kimgadir bu holat hech narsa emasday tuyulishi, bundan ming chandon ko’proq qiylanayotganlar bor deyishi mumkin. Ha, rostdan ham shunday. Shu sovuqda uy yumushi bilan shug’ullanib, hovli kezayotgan, bolalarini kirini yuvayotgan qancha-qancha onalarimiz bor. Shu sovuqda kuni bilan bozorning ochiq joyida savdo qilayotgan savdogarlarimiz bor. Yoki yo’l kiradan og’rinib ishiga piyoda borib keladigan mehnatkash aka-uka opa singillarimiz bor. Hamma ham o’z holatidan kelib chiqqan holda bu sovuqlarni o’z tanasi bilan his qilmoqda. Bu kabi sovuqlar avvaliga tanani qaqshatsa, keyinroq og’ritadi ham.

Ha azizlar, bu dunyo qancha bizga suyukli bo’lmasin, unda yashashni qanchalik xohlamaylik, Alloh taolo tomonidan ana shunday noqulayliklari bilan birga yaratilgan. Biz bunda shunchaki rohatlanib yashash uchun yaratilmaganmiz. Bizning asosiy qarorgohimiz bu dunyo emas. Mo’minlar uchun kamchiliklarsiz hayot jannatda bo’ladi. Zero Alloh taolo bu dunyo hayotida bizlarga eslatma bo’lishi uchun bir qancha ne’matlarni, hamda bir nechta musibatlarni beradi. Ne’matlar bizlarga jannatni eslatsin va unga oshiqtirsin. Musibatlar esa bizlarga do’zaxni eslatsin hamda undan uzoq bo’lishga harakat qildirsin.

Shunday ekan mana bu izg’irin sovuqlar ham bizlarga bir eslatmadir. Zero Alloh taolo o’z kalomida jannatiylarning holatini zikr qilar ekan bunday deydi: “Ular so’rilarda yonboshlab o’tiradi. Jaziramani ham izg’irinni ham ko’rmaydi”. (Inson surasi 13-oyat). Biz izg’irin deb tarjima qilgan Qur’onda “zamharir” deb kelgan. Zamharir qanday ma’noda ekani borasida bir qancha tafsirlar bor. Shulardan biri Ibn Mas’ud r.a.ning tafsirlari bo’lib, u kishi “Zamharir juda qattiq sovuqdir. Shunday qattiq sovuqligidan do’zax ahli zamharir bilan bir kun azoblagandan ko’ra , do’zax o’tida ming yil azoblanishini Allohdan so’raydi”. Shunga ko’ra do’zaxda faqat olov bilan emas, qattiq sovuq bilan ham azoblanish bor ekani tushunladi.

Demak, bu kabi sovuqlar biz uchun shunchaki bir tabiiy hodisa sifatida o’tib ketmasligi kerak. Bu sovuqlar jahannamiylarning boshiga tushadigan azobning bir parchasi ekani haqida tafakkur qilaylik. Hamda jahannamga tushishga sabab bo’ladigan ishlardan uzoq bo’lishga harkat qilaylik. Zero bu sovuqlar qancha cho’zilmasin vaqtinchalikdir, abadiy emas. Nari borsa bu sovuq kunlar bizning vafotimizga qadar davom etar. Ammo jahannamdagi zamharirning sovug’i beqiyosdir. Hamda u vaqtinchalik emas. Shu bilan birga oxiratda jahannamiylardan qilmasligini, bu azob bilan azoblamasligini Alloh taolodan ko’p bor so’raylik.

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

Ro’zimuhammad TO’XTASINOV

. .