TAFSIR ILMIGA OID BIZ BILGAN VA BILMAGAN MALUMOTLAR
Muallif: . .
Sana: 15.02.2022
1217

Tafsir - lug'atda izohlamoq, bayon qilmoq bo‘lib, asosan Qurʼon oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish, degan ma'noni bildiradi. Alloh taolo Furqon surasi 33-oyatida

وَلاَ يَأْتُونَكَ بِمَثَلٍ إِلاَّ جِئْنَاكَ بالحق وَأَحْسَنَ تَفْسِيراً﴾.. أى بياناً وتفصيلاً﴿

“Ular senga biror masal keltirsalar, Biz, albatta, senga haqni va goʻzal sharhini keltirurmiz” yani yoritib, batafsil qilib.

Tafsir الفسر o’zagidan olingan bo’lib, u ochish, yoritib berish manosini bildiradi.

التفسير فى الاصطلاح

وعرَّفه الزركشى بأنه: "علم يُفهم به كتاب الله المُنَزَّل على نبيه محمد ﷺ وبيان معانيه، واستخراج أحكامه وحكمه".

Istelohda esa: Imom Zarkashiy shunday ta'rif berganlar: Tafsir- bu Alloh taolo Nabiysi Muhammad (s.a.v)ga nozil qilgan kitobini tushuntiradigan, ma'nolarini ochib beradigan, hukmlari va hikmatlarini chiqarib beradigan ilmdir.

Ta'vil esa arabcha أول . يأول . تاويل so‘zidan olingan bo‘lib,

“qaytarmoq” "izohlamoq", "tushuntirmoq" “uzoq, maxfiy manosini chiqarmoq” manolarini bildiradi.

التأويل: (في الاصطلاحة) صرف اللفظ عن معناه الظاهر إلى معنى آخر يحتمله لدليل.

Ta‘vil :(istelohda) Biror belgi sababli so'zni zohiriy ma'nosidan boshqa mumkin bo'lgan ma'noga burishdir.

Mutaqaddim ulomolar Qur'on tafsiri va Qur'on ta'vili bir ma'noda deyishsa, Mutaaxxir ulomolar esa “Bu ikkisi orasida katta farq bor” deyishadi.

Alloma Suyutiy "Itqon fi ulumul quron" kitobida

التفسير : هو كشف معاني القرآن الظاهرة ، والتأويل ما استنبطه العلماء العارفون من المعاني الخفية والأسرار الربانية اللطيفة ، التي تحتملها الآية الكريمة » .

Tafsir: Qur’onning zohiriy ma’nolarini oshkor qilish bo‘lib, ta‘vil esa, ilmli ulamolar oyatdagi yashirin ma’nolar va nozik

ilohiy sirlardan xulosa qilgan ma‘nolardir.

Xulosa qilsak: Tafsir - bu Alloh taolo murodining ma'nosiga ochiq dalolat qiladigan Qur'oni karimning zohiriy ma'nosidir.

Ta'vil esa oyati karimadan istinbot qilinadigan, tafakkur va chuqur o‘ylashga muhtoj bo‘linadigan maxfiy ma'nolar bo‘lib mufassir bir necha ma'noga ehtimol qiladigan oyatlarni chuqur o‘ylash va dalillar bilan bir manosini afzal ko‘radi. Ammo bu qat'iy ma'nosi shu deb hukm qilmaydi. Zero Alloh taolo Oli imron surasi 7- oyatida

وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ

“Uning taʼvilini Allohdan boshqa hech kim bilmas” deb marhamat qiladi.

Qurʼon oyatlarini 1-bo‘lib tafsir qilgan zot Muhammad sollallohu alayhi va sallam bo‘lib, qur'on oyatlarini izohlab, bayon qilib berganlar va bu ilm sahobalarga, sahobalardan tobeʼinlarga meros qoldi. Sahobalar va tobeʼinlar asrida Tafsir ogʻzaki rivoyat va naql shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan.

Suyutiy “Al-Itqon”da kitobida aytadi: “O‘nta sahoba o‘zlarining tafsirlari bilan mashhur edilar: To‘rt xalifa, Ibn Mas’ud, Ibn Abbos, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Abu Muso Al-Ash’ariy va Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhum).

Tobeinlardan mufassirlar ko'pchilik bo’lib ular orasida mashhur bo‘lgan kishilar uch tabaqaga bo‘lindi:

1- Makka mufassirlari.

2 - Madina mufassirlari.

3- Iroq ahli mufassirlari.

Makka ahli mufassirlari Abdulloh ibn Abbos (r.a)ning shogirtlari bo’lib Mujohid, Ato ibn Abu raboh, Ikrima, Tovus ibn Kayson, Said ibn Jubayr

Madina ahli mufassirlari - Muhammad ibn Kab, Abul Aliya ar-Rayohiy, Zayd ibn Aslam.

Iroq ahli mufassirlari kattalari - Hasan Basriy, Masruq ibn Ajda, Qatoda , Ato ibn Abu Muslim

Tafsirdan birinchi kitob yozgan shaxs - Abdumalik ibn Jurayjdir (8-asr).Undan keyin Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va boshqa mufassirlar tafsir yozishda shuhrat topdilar.

Oʻzbekiston hududidan chiqqan mufassir ulomolarimiz mashhurlari

1.Abu Mansur Moturidiy- "Ta‘vilot ahli sunna val-jamoa". U Qurʼon oyatlarini ahl assunna val jamoa nuqtai nazaridan tafsir qilgan.

2.Abu Lays Samarqandiy "Bahrul ulum" ( Tafsiri Samarqandiy)

3. Faxriddin Roziy - "Mafotih ulgʻayb" ("Gʻayb sirlarini ochuvchi"

4. Mahmud Zamaxshariy - “Al-Kashshof” tafsirining to‘liq nomi “Al-Kashshof an haqoiq g‘ovamizit tanzil va uyunil aqoviyli fi vujuhit ta'vil” (Tanzil (Qur'on)ning tushunish qiyin bo‘lgan o‘rinlarining haqiqiy ma'nosini hamda ta'vil qilishda so‘zlarning ko‘zlarini ochib beruvchi)dir.

5. Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy -"Madorik at-tanzil va haqoyiq attaʼvil" ("Nozil qilingan Qurʼon maʼnolari va tafsir qilish haqiqatlari")

Tafsir turlari

Aniq ilmiy istilohga ko’ra tafsir uch qismga bo'linadi:

1- "Tafsir bir-rivoya" yoki “Tafsir bil-masur” deyiladi.

2-"Tafsir bid-Dirayo", yoki “Tafsir bir-ra’y” deyiladi.

3-Tafsir bil-ishoriy: Ulamolar “Tafsiri ishoriy” deb atashadi:

“Ma’sur” rivoyatiga ko'ra tafsir bu Qur'on yoki oyat yoki sahobalarning so'zlari bilan Alloh taoloning irodasiga oydinlik kiritish sifatida bayon qilingan tafsirdir. Unda Qur'onni Qur'on bilan yoki Payg'ambar sunnati (hadislari)ga ko'ra tafsir qilinadi yoki Qur'onni sahobalar so'zlari bilan tafsir qilinadi.

Ushbu turda yozilgan tafsirlar:

1."Jomiul bayon fi tafsiril quron" (Tafsiri Tabariy) Muhammad ibn Jarir Tabariy (310-h)

2."Bahrul ulum" (Tafsiri Samarqandiy) Nasr ibn Muhammad Samarqandiy (373-h)

3. "Al-kashfu val-bayon" (Tafsiri Sa‘labiy) Ahmad ibn Ibrohim Sa‘labiy Naysoburiy

4." Tafsiri Qur'on karim" (Tafsiri Ibn Kasir) Ismoil ibn Umr Dimashqiy (774-h)

5." Ad-durrul mansur fit tafsiri bil ma‘sur" (Tafsiri Suyutiy) Jaloliddin Suyutiy (911-h)

“Tafsir bir-ray” yoki tafsiri ma’qulda mufassir Qur’onni tafsir qilishda Sahoba va tobeinlardan naql qilingan asarlargamas balki o’z ijtihodiga suyanadi va unda arab tili va undagi sarf, nahv, ulumul balog’a, usulul fiqh hamda oyatlarni nozil bo’lish sabablariga asoslanib tafsir qiladi.

Ushbu turda yozilgan tafsirlar:

1."Mafotihul g‘ayb" (Tafsiri Roziy) Muhammad ibn Umar ibn Husayn Roziy (606-h)

2."Anvorut tanzil va asrorut ta‘vil" (Tafsiri Bayzoviy) Abdulloh ibn Umar Bayzoviy (685-h)

3."Lubobut Ta'vil fi maonit tanzil" (Tafsiri Xozin) Abdulloh ibn Muhammad (741-h)

4."Madorik at-tanzil va haqoyiq attaʼvil" (Tafsiri Nasafiy) Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (701-h)

5."Tafsiri Jalolayn" Jaloliddin Mahalliy (864-h), Jaloliddin Suyutiy (911-h)

“Tafsir Ishoriy”ning maʼnosi shuki baʼzi bir ilm ahliga yoki Alloh qalbini munavvar qilgan suluk egalariga zohir bo’ladigan yashirin ishoralar sababli, Qurʼonning zohiriy maʼnosiga xilofdek ko’ringan botiniy manoli Quronning ta’vilidir.

Mufassir oyatning zohiriy ma'nosidan boshqa ma'noni ko'radi, lekin u har bir insonga ko'rinmaydi, balki Alloh uning qalbini ochgan, idrokini yoritgan va uni hidoyat qilgan zotga ko'rinadi.

Ushbu turda yozilgan tafsirlar:

1."Tafsiri Qur'on Karim" (Tafsiri Tustariy) Sahl ibn Abdulloh Tustariy

2. "Haqoiqut tafsir" (Tafsiri Sulamiy) Abu Abdurrohman Sulamiy

3. "Tafsiri Ibn Arabiy" Muhyiddin ibn Arabiy

4. "Ruhul maoniy" (Tafsiri Alusiy) Shahobiddin Muhammad Alusiy


Mir Arab oliy madrasasi 4-kurs talabasi

QURBONOV XAYRULLA

. .