IQTISODIY SOHADAGI YUTUQLARIMIZ – VATAN RAVNAQINING ASOSI (2-maqola)
Muallif: . .
Sana: 06.07.2021
460

Avvalgi maqolada iqtisodni yaxshilash va undan xalq manfaati va yurt tinchligini ko’zlash yaxshi, shariatda targ’ib qilinadigan ish ekani aytib o’tilgan va bu bir qancha hadisi shariflar bilan izohlab berilgan edi. Shu o’rinda bir savolga javob berib o’tish kerak bo’ladi. “Islomda faqat iqtisodni yaxshilashga targ’ib bor xolosmi? Unda iqtisodiy yo’l yo’riqlar yo’qmi?”.

Yo’q, unday emas. Nabiy s.a.v. boy-badavlat bo’lishni maqtabgina qolmay, juda ko’p o’rinlarda iqtisodiy muammolarning yechimi, uning me’yorlariga ham alohida e’tibor qilganlar va bu borada sahobabalarga ko’rsatmalar berib borganlar. Quyida ana shulardan ba’zilarini misol qilib keltirib o’tamiz.

U zot savdo sotiq bilan shug’ullanuvchi tijoratchilarga qarata: “Faqat xatokorgina ehtikor qiladi”, deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).

Ehtikor bu kishilar uchun eng zarur bo’lgan odamlarning ehtiyoji tushib turgan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarini bir joyga to’plab olib, ularning narxi qimmatlaganda sotishni kutib turishdir.

Ushbu hadis ehtikorning mumkin emasligi, islom shariatida insonning boy va iqtisodi yetuk bo’lishi boshqalarning zarar ko’rishi evaziga bo’lishi qoralanishini ifodalaydi. Nabiy s.a.v.ning bu ko’rsatmalari hozirgi kundagi zamonaviy iqtisodni ham asos qoidalaridan biridir.

Ibn Umar r.a.dan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v. tovarlar to bozorga kirib kelmagunicha tijoratchilarni bozor tashqarisiga chiqib, tovar sotib olishdan qaytardilar”. (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadis esa asosan bozorni egallab olgan, dehqonlarni erkin savdo qilishlariga imkon bermaydigan, kerak bo’lsa, ularni bozordagi narx-navodan g’aflatda qoldirib, tovarni bozorga olib kirmasdanoq sotib oladigan olib sotar savdogarlarga qaratilgandir. Zero, bu ish ham insofsizlikdir. O’zining iqtisodini deb boshqa bir birodarining iqtisodini sindirish yaxshi ish emas. Islom shariati sun’iy ravishda sanoqli insonlarnigina qo’llarida molu davlat to’planib qolishidan qaytaradi. Iqtisodiy raqobat yaxshi narsa, lekin, islom dini - uning adolat bilan bo’lishi tarafdori. Zero, savdogarlarning bunday ishlari oqibatda jamiyatda tabaqalanish, urush janjallar paydo bo’lishiga sabab bo’ladi.

Said ibn Zayd r.a.dan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v. aytadilar: “Kim bir o’lik (o’zlashtirilmagan) yerni o’zlashtirsa, u yer o’shanikidir”. (Imom Abu Dovud rivoyati).

Bu hadis ham iqtisodning yana bir sohasi - dehqonchilik rivojlanishi uchun qilingan tavsiyalardan biridir. Zero, mamlakat iqtisodi faqat savdogarchilikkagina bog’lanib qolmagan, balki, dehqonchilik va boshqa sohalar ham borki, ular ham iqtisod tarmoqlari sanaladi. Bizning yurtimizda va butun yer yuzida juda ham ko’p unumsiz, o’zlashtirilmagan yerlar talaygina. Agar shular bo’sh yotmasdan, undan unumli foydalanilsa, foydalanuvchiga ham, jamiyatga ham nafi tegadi.

Demak, islom shariatida Nabiy s.a.v. tomonidan iqtisod rivojlanishi borasida yetarlicha ko’rsatmalar ham berilgan ekan. Bu haqida islom manbalarini o’qib o’rganish bilan yanada to’liq ma’lumot hosil qilish mumkin bo’ladi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, yurtimiz mustaqilligining o’ttiz yilligi barcha xalqimizga muborak bo’lsin. Mustaqilligimizni Alloh taolo bardavom qilsin. Yurtimiz ravnaqi bo’lgan iqtisod yanada rivojlansin, yuksalsin. Vatanimiz tez orada rivojlanayotgan davlatlar qatoridan rivojlangan davlatlar qatoriga qo’shilsin. Ushbu iqtisodiy va boshqa sohalardagi rivojlanish, yurtimizning barcha fuqarolariga manfaatli bo’lsin. Alloh taolo ushbu rivojlanishda barchamizga Nabiy s.a.v.ning ko’rsatmalariga amal qilishni nasib qilsin. Ushbu rivojlanish va yuksalishlar, yurtimiz fuqarolarining faqat dunyolarigagina emas, oxiratlariga ham zaxira bo’ladigan bo’lsin. Omin!

Mir Arab oliy madarasasi hadis fani o’qituvchisi,

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

To’xtasinov Ro’zimuhammad

. .