IQTISODIY SOHADAGI YUTUQLARIMIZ – VATAN RAVNAQINING ASOSI (1-maqola)
Muallif: . .
Sana: 06.07.2021
539

Biz yashab turgan, unib o’sayotgan diyorimiz, yurtimiz O’zbekiston mustaqilligiga ham 30 yil to’lmoqda. Mustaqillik sabab mamlakatimiz mana shu yillar mobaynida juda ko’p va ulkan yutuqlarga erishdi va jahon miqyosida jadal rijojlanayotgan davlatlar qatoriga qo’shildi. Bunga asosiy sabablardan biri mutasaddilar, davlat jonkuyarlarining mamlakat rivojlanishi uchun tanlagan to’gri yo’nalishlaridir. Albatta, bu muddat ichida tanlangan yo’lning ijobiy natijalarini ko’rdik. Yurtimizda iqtisod, siyosat, ma’naviyat va ma’rifat, qo’yingki, barcha sohada o’ziga xos o’sish va shakllanish yuzaga keldi.

Bir yurt rivojlangan, deya e’tirof qilinishi uchun juda ko’p jihatlari e’tiborga olinadi. Darhaqiqat, yurtimiz hamma soha qatori iqtisod bo’yicha ham jadal rivojlandi. Buni bozor iqtisodiyoti, turizm, zavod fabrika, ishlab chiqarish, dehqonchilik faoliyatlari misolida ko’rish mumkin.

Biz ushbu maqolada iqtisodiy sohadagi yutuqlarimizni birma-bir sanab, u haqidagi hujjatlarni keltirishni emas, balki, iqtisodning rivojlanishi vatan ravnaqining asosi ekanini islomiy nazar ila bayon qilishni maqsad qildik. Buning uchun, albatta, islom tarixini yodga olish Pay’g’ambar s.a.v. va sahobalar hayotini o’rganish kerak bo’ladi.

Abu Zar r.a.dan rivoyat qilinadi: “Payg’ambarimiz s.a.v.ning bir qancha faqir sahobalari u zotning huzuriga kelib, arzi hol qiladilar: “Yo Rosulalloh! Boylar
ajru savob olish borasida bizdan o’zib ketdilar. Zero, ular bizlar namoz o’qigandek namoz o’qiydilar. Bizlar ro’za tutgandek ro’za tutadilar. Undan tashqari, ortiqcha molu davlatlarini infoq-ehson qiladilar. (Tabiiyki, biz ular kabi ko’p sadaqa qilolmaymiz).

Shunda Nabiy s.a.v. ularga bunday javob qildilar: “Alloh sizlarga ham sadaqa qilish imkoniyatini berib qo’ymaganmi, axir? Zero, har bir aytilgan tasbeh, takbir, hamd, tahlil (la ilaha ilalloh deyish) amru ma’ruf (yaxshilikka buyurish), nahiy munkar (yomonlikdan qaytarish), hatto ayollaringiz bilan yaqin muomalada bo’lishingiz ham sadaqaku!”.

Sahobalar u zotning oxirgi jumlalaridan ajablanib so’radilar: “Yo Rosulalloh, qanday qilib ayollarimiz bilan yaqin muomalada bo’lib, undan ajru savobga erishamiz?”.

U zot: “Agar sizlardan biringiz o’z shahvatini harom bilan qondirganda gunohkor bo’larmidi? Xuddi shuningdek, halol yo’l bilan shahvatini qondirganda ham ajru savob egasi bo’ladi”, deya javob qildilar.

Bir necha kundan so’ng haligi sahobalar yana keldilar va aytdilar: “Yo Rosulalloh, haligi bizga o’rgatgan ishlaringizni boylar ham o’rganib olib, ular ham biz qilgandek qilishyapti. (Ya’ni, bu ishni ham savobiga erishib olishyapti). (Endi biz nima qilaylik?)”.

Payg’ambarimiz s.a.v. “Bu (boylik) Allohning fazli, uni o’zi xohlagan kimsasiga beradi”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati)

Ushbu hadisda bizga kerakli muhim bir joyi shuki, Nabiy s.a.v. iqtisodi yaxshi, o’ziga to’q, boy-badavlat bo’lish va uni to’g’ri yo’lga sarflashni Allohning fazli demoqdalar. Bu bilan iqtisodni yaxshilash uchun qilingan harakat ijobiy ekani, ayrim hollarda boylar faqirlar qilolmagan ishlarni qilishi, ular erisholmagan ajru savoblarga erishishi mumkinligi tushuniladi.

Yana bir hadisi sharifda Nabiy s.a.v.: “Ikki narsadagina hasad (havas) qilish mumkindir. Ularning biri Alloh ilm bergan kimsaning ilmiga. Agar u ilmiga amal qilib borsa. Ikkinchisi esa Alloh molu davlat berib qo’ygan shaxsnining boyligiga. Agar u o’z molini haq yo’lga sarflasa”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Bu hadisdan esa iqtisodiy rivojlanganlik, o’ziga to’qlik, havas qilgulik ish ekani xulosa qilinadi. Ammo, uning sharti orttirilgan molu davlatni to’g’ri yo’lga sarflash ekan.

Islom kishi iqtisodini but qilishdan faqat o’zinigina rohat farog’atda yashab qolishni emas, balki, qarindosh-urug’, qo’ni-qo’shni, qo’yingki, barcha muslulmonlar, yurt, vatanni manfaatini ko’zlashga chorlaydi. Buning yaqqol misolini sahobalarda ko’rish mumkin. Zero, ularning ko’pchiliklari o’z molu davlatlarini xayriya yo’lida sarflagandir.

Nabiy s.a.v. Tabuk g’azotiga mablag’ yig’ish, askarlarni janga hozirlash maqsadida sahoblalarni moddiy ko’makka targ’ib qilib aytadilar: “Kim jangchilarni xarajatini ko’tarsa, qoplasa, unga jannat bo’ladi”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunda sahobalarning ko’plari o’zlarining qo’llaridan kelgan hissalarini askarlarning ta’minoti uchun qo’shadilar. Shu hissalarning ichida Nabiy s.a.v.ni hazrati Usmon r.a.ning qilgan hadyalari ajablantiradi. Zero, u kishi askarlarning ta’minoti uchun ming dirham va uch yuz tuyani ustidagi kerakli jihozlari bilan birga keltirib beradilar. Bu esa o’sha vaqtda juda katta yordam va ko’mak edi. Shuning uchun garchi ko’plab sahobalar bu jangchilarning ta’minotiga o’z hissalarini qo’shgan bo’lsalarda, islom tarixida Tabuk g’azotining ta’minotchisi sifatida Usmon r.a. esga olinadi. Holbuki, o’sha janga Abu Bakr r.a. butun molini, Umar va Abdurahmon ibn Avf r.a.lar bor molining yarmini olib chiqqan edilar. Payg’ambarimiz s.a.v. Usmon r.a.ning bu himmatlarini ulkan baholab, minbarda turgan holatlarida: “Bugungi kundagi qilingan ishdan so’ng Usmonga kelajakdagi biror amal zarar bermaydi (ya’ni, buy’og’iga nima bo’lishidan qat’iy nazar unga jannat vojib bo’ldi)”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati)

Ana bu voqea bilan sahobalar bizga inson to’plagan molu davlati o’zining manfaatiga xizmat qilgandan ko’ra ko’pchilikning foydasiga xizmat qilishi afzal ekanini ko’rsatib berdilar. Undan tashqari inson molu davlati ko’p bo’lsayu uni faqat o’zining ehtiyojlariga ishlatsa, jamiyatga foydasi tegmasa, o’zi yashagan davrda ham, vafot etib ketgandan keyin ham qadrsiz sanaladi. Aksincha, o’zining iqtisodidan birovlarni ham foydalantirsa, tirikligida ham, vafot etgandan keyin ham, kerak bo’lsa asrlar davomida ardoqlanadi, uning qilgan samarali ishlari yaxshilik bilan yodga olinadi. Eng asosiysi, islom shariati bunday kimsani oxiratda jannat egasi bo’lishini ham kafolatlab qo’ygandir.

Demak, iqtisodni yaxshilash va undan xalq manfaati va yurt tinchligini ko’zlash yaxshi, shariatda targ’ib qilinadigan ish ekan. Alloh hammamizni din, el-yurt g’amini chekadigan, ularning tinchligi, ravnaqi yo’lida xizmat qiladigan xodimlardan qilsin. Yurtimizni hamma sohada, jumladan, iqtisodiy rivojida O’zi ko’makchi bo’lsin. Omin!

Mir Arab oliy madarasasi hadis fani o’qituvchisi,

O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

To’xtasinov Ro’zimuhammad

. .