BUXORODAGI MASHHUR NAMOZGOH MAJMUASI TARIXI
Muallif: . .
Sana: 23.06.2021
683

Buxoro shahridagi Namozgoh ibodat maydoni bo‘lib, Qurbon bayrami, Ramazon bayramlarida namoz o‘qish uchun mo‘ljallangan.

Namozgoh Buxoro shahrining janubiy-g‘arbida joylashgan. Tahlillarga ko‘ra Namozgoh Somoniylar hukmronligi davri — IX asrda barpo etilgan.

Buxorodagi bayram ibodatlari dastlab Registonda o‘tkazila boshladi. Lekin IX asrda maydon torlik qilgan va Namozgoh shahardan tashqarida — shahardan uch kilometrga yaqin masofada barpo etilgan.

Shaharning mudofaasi sustlashgani sababli Arslonxon shahar aholisi Buxorodan uzoqqa borishlarini man qilib qo‘ydi va maydon shaklidagi Namozgoh majmuasi XII asrgacha xizmat qildi.

1119-1120 yillarda Namozgoh maydonini kengaytirish maqsadida ushbu maydon yonidagi Shamsobod bog‘i xarid qilindi va maydon o‘rniga pishgan g‘ishtdan, devorining uzunligi taxminan 38 metr bo‘lgan Namozgoh binosi barpo etildi. Mazkur bino devorida ilgari pastroq bo‘yli arkli mehrob bo‘lgan.

Sohibqiron Amir Temur buyrug‘i bilan butun mehrob atrofidagi devor va bitilgan yozuvlar ta`mirlanib, rangdor koshinburush (terrakota) bilan qoplangan.

XVI asrda Shayboniyxonlar sulolasi vakili Abdulloxon ibn Iskandar tarafidan
(1551–1598) qayta qurish amalga oshirilib, old qismida baland qubbali ayvon bilan uch oraliq peshayvon qurilgan, yoniga esa yangi minbar o‘rnatilgan.

Masjid minbarida mashhur ulamolar xutba o‘qiganlar.

Shuni aytish joizki, Namozgoh masjidi shu davrning ko‘pgina mojarolarida sulh tuzish maydoni vazifasini ham bajargan.

Namozgoh XIII-XV asrlarda qayta qurilgan. XVII asrda masjid hashamatli ayvon ko‘rinishiga ega bo‘lgan.

Ta’mir davrida masjid binosiga tutashtirib 3 gumbazli va ustunli peshayvon qurilgan.

Namozgoh tarxi (tashqi ko‘rinishi) to‘g‘ri to‘rtburchak bo‘lib, uch asosiy xonadan iborat. O‘rtadagi murabba tarxli xona yassi gumbaz bilan, yonlaridagi xonalar balxi gumbaz bilan yopilgan. Asosiy xonaga peshtoq, yonidagi xonalarga dalon yo‘lakdan kirilgan. Peshtoqqa girih naqsh ishlangan, Qur’ondan ko‘chirilgan oyatlar bitilgan.

Mo‘tabar fiqhiy kitoblarga yozilgan sharhlarda Buxorodagi namozgoh majmuasining zikr qilinishi ham ushbu majmuaning mashhurligiga dalolat qiladi.

FURZULOV ABDULAZIZ

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

. .