MUSTAQILLIK — MILLATNING TIKLANGAN QADRI, G‘URURI VA OZODLIK NE’MATIDIR
Muallif: . .
Sana: 02.09.2026
29

Tarix shunchaki o‘tib ketgan kunlar ketma-ketligi emas, balki millatning ruhiyatiga, taqdiriga va xotirasiga o‘yilgan chuqur izlardir. O‘zbekiston xalqining bugungi tinch, erkin va obod hayoti ortida ajdodlarimizning asriy fojialari, tobelik kishanlarida o‘tgan iztiroblari va ozodlikka bo‘lgan buyuk intilishi yotadi. O‘z erki o‘zida bo‘lmagan xalqning qismati doimo o‘zgalarning buyrug‘i, manfaati va zulmi ostida kechishi tarixdan ma’lum.

XX asr boshlarida Turkiston zaminida zo‘ravonlik bilan o‘rnatilgan sovet totalitar tuzumi o‘zbek xalqining milliy o‘zligini, diniy e’tiqodini va iqtisodiy mustaqilligini poymol qildi. 1937–1938-yillardagi mash’um qatag‘on yillarida xalqimizning eng sara ziyolilari, ma’rifatparvar olimlari va ulamolari «xalq dushmani» degan soxta tamg‘a bilan qatag‘on qilindi, otildi va surgun etildi.

1941–1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi esa yurtimizning deyarli har bir xonadoniga cheksiz qayg‘u olib kirdi. O‘zbekistondan 1,9 milliondan ortiq inson frontga safarbar etildi, ularning 538 mingdan ortig‘i jang maydonlarida qurbon bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi. Yuz minglab onalar beva, go‘daklar yetim qoldi. Boshqa yurtlar manfaatiga tobe qilingan zamin bu urushda o‘zining eng navqiron, baquvvat kuchlarini boy berdi.

Urushdan keyingi yillarda ham zulmning yangi ko‘rinishlari avj oldi. Markazning mutlaq hukmronligi oqibatida O‘zbekiston faqat xomashyo yetkazib beruvchi qaram o‘lkaga aylantirildi. «Oq oltin» rejasi vajidan bolalar oylarcha maktab partalaridan uzilib, erta bahordan qishning qahratoniga qadar loy kechib, paxta dalalariga haydalar edi. Yosh go‘daklarning sog‘lig‘i zaharli ximikatlar sepilgan dalalarda barbod bo‘ldi, ilm olish o‘rnini og‘ir jismoniy mehnat egalladi.

Bu fojeaning tirik guvohi bo‘lgan 90 yoshli tabarruk buvijonim o‘sha mashaqqatli damlarni hanuz ko‘zlarida yosh bilan shunday xotirlaydilar:

«Dalada tinimsiz ishlayotgan vaqtimizda kutilmaganda tepamizdan samolyot uchib o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri ustimizga zaharli dorilarni sepib ketardi. Shunda otamiz jon holatda: «Og‘zingni mahkam yop, yerga yot!» deb baqirardilar...»

Odam qadri shu qadar toptalgan ediki, paxtazorda mehnat qilayotgan tirik insonlar borligi pisand ham qilinmas, go‘yo u yerda hech kim yo‘qdek, odamlar ustidan ochiqchasiga zahar sepaverishardi. Bu birgina oilaning emas, butun boshli millatning boshiga solingan achchiq qismat edi

Ayollar va qariyalar qishin-yozin tinim bilmay mehnat qilar, lekin bu mehnati evaziga o‘z oilasini yetarli boqish imkonidan ham mahrum edi. 1980-yillarda to‘qib chiqarilgan «Paxta ishi» va «O‘zbeklar ishi» kampaniyalari davrida esa minglab begunoh insonlar, dehqonlar va rahbarlar soxta ayblovlar bilan tergov qilinib, qattiq xo‘rliklar, haqoratlar va adolatsiz qamoq jazolariga tortildi. Bir hovuch hosil yo bir so‘m kamomad vaj qilinib, uzoq yillik qamoqlarga hukm qilindi, xalqning or-nomusi toptaldi.

O‘sha davrda inson mehnati va uning samarasiga ega chiqish huquqi mavjud emas edi. Shaxsiy mulkchilik deyarli taqiqlangan, halol mehnat bilan orttirilgan har qanday ortiqcha boylik shubha ostiga olinar edi. Oddiy bir velosiped yoki mototsikl xarid qilgan kishi ham «bu pulni qayerdan olding?» degan so‘roq-tergovlar, nazorat organlarining tazyiqlariga duchor bo‘lardi. Xalq o‘z mehnati bilan topgan rizqini ochiq, erkin tasarruf eta olmas, o‘z uyida, o‘z yerida begona kabi yashashga majbur edi. E’tiqod erkinligi bo‘g‘ildi: ming yillik tarixga ega masjidlar, madrasalar omborxonalarga aylantirildi, Qur’on o‘qish, diniy ibodatlarni ado etish taqiqlandi, muqaddas Haj ziyoratiga borish haqida tasavvur ham yo‘q edi.

1991-yilda qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligi bu adolatsiz zanjirlarni uzib tashladi. Erki o‘ziga qaytgan xalq o‘z taqdirining haqiqiy egasiga aylandi. Mustaqillik shunchaki siyosiy tushuncha emas, u har bir xonadonga kirib borgan tinchlik, erkinlik va adolat timsolidir:

Masjid va madrasalar qayta ochildi, diniy ta’lim olish qonuniy va erkin yo‘lga qo‘yildi. Har yili o‘n minglab yurtdoshlarimiz emin-erkin Haj va Umra ziyoratlarini ado etmoqda. Ajdodlarimiz merosi, buyuk allomalarimiz qadri tiklandi.

Majburiy mehnat, ayniqsa bolalar mehnati butunlay bekor qilindi. O‘zbekiston yoshlari endi dalalarda emas, zamonaviy maktablar, xalqaro universitetlar va ilmiy laboratoriyalarda tahsil olmoqda, dunyo arenalarida turli sport musobaqalarida men O‘zbekman deya emin-erkin g‘alaba qozonmoqda.

Halol tadbirkorlik, mulkchilik qonun himoyasiga olindi. Bugun har bir inson o‘z mehnati samarasidan bahramand: xohlagancha mulk orttirish, uy-joy qurish, avtomobil minish, erkin tadbirkorlik qilish imkoniyati har bir fuqaroning o‘z qo‘lida.

Xalqimiz o‘z davlatida xo‘rlangan emas, qadri baland, o‘z huquqiga ega millat sifatida yashamoqda.

O‘tmishdagi mashaqqatlarni unutmaslik, ota-bobolarimiz chekkan zahmatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish bugungi tinchlik va erkinlikning naqadar buyuk ne’mat ekanini anglatadi. Mustaqillik — bu xalqimizning qaytib kelgan g‘ururi, boy berilmas boyligi va kelajak avlodlarga qoldiradigan eng ulug‘ omonatidir.

Madaminzoda Abdulatif Baxtiyorjon o‘g‘li
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

. .