RASULULLOHDA GO'ZAL O'RNAK BOR
Muallif: . .
Sana: 29.08.2026
23

Rasululloh Muhammad (s.a.v) mo'minlar uchun aynan o'z hayoti va harakatlari orqali go'zal o'rnakdirlar. Bu xususiyat "Ahzob urushi" va xandaq qazish davrida ham yorqin namoyon bo'ldi. Payg'ambar (s.a.v) haddan tashqari xavfli sharoitda qo'rqmay, sahobalar bilan maslahatlashib xandaq qazishni buyurdilar va o'zlari ham shu og'ir mehnatda ishtirok etib, ularga kuch-quvvat berishdi.

• Musobbalarda doim xotirjamlik va ishonch namoyon bo'ldilar, qo'rqib qolganlarga roha'yat berishdi.

• Sahobalarni erkalash, ular bilan hazil-qift qilish orqali ma'naviy kayfiyatni ko'tarishdi.

• Harsangtoshni sindirish paytida uch marta ko'rinib turgan o't chaqnashi haqida bu olovlarning Alloh tomonidan Yemen, Shom va Mag'rib fethi e'tibori deb ta'rifladilar, bu esa musulmonlarning g'alabaga bo'lgan ishonchini oshirdi.

Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo'lganlar uchun va Allohni ko'p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go'zal o'rnak bor edi.

Ha, mo'min-musulmonlar uchun go'zal o'rnak manbai ularning mahbub Payg'ambarlari Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. U kishi har bir narsada, har bir so'zda, har bir ishda mo'minlar uchun go'zal o'rnakdirlar.

Oh, qani endi, hamma shu o'rnakning mohiyatini tushunib yetsa! Rasulullohning go'zal o'rnak bo'lgan gap-so'zlari havodan olingan nutq emas, Allohdan qilingan vahiydir. U zot sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari Allohning amri bilandir. Ana shunday gap-so'z go'zal o'rnak bo'lmay, qaysi gap-so'z go'zal bo'lishi mumkin. Ana shunday ishlar go'zal o'rnak bo'lmay, boshqa qaysi ishlar go'zal o'rnak bo'lsin.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ahzob urushida ham, odatdagidek, eng go'zal namunalarni ko'rsatdilar. Xavf-xatar tasvirlab bo'lmaydigan darajada katta ekaniga qaramay, zarracha qo'rqmasdan, Madinani himoya qilishga chiqdilar. Dushmanga qarshi nima chora ko'rish kerakligi haqida sahobalar bilan maslahat qildilar. Salmoni Forsiy roziyallohu anhuning fikrlarini qabul etib, xandaq qazishni boshladilar.

U zot sollallohu alayhi vasallam shunday xatarli va nozik bir paytda mo'min-musulmonlar uchun ishonch, orzu-umid, xotirjamlik timsoliga aylandilar. Kim tushkunlikka tushsa, qo'rqsa, ikkilansa, umidsizlansa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rishi bilan bu tuyg'ularidan forig' bo'lar edi.

Xandaq qazish ishlarida U zot hammaga o'rnak bo'lib, ter to'kdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam yer qazir, tuproq surar va zambil ko'tarar edilar. Og'ir mehnat yengillashsin uchun jo'r bo'lib, she'r o'qigan sahobai kiromlarga o'zlarining muborak ovozlari bilan qo'shilar edilar.

Musulmonlardan birining nomi Ju'ayl (qo'ng'iz) edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ismini «Amr» deb o'zgartirdilar. Bunday xavfli paytda xunuk ismdan qutulish kayfiyatni ko'tarar edi. Musulmonlar bundan xursand bo'lib, ism o'zgarganini bayt qilib, baland ovoz bilan ayta boshladilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam baytning oxirida ularga jo'r bo'lib turdilar.

Sahobalardan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu yosh bo'lishiga qaramay, tuproq tashir edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ko'rib: «Qandoq ham yaxshi bola ekan-a?» deb erkalatdilar. Ish davomida charchab, Zayd ibn Sobit xandaqda uxlab qoldi. Shunda Ammora ibn Hazm uning qurolini olib qo'ydi. Uyg'ongach, Zayd quroli yo'qligini ko'rib, qo'rqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Ha, uyquchi, uxlab yotganingda quroling ketib qolibdimi?» deb hazil qildilar. So'ngra:

«Bu bolaning qurolini kim biladi?» deb so'radilar. Ammora:

«Ey Allohning Rasuli, u menda», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Unga qurolini qaytar», dedilar-da, keyin musulmon kishining o'ziga bildirmay, biror narsasini olib qo'yib qo'rqitishdan qaytardilar.

Xandaq qaziyotganida, Salmoni Forsiy roziyallohu anhuning oldidan katta xarsangtosh chiqib qoldi. U xarsangni sindira olmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko'rib, cho'qmorni uning qo'lidan oldilar. Kuch bilan xarsangni urgan edilar, o't chaqnab ketdi. Yana bir urgan edilar, yana o't chaqnadi. Uchinchis marta urgan edilar, uchinchi marta ham o't chaqnadi. Shunda Salmoni Forsiy roziyallohu anhu:

«Ota-onam sizga fido bo'lsin, ey Allohning Rasuli, men ko'rgan narsa nima o'zi? Zarba berganingizda o't chiqdi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sen o'shani rostdan ko'rdingmi, ey Salmon?» deb so'radilar. Salmon roziyallohu anhu:

«Ha», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Birinchisi bilan Alloh taolo menga Yamanni fath qildi. Ikkinchisi bilan Alloh menga Shomni fath qildi. Uchinchisi bilan Alloh menga Mag'ribni fath qildi», dedilar.

Bu xabar yashin tezligida musulmonlar ichida tarqaldi. Ularning ruhlari yuksaldi, g'alabaga bo'lgan ishonchlari mislsiz darajada ortdi.

Shu bilan birga, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinmay Alloh taologa yolborar, namoz o'qir, munojot qilar, Robbul olamiyning O'zidan nusrat so'rar edilar. Bularning hamma-hammasi musulmonlar uchun go'zal o'rnakdir. Shuning uchun ham o'zlaridan ko'ra son va qurol jihatidan g'oyatda ustun bo'lgan ahzoblarni ko'rgan mo'minlar zarracha qo'rqmadilar.

manba Tafsiri hilol, 21-juz. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

. .