Alloh taolo bandalarini zinoga yaqinlashishdan va zinoga sabab bo‘ladigan ishlardan qaytarib shunday deydi: «Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki bu buzuqlikdir va eng yomon yo‘ldir» (Al-Isro surasi, 32).
«Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga duo-iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur» (Furqon, 68-69).
«Zinokor ayol va zinokor erkak - ulardan har birini yuz darradan uringlar...». Bundan tashqari, ular bir yilga shaharlaridan badarg‘a qilinadilar. Bu haqda sahih hadis vorid bo‘lgan.
«Agar sizlar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar, Allohning (bu) hukmida (ya'ni, zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm-shafqat (tuyg‘ulari) tutmasin!». Agar sizlarning Allohga va oxirat kuniga bo‘lgan iymoningiz haqiqiy bo‘lsa, u holda sekinroq yoki kamroq urish bilan Allohning zinokorlarga belgilagan jazosini bekor qilmanglar. Ularga rahmingiz kelmasin. Chunki zinokor rahm-shafqat ko‘rsatishga arzimaydigan yaramas, tuban jinoyatchidir.
«Ularning azoblanishiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar!»
(Nur surasi, 2). Shunda jinoyatchilar ham jisman, ham ruhan qiynaladilar. Boshqalar ham odamlar orasida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, bu qabih ishdan o‘zlarini tiyadilar. Chunki ayrimlarga jazolanishdan ko‘ra, sharmanda bo‘lish kuchliroq ta'sir qilishi mumkin.
Ulamolar aytadilar: «Mazkur jazo bo‘ydoq - oila qurmagan zinokorlarga taalluqlidir. Agar zinokorlar oilali yoki ilgari oila qurgan bo‘lishsa, ular toshbo‘ron qilib o‘ldiriladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida bu hukm o‘z ifodasini topgan. Mabodo zinokorlar bu dunyoda jazolarini olmasalar va tavba qilmay o‘lsalar, u dunyoda do‘zaxda olov-qamchilar bilan azoblanadilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘rilik qiladi. (Ichuvchi) xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olgandek, Alloh undan iymonni yechib oladi» (Hokim rivoyati, sahih hadis).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh gapirmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, ularga qaramaydi va ularga alamli azob bo‘lur. (Ular) zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘al» (Muslim, Nasoiy rivoyati).
Samura ibn Jundab roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tush ko‘rdilar. U zotning oldilariga Jabroil va Mikoil alayhissalomlar kelishdi. Nabiy aytadilar: «Yo‘lga tushdik va tandirga o‘xshagan narsa oldiga keldik. Undan shovqin-suron eshitilib turardi. Qarasak, uning ichida yalong‘och erkak va ayollar bor ekan. Ularga taglaridan olov kelib turarkan. Olov kelganda, qichqirar edilar... Tandirga o‘xshagan bino ichidagi yalong‘och erkak-ayollar zinokor erkak-ayollardir» (Buxoriy rivoyati). Zinokorlar qiyomatga qadar mazkur azobga giriftor bo‘lurlar.
САИДОВ ИБРОҲИМЖОН
Мир Араб олий мадрасаси ўқитувчиси
