
Hanafiy mazhabida juma namozidan avvalgi va keyingi sunnat namozlarining bayoni
Ma'lumki, moʻmin-musulmonlar besh mahal farz namozlari bilan birga Sunnat namozlarini ham oʻqishadi. Sunnat namozlar muakkada va gʻayri muakkadaga boʻlinadi, yani takidlangan va takidlanmagan sunnatlar. Muakkada sunnatlar hukm jihatdan Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam bardavom bajarganlari uchun vojibga yaqin maqomda turadi. Ularga beparvolik qilish mumkin emas.
Hanafiy mazhabimiz fiqhiy matnlarida yozilishiga koʻra, farz namozlari bilan oʻqiladigan takidlangan sunnatlar quyidagilardir:
-bomdod farzidan oldin ikki rakat;
-peshinning farzidan oldin oldin toʻrt va farzidan keyin ikki rakat;
-shomning farzidan keyingi ikki rakat;
-xuftonning farzidan keyingi ikki rakat;
-juma namozidan avval toʻrt va keyin toʻrt rakat;
Eng kuchli sunnat namozlaridan biri-bomdodning 2 rakat sunnatdir. (“Fatovoi Olamgiriya”va“At-Tabyin”kitoblari).
Hanafiy mazhabimizga koʻra, Juma namozidan avval oʻqiladigan toʻrt rakat Sunnat namozi haqida bir qancha hadisi shariflar mavjud. Jumladan: Yaʼni, Ibn Masud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u kishi aytadi: “Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam har Juma namozidan avval toʻrt rakat va undan keyin toʻrt rakat namoz oʻqir edilar”.(Imom Termiziy rivoyati).
Quyidagi mashhur hadisga Hanafiy mazhab imomlari sharh yozganlarida xulosalariga Juma namozidan avvalgi toʻrt rakat sunnati ham qoʻshganlar.
Yaʼni, Ummu Habiba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u aytadi: Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim:“Kim bir kecha-kunduzda oʻn ikki rakat namoz oʻqisa, jannatda Ushbu namozlari uchun bir uy bino qilinadi”. Imom Termiziy bu hadisga ziyoda qilib:“Peshindan avval toʻrt rakat, undan keyin ikki rakat, shomdan keyin ikki rakat, xuftondan keyin ikki rakat va bomdoddan avvalgi ikki rakat(sunnat)namozlaridir”,deb aytganlar. (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Ushbu hadisga suyanib Imom Ibn Nujaym rahimahulloh ham bir kecha kunduzda oʻn ikki rakat namoz takidlangan sunnat bor: “Ular bomdodning ikki rakat, peshindan oldingi toʻrt rakat va peshindan keyingi ikki rakat, shomdan keyingi ikki rakat hamda xuftondan keyingi ikki rakat. Shuningdek, Jumadan oldin toʻrt va keyin toʻrt rakat, Ramazonda xuftondan keyin oʻn salom bilan oʻqiladigan yigirma rakatli taroveh namozlari”, deb sanab oʻtganlar (“Al-ashbah van-nazoir” kitobi).
Demak, yuqorida keltirilgan Hanafiy mazhabimizning mashhur fiqhiy kitoblari va keltirilgan bazi sahih hadislardan xulosa qilib, mazhab olimlarimiz nazdida Juma namozidan avvalgi toʻrt rakatli Sunnat muakkada Sunnat namozlar qatoriga kiradi. Gohida masjidlarimizda mana shu sunnatni qasddan tark qilayotgan kishilarni koʻramiz.
Vaholanki, ular notoʻgʻri tushuncha sababli sunnati muakkadani tark qilmoqdalar. Bu darajadagi sunnatlarni uzrsiz tark qilinmaydi. Aks holda, dunyo va oxiratda malomatga qolinadi.
Jahongirxon Abrorov manbalar asosida
Manba muslim.uz