
Alloh taolo “Gʻofir” surasida bunday marhamat qiladi: “Menga duo qilinglar. Duolaringizni ijobat qilaman”. Baqara surasida esa: “Agar bandam Men haqimda Sizdan soʻrasa, ey Muhammad alayhisalom, men unga yaqindirman. Duo qilguvchining duosini qabul qilaman”, deb marhamat qilgan.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam oʻz hadislarida duo haqida gapirib, “Duo ibodatlarning magʻzidir”, deganlar.
Duo ijobat boʻlishi uchun uning odoblari va qoidalarini bilish talab etiladi. Bular quyidagilar:
- 1.Yeyish-ichishda haromdan uzoq boʻlish va halol luqmaga odatlanish.
- 2.Allohga ixlos bilan duo qilish. Ixlos duo odoblari ichidagi eng ulugʻ tushunchalaridan biri boʻlib, u iymonning gavhari oʻlaroq, duo ijobat boʻlishida muhim. Ixlossiz qilingan duoning samarasi boʻlmaydi.
- 3.Tahoratli boʻlish. Duo qilgan insonning pokiza holatda boʻlishi soʻralgan istaklar ijobatida katta ahamiyatga ega.
- 4.Qiblaga yuzlanib duo qilish. Allohga ibodat qilishda qaraladigan tomonga yuzlanib, duo qilish ham saodatli amallar sirasidandir. Bu duolar ijobatida katta oʻrin tutadi.
- 5.Allohga hamdu sano aytib duo qilish.
- 6.Paygʻambar alayhissalomga salom va salavot aytish.
- 7.Ikki qoʻlni koʻkrak barobar yozib koʻtargan holda duo qilish.
- 8.Odob bilan, xushuʼ-xuzuʼ, sakinat bilan Alloh taolodan qoʻrqqan holatda duo qilish. Chunki u butun olamlarning Robbi, barcha mahluqlar Yaratuvchisi, har bir bandasini rizqlantiriruvchi Zotga duo qiladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda Unga tazarru qilgan holatda duo qilishni buyurdi.
- 9.Uning ulugʻ ismlarini tilga olgan holda duo qilish. Alloh taolo Oʻz kalomida “Allohning goʻzal ismlari bor. Bas, Unga goʻzal ismlar bilan duo qilinglar”, deb marhamat qildi.
- 10. Oʻz gunohlarini eʼtirof qilib, tavba-tazarru qilgan holda duo qilish.
- 11. Qatʼiyat, ragʻbat va jiddu jahd bilan Allohdan soʻrab, duo qilish.
- 12. Qalbni duoga hozirlab, iltijo bilan Allohdan soʻrash.
- 13. Duoni qayta-qayta, takror-takror soʻrash.
- 14. Duo qilganda shoshmaslik. Yaʼni “Allohdan soʻragandim, duoim qabul boʻlmadi”, demaslik. Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhisalom aytdilarki, “Sizlarning birortangiz duo qilsangiz, bu duo, albatta ijobat boʻladi. Agar shoshilmasangiz”.
- 15. Duolar qabul boʻladigan ulugʻ vaqtlarni kutib, oʻsha chogʻda duo qilish.
- 16. Bu shunday holatlarni gʻanimat bilib duo qilishlikki, sajda vaqti, yomgʻir yogʻayotgan paytlarda oʻzini kamtar tutgan holda Allohdan soʻrash.
Duoning ijobat boʻladigan vaqtlari va holatlari ham mavjud. Aynan shunday vaqtlarda qilingan duolarning ijobat boʻlishi aytiladi.
-Qadr kechasida qilingan duo;
-Arafa kunida qilingan duo;
-Ramazon oylarida qilingan duo;
-Juma kuni kechasi qilingan duo;
-Juma kuni qilingan duo;
-Kechaning oʻrtasida qilingan duo.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda aytiladi, “Yo Rasululloh! Duolarning qaysi biri qabul boʻluvchirogʻidir?”, deb soʻraldi. U zot alayhissalom: “Kechasi turib, duo qilishlik va farz namozlari ketidan qilingan duolardir”, deb javob berdilar.
Odilxon qori YUNUSXON oʻgʻli
Manba muslim.uz