
(Aldangan) agar haj qilsa, ishining boshini zoye qiladi. Zero, haj bu bandaning oʻz Robbisi tomon yurishidir. Alloh taolo u Baytni (Kaʼbani) bandalarga rahmat qilib qoʻygan. Toki ular oʻsha yerga borib, Baytni tavof qilishsa, ularni uqubatdan qutqaradi, magʻfirat qiladi, gunohlaridan oʻtadi, ularni azobdan saqlaydi. Chunki ular gunoh qilganlarida qoʻrqib, Alloh taolo tomonidan xavfda qoldilar. Shuning uchun ularga bu yerni omonlik qildi va: “Eslang, Baytni (Kaʼbani) odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qoʻydik” (Baqara surasi, 125-oyat), dedi.
Agar bandalar u yerga haj qilib, panoh soʻrab, tavba qilib kirsalar, ularni haj sababli omonda qiladi. Ularga panoh beradi, gunohlarini kechiradi. Alloh taolo xalili Ibrohim alayhissalom Kaʼba poydevorini koʻtarganida unga odamlarni oʻz vatanlaridan gunohlarini tark qilib kelishlari, shu bilan ularni kechirishi uchun chaqirishni buyurgan. Gunohini tark qilmaganga vaʼda qilingan narsa uning ustidan kulib keladi.
Hoji ishining boshi – barcha gunohlarni, zulmni tark qilishi, tavba qilishi, haqdorlarga haqlarini berishi, oʻsha yoʻlda aʼzolarini oʻzi tavba qilgan gunohlardan tiyishidir. Toki u Robbisining hovlisiga kelguncha tavbasi toʻgʻri boʻlsin. Keyin u oʻzi chaqirilgan joyda qilgan gunohlariga uzr tilab turadi. Robbisi uni kechirib, gunohidan oʻtsin. Unga tavfiq berib, ehromida hajini tugatguncha aʼzolarini har qanday jafo, xato va odobsizlikdan tiysin.
Hajning nusuk deb nomlanishining sababi shuki, banda Robbisi baytiga vazminlik, viqor, qurbonliklari bilan keldi. Barcha joylarda Alloh taologa xokisor boʻlib, jabr, manmanlik va xudbinlikni tark qilib, oʻzini past olib keldi. Agar shularning barchasini qilib, koʻp tavof, namoz bilan mashgʻul boʻlsa, soʻng har yili hajga kelaversa, u aldangandir. Chunki u tavba qilinadigan joyga kelsa ham, gunohlarni tark qilmadi. Uzr soʻraladigan joyga kelib, uzr soʻrashga parvo qilmadi. Gunohlarni tark qilmagan boʻlsa, qanday qilib uzr soʻraydi? Birovning molini tortib olib, qarindoshlik aloqasini uzib, zulm qilib, molini harom yoʻllardan topib, ota-onasiga oq boʻlib, xotini va bolalariga haqlarini bermay, gunohida davom etib turgani holda tili bilangina uzr soʻrashi foyda beradimi?! U ana shu bilan aldangandir.
Haj qilib, gunohi kechirilmasa, unga ijobat qilinmaydi. Gunohlardan saqlanib, shunda sobit tursa, unga Alloh taolodan sabot keladi, qalbini shu bilan isloh qiladi. Bizga rivoyat qilishlaricha, Alloh taolo bunday degan: “Ey Dovud, Men kimni bir marta magʻfirat qilsam, shu bilan uning dunyo va oxirat ishlarini isloh qilaman”. Bizga Sulaymon ibn Mansur Zahabiy Ibn Muborakdan rivoyat qildi: Hasandan: “Hajji mabrurning belgisi nima?” deb soʻrashdi. U: “Oldingidan ham zohid boʻlib qaytishi”, dedi.
Hakim Termiziyning “Oqillar va aldanganlar” kitobidan
Asliddin RAHMATULLOH tarjimasi.
Manba muslimuz