HIZBUT-TAHRIR VA UNING MOHIYATI
Muallif: . .
Sana: 18.02.2023
826

Hizbut-tahrir oqimi oxirgi asrda Islom dushmanlari tomondan musulmon jamiyatlarini parchalab tashlash uchun qurilgan diniy-siyosiy oqimdir. Rahnamolari asosan gʻarb mamlakatlaridan panoh topuvchi bu toifaning muassisi Taqiyuddin Nabhoniy (1909-1977) boʻlib, u 1948-yili guruhga asos solgan.

Oqim aʼzolarining eʼtiqodlari bir-biridan ajabtovur darajada farq qiladi. Mazhabsizlikka qattiq berilishgan. Asosiy maqsadlari—Islom xalifaligini qayta tiklashga urinish va shu harakatda birlashishga targʻib qilishdir. Bu ularning eng zarur aqidaviy va amaliy mashgʻulotlari boʻlib, goʻyo ular uchun xalifalik tuzish namoz, roʻza, zakot va haj kabi islom arkonlaridan ham muhimroqdek tus olgan.

Xalifalikni zoye qilgan sabablarni oʻrganib uning muolajasi va oʻz nafslarining islohoti bilan shugʻullanish oʻrniga, davlat toʻntarishi, sultonga qarshi chiqish, mavjud tuzum rahbariyatiga boʻysunmaslik, xalqni davlatga qarshi gij-gijlash kabi ishlarga zoʻr berishadi.

Hizb uchun siyosatdan boshqa sohalar hatto diniy boʻlsa ham, doim ikkinchi darajali boʻlib kelgan. Xatib va daʼvatchilari ham xalqqa aksar holda siyosatdan nutq qilishadi. Xalqda norozilik kayfiyatini paydo qilish, isyonkorlik ruhiyatini singdirish kabi fitnali mavzularga koʻproq urgʻu berishadi. Ular shu yoʻl bilan oʻzlarining fiqh, aqida, tafsir, hadis kabi Islomda asosiy oʻrin tutgan fanlardan oʻnoq ekanliklarini yashirib kelishadi.

Hizbchilarning oʻzaro aqidaviy birlik va chuqur diniy ilmdan mosuvoliklari ularni dunyo hukmronligini koʻzlagan tashqi kuchlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlishlariga sabab boʻlib keladi. Faoliyat koʻrsatgan mintaqalarida asosan, kuchlar muvozanati va dunyo siyosatidan bexabar qiziqqon yoshlarni saflariga jalb qilishga muvaffaq boʻlishgan. Ularning siyosat ilmida ham noʻnoq boʻlishlari koʻpdan koʻp fitnalarni uygʻotishlariga sabab boʻldi. Shundoq ham qoʻl ostidagi musulmonlarni yoʻqotish haqida bosh qotirib, qulay fursat kutib turgan gʻaraz niyatli kuchlarga hizbut-tahrirchilar oʻsha fursatni ikki qoʻllab taqdim qilishdi. Natijada Islom dini va musulmon jamiyatlariga faqat ziyon va nadomat keltirdilar xolos.

Hizbchilar ilmsiz boʻlgani uchun aqida va fiqh masalalarida jiddiy va qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻygan. Masalan,

Behayo suratlarni tomosha qilish joiz.

Begona ayolni shahvat bilan yoki shahvatsiz oʻpish joiz.

Ikki qutbda yashovchilardan namoz va roʻza soqit boʻladi.

Hizbut tahrir oqimining mana shunga oʻxshagan umuman dinimiz qonun-qoidalirga toʻgʻri kelmaydigan koʻplab “fatvolari” va daʼvolari mavjud.

Hozirgi kunimizda “Yomgʻirdan keyingi qoʻzi qorinday” koʻpayib ketayotgan turli firqalar, toifalar, hizblar va bemazhablar Ahli sunna val jamoa eʼtiqodi boʻyicha tan olingan toʻrt fiqhiy mazhablarning biriga xossatan Hanafiy mazhabiga amal qilgan holda ibodatlarini ado etayotgan musulmonlarni fitnaga solish va toʻgʻri yoʻldan adashtirib oʻzlarining notoʻgʻri gʻarazli gʻoyalarining qurboniga aylantirish uchun turli uslublardan foydalanadilar.

Shunday ekan, har birimiz bunday buzgʻunchi oqim aʼzolaridan oʻzimizni va farzandlarimizni ehtiyot qilmogʻimiz ayni muddaodir.

Kosonsoy tumani “Abdulhayxon” jome masjidi
imom xatibi: Yoʻldoshev Isoqjon

Manba muslim.uz

. .