“SALAFIYLIK” OQIMI HAQIDA
Muallif: . .
Sana: 27.01.2023
5226

Salaf – soʻzi lugʻatda “ajdodlar”, “avval yashab oʻtganlar” maʼnolarida ishlatiladi. Diniy istilohda esa, “oʻtgan solih zotlar” degan maʼnoda ishlatiladi.

Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Odamlarning yaxshilari mening zamonimdagilardir, soʻng ularga yaqin boʻlganlar, soʻng ularga yaqin boʻlganlardir. Soʻngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan oʻzib ketadi”. Avvalgi ulamolarimiz ushbu hadisi sharif asosida Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam zamonlarida va ulardin keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, yaʼni “solih ajdodlar” deb atashgan. Ulardan keyingilarga esa, bu iborani ishlatishmaydi, balki ulardan keyingilarga “xalaflar”, yaʼni “keyingilar” atamasini qoʻllaydilar.

Oxirgi yillarda mazkur “salaf solihlarga ergashamiz” shiorini niqob qilib oʻzlari jarangdor yaltiroq ismlar qoʻyib moʻminlarni asl islomdan chalgʻitadigan oqimlar va mutaassib firqalar ham koʻpayib ketdi. Oʻshalardan biri – bugungi kunda oʻzlarini “salafiylar” deb atab hammani oʻzlari tomonga jalb qilayotgan, islom olamida notinchlik buzgʻunchiliklarga sabab boʻlayotgan – “soxta salafiylar”dir.

Xoʻp “salafiylik” oʻzi nima? Ular har qanday yangilikni bidʼatga chiqarib, fiqhiy mazhablarini , tasavvufni inkor qiladilar, arzimas sabablar bilan ularning yoʻllariga yurmaydigan moʻmin musulmonlarni kofirga chiqaradilar.

14 asrdan beri maʼlum bir mazhablarda ibodat qilib kelayotgan musulmonlarni, ulamolarini adashgan deb, kecha paydo boʻlgan hayotida qattiq tanqidlarga uchragan oʻz rahnamolarini soʻzlarini toʻgʻri hisoblaydilar. Bu toifa aslida hijriy toʻrtinchi asr, milodiy oʻninchi asrda paydo boʻlgan. Ularning gʻoyaviy rahnamosi asosan hijriy yettinchi asrda yashab oʻtgan Ibn Taymiya hisoblanadi. Ular oʻzlarini Hanbaliy mazhabiga ergashamiz, deb aytishsada, bu mazhabga ham koʻp masalalarda yangiliklar kiritishga harakat qilganlar. Ibn Taymiya zamonasida koʻp tanqidlarga uchragan bir necha bor zindonband ham qilingan.

Hijriy oʻn ikkinchi asrga kelib “salafiylar” Arab yarim orolida oʻz qarashlarini bir muncha jonlantirishga erishtilar. Bu ishni asosan ota-onasi, aka-ukalariga qarshi borib oʻz fikriga asosan fatvo berib yuboraverishi bilan mashhur boʻlgan Muhammad ibn Abdulvahhob amalga oshirdi.

Milodiy yigirmanchi asrning 1970-1980-yillarida asli kasbi soatsoz boʻlgan, tayinli bir ustozdan taʼlim olgani aniq boʻlmagan Nosiriddin Alboniy degan shaxs “salafiylik”ni yanada ommalashtirgan.

Bu “soxta salafiylar”ning ustozlari yashab oʻtgan davrlarni tadqiqot qilinsa, oʻsha davrning koʻplab ulamolari ularga raddiyalar berib qattiq tanqid qilishgan. Masalan Ibn Taymiyaning shogirdi oʻz ustozini eʼtiqodi durust emasligini aytib bunday notoʻgʻri yoʻlidan qaytishga chorlab maktub yozgan.

Ibn Taymiyaning Paygʻambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish, tavhid, Allohning makoni, takfir (musulmonni kofirga chiqarish)va boshqa koʻplab aqidaviy masalalarda butun islom olami tan olgan Moturidiya va Ashʼariya eʼtiqod yoʻnalishlariga zid ekanligi oʻsha davr musulmonlari oʻrtasida keskin raddiyalar bitilishga sabab boʻlgan.

Muhammad ibn Abdulvahhobni boʻlsa yuqorida aytganimizdek oʻz otasi va akasi qilayotgan ishini notoʻgʻriligini eʼlon qilib kitob yozishgan. Shuningdek dunyoni qayta boʻlib olish, oʻz mustamlakalarini kengaytirishni maqsad qilgan yevropa davlatlarini musulmon davlatlarini parchalab ularning moddiy resurslariga ega chiqish harakatida soxta salafiylar kabi firqalardan “unumli” foydalandilar. Bu borada Buyuk Britaniya razvedkachisi, sobiq harbiy xizmatchisining “Mister Hemperning xotiralari” deb nomlangan kitobida Muhammad ibn Abdulvahobdan oʻz mustamlakachilik maqsadlarini rivojlantirish yoʻlida qanday foydalanganlarini yozib oʻtgan.

Salafiylik daʼvo qilayotganlarni ularning ishlarini yaxshilab oʻrganib chiqilsa, bu daʼvo puch ekanligini oddiy inson ham tushunib yetaveradi.

Ularning biz sahoba va tobeʼinlar yoʻliga ergashamiz, bizning yoʻlimiz salaflar yoʻli, degan oddiy daʼvolarini olib qaralsa, bu asossiz daʼvo. Chunki Paygʻambar alayhissalom va sahobalarga tobeʼinlarga ularga yaqin zamonda yashab oʻtgan Imom Abu Hanifa, Imom Shofeʼiy , Imom Molik, Imom Ahmad Hanbal rahmatullohi alayhimlar albatta qurʼoni karimni, hadisi sharifni ulardan koʻra yaxshiroq tushunishgan va ularga amal qiluvchi sahoba va tobeʼin zotlarni bevosita taʼlimlarini olganlar. Ular toʻgʻrisida oʻz zamonlarida va undan keyin ham biron bir adolatli olim tanqid yoki inkor qilmagan. Lekin U Ibn Taymiyami, Muhammad Ibn Abdulvahhobmi, Alboniymi oʻz zamonida qattiq tanqidga uchragan ota-onalari ulardan voz kechgan holatlari yuz berganiga tarix guvoh, xoʻsh shundan keyin ham ularni toʻgʻri eʼtiqodda deb ergashib boʻladimi?

Ular 4 ahli sunna val jamoa mazhablarini tanqid qilib islomni tafriqaga solgan deb daʼvo qilishsada, oʻzlari yana bir murosasiz mazhab, firqa tashkil qilayotganlarini tan olgilari kelmaydi. Islomni shafqatsiz, murosaga kelmaydigan din sifatida namoyon qilish bilan oʻzlarini kim ekanliklarini koʻrsatib boʻldilar. Yer yuzining qaysi burchagida ularning tarfdorlari koʻpaysa oʻsha joyda birodarkushlik urushlari, turli nizolar boʻlib oʻtmoqda. Iroq Suriya Jazoir, Misr, Afgʻoniston fojealari fikrimizga yaqqol dalil boʻladi.

Hurmatli oʻquvchi! Nomi yaltiroq, koʻrinishi chiroyli shior koʻtargan har qanday yangi oqim va firqalarga ergashib ketishdan ehtiyot boʻlishimiz kerak. “Hizbut tahriri Islomiy”, yaʼni islomni ozod qilish partiyasi, “Imom Buxoriy askarlari”, “Turkiston islom harakati”, “Tabligʻchilar”, “Sunnatga yordam qilish jamoasi” qarang tashqaridan qaraganda chiroyli koʻrinsada, u oqimlarning har biri musulmonlar tepasiga qancha musibatlarni keltirib chiqardi. Bunday fojeali holatlarni oʻzimiz ham boshimizdan oʻtkazdik. Paygʻambar alayhissalom hadisi shariflarida: Moʻmin kishi bir (gazanda) uyasidan ikki marta (oʻzini) chaqtirmaydi,-deb marhamat qilganlar. Keling “Doʻstning eskisi yaxshi” degan xalq hikmatiga asoslangan holda hali biror notoʻgʻri holati qayd etilmagan, ming yillardan beri musulmonlarning deyarli uchdan ikkisi ogʻishmay amal qilib kelayotgan, yurtimizda ham qadimdan joriy boʻlib kelgan Hanafiy mazhabini mahkam ushlagan holda amal qilaylik, tinch osoyishta ibodatlarimiz bajarayotganimizga shukrona qilaylik.

Pop tuman “Saidjalolxoʻja” jome masjidi imom noibi
Adxamjon Abdurahmonov

Manba muslim.uz

. .