IMZOLANGAN HUJJATLAR OʻZBEKISTON-QIRGʻIZISTON MUNOSABATLARINI KENG QAMROVLI STRATEGIK ShERIKLIK RUHIDA YANADA MUSTAHKAMLASHGA XIZMAT QILADI
Muallif: . .
Sana: 27.01.2023
172

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga davlat tashrifi doirasida oʻtkazilgan muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar.

Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:

- Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish toʻgʻrisida bayonnoma;

- Qirgʻiz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik toʻgʻrisida 2023-2025-yillarga moʻljallangan dastur;

- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Fuqarolarning oʻzaro borib-kelishlari toʻgʻrisidagi bitimga Bayonnoma;

- Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi memorandumga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Bayonnoma.

Vazirlik va idoralar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.

Shuningdek, Jizzax va Issiq-koʻl, Andijon va Oʻsh, Fargʻona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 2023-2025-yillarga moʻljallangan kompleks dasturlar imzolandi.

Manba president.uz

. .