ASHʼARIY VA MOTURIDIYLAR HAMDA ULARNING YOʻLIDAN YURGANLAR MUATTILA (SIFATLARNI INKOR QILUVCHI) HISOBLANADILARMI!?
Muallif: . .
Sana: 21.01.2023
352

Ha, mujassima va mushabbihalarning nazdida hisoblanadilar, toki Alloh taologa jismiyatni isbot qilmagunlaricha shunday qolaveradilar.

Xulosa gap shuki: Ahli sunna val jamoa Alloh taolo uchun U Oʻzi uchun va paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam isbot qilgan narsani isbot qiladilar. Lekin ushbu narsani Alloh taoloning murodiga hamda U zotni loyiq boʻlmagan narsalardan poklashlik bilan isbot qiladilar. Ashʼariy va moturidiylikka oid kichik yo katta aqida kitob bor ekan, unda ulamolar mutashobeh nasslar haqida: bu haqda ikki mazhab mavjud, ikkalasi ham haq mazhabdir, deb aytishadi.

  1. Salaflar mazhabi: tafviz va tanzih qilish bilan isbot qilish. Bu mazhabni eng salomat yoʻl deb aytishadi. Yaʼni ushbu yoʻl sohibi Alloh taologa Oʻzi u haqda aytmagan va iroda qilmagan gapni aytishdan omonda boʻladi. Bunga qaramasdan mushabbihalar va mujassimalar ushbu mazhab egalarini muattilalik va zalolat sifati bilan sifatlashadi. Chunki mujassimalar nazdida isbot qilishning maʼnosi uning ikkinchisi yoʻq boʻlgan bir narsadir: Alloh subhanahu va taologa jismiyat va tashbehni isbot qilishdir, garchi ular bu isbotlaridan keyin “tashbehsiz”, degan soʻzni qoʻshib aytsalar ham. Siz ularning nazdida Alloh taoloni maxluqotlarga oʻhshatuvchi boʻlibgina sifatlarni isbot qiluvchi boʻlishingiz mumkin.
  1. Halaflarning mazhabi : Alloh taoloning sifatlarini Uning zoti va sifatlariga loyiq narslar bilan taʼvil qilish yoʻli, ammo bu Allohning murodi deb qatʼiy turilmaydi. Chunki iroda qilingan narsaga qatʼiy dalil mavjud emas. Ulamolar bu mazhabning yoʻlini ahqam deyishadi yaʼni, ommaga agarda “qoʻl”, “istivo” va shunga oʻxshash narsalarga faqatgina tashbeh va tajsim tushunib qolinishligi qoʻrqiladigan boʻlsa. Bu mazhab ushlagan yoʻlning hikmati: biz mutashobeh sifatlarni zohiriy maʼnosidan Alloh subhanahu va taologa loyiq boʻlgan maʼnoga burish bilan ommani tashbehdan uzoqlashtiramiz. Shu bilan birgalikda mushabbiha va mujassimalar-ning nazdida ushbu taʼvil ham taʼtil (sifatlarni inkor qilish) hisoblanadi. Eng ajablantiradigan narsa shuki, mazkur mujassima toifasi qachonki ularning tajsimiga va tashbehiga Qurʼoni karim va sunnati mutohharada kelgan nasslar muxolif boʻlib kelsa, ular oʻzlarining mazhabiga munosib boʻlgan narsalar bilan taʼvil qilishga shoshadilar va oʻzlarining mazhabida qoida boʻlgan “taʼvil bu taʼtil (sifatlarni inkor qilish)”, degan gaplarini oʻzlarini johillikka solib esdan chiqarganday boʻladilar.

Masalan: ular Alloh taolo osmonda deb eʼtiqod qilishadi, agar ularga “U osmonlaru Yerdagi yakka-yu yagona Allohdirki.” (Anʼom surasi 3 oyat) oyat roʻbaroʻ kelsa ular taʼvil qilib: “Yaʼni U osmonlaru Yerda maʼbud, ammo Uning oʻzi osmonda faqat”, deb aytishadi. Shundoq qilib, Yerda degan soʻzni taʼvil qilishadi-da Osmonlarda degan soʻzni shundoqligicha qoldirishadi.

Ular Alloh taoloning ikki qoʻli bor deb eʼtiqod qilishadi, ammo Biz Oʻz Qoʻlimiz bilan qilgan narsalarni – chorva hayvonlarini yaratib qoʻyganimizni...”, degan oyatda “qoʻlimiz” jamʼ boʻlib kelgan boʻlsa; boshqa oyatda “Allohning qoʻli ularning qoʻllari ustidadir”, birlik koʻrinishida kelsa, ular “أَيْدِينَا” “qoʻlimiz” degan soʻzni taʼzim va mubolagʻa deb taʼvil qilishadi va “يَدَ - yad”ni esa qoʻlning jinsi deb taʼvil qilishadi.

Ular Allohning ikki koʻzi bor deb eʼtiqod qilishadi, vaholanki sharʼiy naarsalarda biron joyida ikki koʻzi bor deb kelmagan, balki “koʻz” soʻzi “Buni Mening koʻz oldimda yetishtirilishing uchun (qildim)”. (Toha" surasi 39 oyat)ida va “koʻzlar” soʻzi “Zotan, siz shak-shubhasiz, Bizning koʻz oʻngimizda (yaʼni, hifzi-himoyamizda)dirsiz... " (Tur" surasi 49 oyat)ida keladi. Bas ular esa yuqorida “qoʻl”ni qanday taʼvil qilgan boʻlsalar, “koʻz”ni ham xuddi shunday taʼvil qilishdi. Ular ikki koʻzning Alloh taologa sobit boʻlishini Allohning Olam suratiga koʻra boʻlishi bilan fahmlab olishdi va “Albatta sizning Robbingiz bir koʻzli emas”, degan hadisi sharifdan dalil keltirishadi.

Va yana ular Alloh taoloning chap va oʻng qoʻli bor deb eʼtiqod qilishadi va “Uning ikki qoʻli oʻngdir” degan hadisdan murod “ikki qoʻli bir xilda quvvatli, chap qoʻli oʻng qoʻlidan zaifroq emas”, deb taʼvil qilishadi.

Va bulardan tashqari yana koʻplab tajsim va tashbehni isbot qiladigan taʼvilotlar borki (Alloh barchamizni bulardan asrasin) ular bu kabi taʼvillardan soʻng “tashbehsiz” desalar ham foydasi yoʻq.

Aziz oʻquvchi, shu gaplarimizni yaxshilab taammul qiling, Alloh barchamizni tajsim va tashbeh illatiga tushib qolishimizdan asrasin!

Abul Barakot Nasafiyning “Al eʼtimod fil eʼtiqod” asaridan Koʻkaldosh OʻMITM matbuot kotibi Rustam Oxunjonov tarjimasi

Manba muslim.uz

. .