
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Paygʻambarimizning (s.a.v.) muborak hayotlarining ohiriga kelib, Qurʼoni Karim oyatlari tushushi ohiriga yetib qoldi. Keyingi bosqichdagi oyatlarning aksariyati hukmlarga tegishli edi. Turli qabila va yurt odamlari Islomni qabul qilishdi. Yangi musulmonlar qarshisida deyarli yigirma uch yil davomida tushib toʻplangan oyatlarni oʻqib-oʻrganish, ularga amal qilish, shariat ahkomlarini oʻz hayotlarida tadbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobalar oʻzlaridan kattalardan, yangi musulmonlar eskilaridan shaʼriy masalalarini soʻray boshlashdi. Bu ishlarda baʼzi sahobalar oʻz ilmlari, topqirliklari bilan boshqalardan ajralib chiqdilar. Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur boʻlgan toʻrt xalifani, Abdulloh ibn Maʼsud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Zayd ibn Sobit va Oisha onamizni (r.a.) misol qilib keltiradilar.
Shuningdek paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) aholisi musulmon boʻlgan uzoqroq yurtlarga oʻz vakillarini, oʻsha yerdagilarga shariat ahkomlarini oʻrgatish, ularning hayotida oriz boʻladigan masalalarni hal etish yubora boshladilar.
Jumladn, Yamanga Muoz ibn Jabalni (r.a.) yuborishni iroda qildilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) oʻz ish joylariga joʻnab ketayotganlarida paygʻambar (s.a.v.) u kishini toʻxtatib, “ U yerda senga bar masala oriz boʻlsa, qanday qilib hukm chiqarasan? ” deb soʻradilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) “ Allohning kitobi ila ”, deb javob berdilar. Rasuli Akram (s.a.v.): “ Allohning kitobidan topa olmasangchi? ” deb soʻradilar. Muoz ibn Jabal (r.a.) “ Allohning paygʻambari sunnati ila ”, deb javob berdilar. Paygʻambar (s.a.v.): “ Allohning paygʻambari sunnatidan ham topa olmasangchi? ” deb soʻradilar. Shunda Muoz ibn Jabal (r.a.) qarab turmosdan, “ fikrim ila ijtihod qilaman ”, dedilar. Paygʻambar (s.a.v.) bu javoblardan gʻoyat mamnun boʻldilar va: “Alloh rasulining vakilini, Allohni va rasulini rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin ”, dedilar.
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy choʻqqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qurʼoni Karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil boʻlib kelmoqda.
Birinchi hijri asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda Islom dini dunyo boʻylab keng tarqaldi. Turli arab boʻlmagan halqlar ham musulmon boʻldilar. Tabiiyki, ular oʻzlariga Qurʼoni Karim va paygʻambarimizning (s.a.v.) sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emaslar. Bir tarafdan til bilmaydilar, qolaversa, ilmlari yoʻq. Nima qilish kerak? Bilganlardan soʻrash kerak. Shunday qilib, asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni oʻrgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajralib chiqa boshladi. Keyinchalik sharoit butun boshli kitoblar taʼlif qilish, masalalarni jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi. Bu haqiqatni xalifa Jaʼfar Mansur va Imom Molik oralarida boʻlib oʻtgan hodisadan ham bilib olsak boʻladi. Imom Molik ibn Anas yoshliklarida Jaʼfar Mansur bilan birga oʻqigan ekanlar. Katta boʻganlarida yoʻllari turlicha boʻlib, Imom Molik ilmda, ayniqsa, fiqhda ulkan allomalik darajasiga yetib, hammaning hurmatiga sazovor boʻldilar. Ogʻaynilari va hamdarslari boʻlmish Jaʼfar Mansur Imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: “ Yaqin orada men bilan sendan ilmliroq odam yoʻq, oʻzing koʻrib turibsan, men manovi ish ila mashgʻul boʻlib qoldim (yaʼni, xalifalik). Sen odamlarga diniy ishlarini yengillashtirib bersang ”, dedi. Imom Molik rozi boʻldilar va “Muvatto” kitobini taʼlif qildilar. Yanagi haj mavsumida “Muvatto” kitobi bilan tanishgan xalifa Jaʼfar Mansur qoyil qoldi va Imom Molikka: “Juda yaxshi qilibsan, agar hoxlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman”, dedi. Imom Molik: “Yoʻq, unday qilma, Rasulullohning sahobalari hamma yoqqa tarvalib ketishdi, ularning har biri oʻzi bilan yaxshilikni olib ketdi”, dedilar.
Ushbu qissadan koʻrinib turibdiki, oʻsha davrda hatto davlat boshligʻi ham kishilarga fiqhiy koʻrsatmalar majmuosi lozimligini anglab yetgan. Ulamolar, jumladan, Imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib yetganlar. Shuning uchun ham Islom olamining turli joylarida fiqh ulamolari yetishib chiqa boshladilar. Mazkur ulamolar oʻz ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga toʻrtta narsani asosiy manba qilib olganlar.
Birinchisi: Qurʼoni Karim, faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi boʻlsa, avvalo Qurʼonga murojaat qiladi. Unda nima hukm boʻlsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi.
Ikkinchisi: Paygʻambarimizning (s.a.v.) sunnatlari. Agar faqih oʻsha masalaga javobni Qurʼondan topa olmasa, sunnatga murjaat qiladi. Uni topib hukmini bayon ham qiladi.
Uchinchisi: Ijmoʼ-bir davirning ijdihod ahli boʻlgan ulamolarning bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridi. Misol uchun, Qurʼoni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qurʼonning oʻzida ham paygʻambarimizning (s.a.v.) sunnatlarida ham taʼkidlanmagan. Ammo paygʻambarimiz (s.a.v.) vafotlaridan soʻng urushlarda Qurʼonni yod biladigan qorilar koʻpdab shahid boʻlayotganidan tashvishlangan hazrati Umarning (r.a.) takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq (r.a.) Qurʼonni jamlaoshg amr berdilar. Bunga hamma rozi boʻlari, hech kim qarshi chiqmadi. Bu ish ijmoʼ orqali amalga oshdi.
Toʻrtinchi: Qiyos. Yaʼni, avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani, shunga oʻxshash manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
Misol uchun, Qurʼonda xamr, yaʼni oʻsha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yoʻli bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham harom deb ataganlar.
Faqihlarimiz suyanadigan yana baʼzi manbalar ham bor. Ular toʻrtta mazkur asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan xolda koʻp masalalarni hal qilganlar. Oʻsha davrda koʻplab faqihlar yetishib chiqqanlar. Ularning koʻpchiligi oʻzlari dunyodan oʻtishlari bilanfiqhiy ishlari ham qolib ketgan. Ammo musulmonlar ommasiga keng tarqalgan, shogirdlari va orqasidan ergashuvchilari koʻp boʻlgan ulamolar fiqhiy mazhab sohiblari, deb tan olingan. Shulardan toʻrttalari butun dunyoga mashhur boʻlganlar va ulraning mazhablari musulmonlar jumhuri tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olingan. Bular quyidagi mazhablar:
1. Hanafiy mazhabi - Shom, Turkiya, Turkiston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh va boshqa yurtlarda keng tarqalgan.
2. Shofeʼiy mazhabi - Misr, Suriya, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tayland va baʼzi Afrika davlatlarida tarqalgan.
3. Molikiy mazhabi - Libiya, Tunis, Jazoir, Magʻrib, Mavritaniya, Nigeriya va boshqa Afrika davlatlarida torqalgan.
4. Hanbaliy mazhabi - Arabiston yarim orolida tarqalgan.
Manba islom.uz