JAHONNING BUYUK MUHADDISI-AHMAD IBN HANBAL ROHIMAHULLOH
Muallif: . .
Sana: 20.01.2023
875

Ahli sunna val jamoa yo’nalishining fiqhiy mazhabboshilarining to’rtinchilari Imom Ahmad ibn Hanbal (rohmatullohi alayh)dirlar. U zotning to’liq ismlari, Abu Abdulloh ibn Muhammad ibn Hanbaldir.

Imom Ahmad ibn Hanbal (rohmatullohi alayh) hijriy 164-sanada Bog’dod[1] shahrida dunyoga kelganlar. Yoshliklarida yetim qolib, faqirlikda o’sdilar va qiynalib o’qidilar. U zot kiyim to’qib sotar va xattotlik qilib qorin to’yg’izar edilar. Yoshliklaridanoq hadis ilmiga qattiq qiziqdilar. Bu esa, o’z navbatida, ilm talab etish uchun ko’p safar qilishga chorladi.

Bag’doddagi katta muhaddis Hushaym ibn Bashir al-Vositiy rohmatullohi alayhda to’rt yil muntazam o’qib, u kishidan uch mingta hadis yozib oldilar. Ilmu fan gurkirab o’sgan Bag’dod shahri u zotning ilmiy jihatdan o’sib ulg’ayishi uchun nihoyatda munosib muhit edi. Ilm talabida Yaman, Kufa, Basra, Madina, Makka va boshqa joylarga safar qildilar. Makkai Mukarramada Imom Shofe’iy (rohmatullohi alayh)dan dars oldilar.

Imom Shofe’iy (rohmatullohi alayh) Bag’dod shahriga kelib, unda yashab so’ngra u yerdan chiqayotib: “Men Bag’dod shahridan chiqdim, endi bu shaharda Ahmad ibn Hanbal (rohmatullohi alayh)dan taqvodorroq va faqihroq odam yo’q”, dedilar.

Imom (rohmatullohi alayh) umrlarining katta qismini hadis ilmiga, hadislarni tinglab to’plashga bag’ishladilar va hadis ilmida juda ham ilgarilab ketdilar. Ko’pchilik ulamolar u kishining hadisdagi “Musnad” kitoblarini eng mo’tabar oltita hadis kitoblar jumlasiga kiritganlar.

Imom Ahmad (rohmatullohi alayh) Xulafoi Roshidin (roziyollohu anhum)larning fiqhlari, sahoba (roziyollohu anhum)larning va tobe’in (rohmatullohi alayhim)larning fiqhlari, shuningdek, Imom Shofe’iy (rohmatullohi alayh)ning fiqhiy uslublarini o’zlashtirdilar va o’zlariga xos uslubga tayangan holda Hanbaliy mazhabiga asos soldilar va uni rivojlantirdilar.U zot o’z mazhablarida Qur’oni Karim, sunnati mutohhara, sahoba roziyollohu anhumlarning so’zlari va ijmoga asosiy e’tiborlarini qaratib, qat’iy zarurat sezmagan holatlardan tashqari qiyosdan foydalanmadilar. Barcha hadislarni, hatto xabari vohid va sahoba roziyollohu anhumlarning qavllarini qiyosdan ustun qo’ydilar. U zotning “Musnad” kitoblari qirq mingdan ko’proq hadisni o’z ichiga olgandir.

Imom Ahmad ibn Hanbal (rohmatullohi alayh) umrlarining oxirida bemor bo’lganlarida butun Islom olami tashvishga tushdi. U kishi yashayotgan shaharlari odamga to’lib, yurib bo’lmay qoldi. Mirshablar faqat Imom (rohmatullohi alayh)ning o’zlari istagan odamnigina ko’rishga qo’yishar edilar. U zot 78 yoshlarida hijriy 241-yilda, 12-robiul avval, juma kuni vafot etdilar.

Tarixchilarning ma’lumotlariga ko’ra, u zotning janozalariga ikki yarim million odam qatnashgan. Alloh yotar joylarini jannat bog’laridan qilsin.

Mir Arab oliy madrasasi

4-kurs talabasi

Abdurahmonov Abdulhodiy




[1] Ahmad ibn Hanbalning qayerda tug’ilganliklarida ixtiloflar bor, ba’zi tarixchilar Marvda tug’liganlar deyishgan, sahih gap Bog’dodda tug’ilganliklaridir, onalari Marvda homilador bo’lganlar keyin Bog’dodda Ahmad ibn Hanbal dunyoga kelganlar.

. .