
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Bir ayol eriga ovozini baland koʻtardi. Eri bundan gʻazablanib, Umar roziyallohu anhuning huzurlariga shikoyat qilish uchun bordi. Uylariga yetib borib, endi eshikni taqillatmoqchi boʻlganida, uy ichidan hazrati Umar roziyallohu anhuning ayollari baland ovozda u zotga gapirayotganini eshitdi. Bu xonadonda ham shu ahvol ekan, ortimga qayta qolay, deb endi qaytmoqchi boʻlganda, ichkaridan hazrati Umar roziyallohu anhu chiqib qoldilar-da: “Hoy, menda biror-bir yumushing bormidi?!” deb soʻradilar.
Haligi odam: “Ha, huzuringizga ayolimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, sizda ham menikidek ahvol ekan”, dedi.
Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu: “Kiyimlarimni yuvsa, yotogʻimni hozirlasa, farzandlarimni tarbiya qilsa, uyimni ozoda tutsa, vaholanki, bu ishlarni Alloh taolo unga buyurmagan. Lekin ayolim bularning hammasini ehson, fazilat, muruvvat tariqasida ixlos bilan bajaradi. Shunday ekan, ovozini baland koʻtarsa, bunga chidamasligim, bardosh bermasligim kerakmi?!” dedilar.
Ey, sayyidimiz Foruq, jinlaru shaytonlar sizning haybatingizdan qoʻrqib, siz yurgan yoʻldan qochib, boshqa yoʻldan yurardi. Ammo siz shu qadar haybat, viqor sohibi boʻlsangiz ham erkaklarga ayoliga nisbatan qanday muloyim boʻlishi kerakligi haqida taʼlim beryapsiz.
Hoy erkaklar, ayolning sabrini yengil sanamang. Bagʻrida toʻqqiz oy koʻtarib yurgan homilasini toʻlgʻoq azobiga duchor boʻlib va unga bardosh berib dunyoga keltirgan ayol, sizni qalbidan chiqarib yuborishga qodirdir.
Ayol birgina sabrning oʻzi bilan koʻp iztiroblarga bardosh bera oladi. Shunday ekan, ayollarni qanday hurmat qilishni oʻrganaylik.
Ayol kishi jamiyatning yarmini dunyoga keltirib, tarbiya qiladigan xilqatdir.
Ayol oʻzini sevadigan kishining yonida sukut saqlab turgan boʻlsa, aytadigan gaplari yosh koʻrinishida koʻzlaridan tomadi.
Ayol shunday xilqatki, boshida sizga yaqinlashishga qoʻrqadi, kunlar oʻtib undan uzoqlashsangiz yigʻlaydi.
Ayol shunday xilqatki, uning qalbini kamdan-kam erkak tushuna oladi.
Ayol kishi sizdan amru mahol narsani soʻramaydi. Balki oʻziga mehr berib, eʼtibor qaratishingizni soʻraydi.
Ayol: yo ulkan makr yoki ulkan muhabbat. Agar biz ayolga nisbatan makr ishlatsak, u ham bizga makr ishlatadi, aksincha, agar uni sevsak, u ham bizni sevadi.
Ayol kishi oʻzi isitmalab, joni ogʻrib turgan boʻlsa-da, sizga dori tayyorlab beradi.
Ayol kishi oʻzi siqilib turgan boʻlsa-da, sizga taskin, tasalli beradi.
Ayol kishi oʻzi charchab, xorib turgan boʻlsa-da, siz bilan tun boʻyi bedor boʻladi.
Ayol shunday xilqatki, tanimagan kishisi uchun ham mahzun boʻlaveradi.
Ayol shunday xilqatki, u bilan xuddi goʻdaklarga muomala qilgandek munosabatda boʻlishingizni yoqtiradi.
Agar erkak ayol kishining gʻam-anduhlarini koʻtarishga qurbi yetmasa, uning qalb eshigini chertmasin.
Ishga ketayotganingizda ayolingizni qoʻlidan boʻsa olib keting. To qaytguningizcha oʻzgacha hissiyotlar ogʻushida yursin. Bu ishni har kuni takror qilingki, oʻzini sizga ato qilingan Allohning neʼmati deb bilsin.
Ayol kishi har qancha qoʻpol boʻlsa ham uning qalbi mehr-shafqatga limmo-lim boʻladi.
Ayolning erkaligini va rashkini faqatgina uni chin dildan sevgan insongina koʻtara oladi.
Ayol xiyonatdan, yaqinlarini yoʻqotishdan qoʻrqadi. Yaxshi koʻrgan insonini yoʻqotib qoʻysa, uni unutishi qiyin boʻladi.
Ayol otasiz goʻdakni tarbiya qila oladi, lekin erkak onasiz goʻdakni tarbiya qila olmaydi.
Tarjimon: Nozimjon Hoshimjon
Muharrir: Xurshid Maʼruf
Manba islom.uz