OILA JAMIYATNING MUQADDAS TAYANСHI
Muallif: . .
Sana: 07.11.2022
6657

Oila jamiyatning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Oilaning shakllanishi va rivojlanishi jamiyat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy munosabatlar bilan bevosita bog'liq ravishda amalga oshgan. Jamiyat hayotida bo'lib turadigan o'zgarishlar, kishilarning turmush tarzi, yashash va mehnat qilish sharoitlari, milliy ahloq me'yorlari, psixologiyasi, diniy e'tiqodlari ham oilaviy munosabatlarning ahloqiy, huquqiy, ijtimoiy mezonlariga ta'sir ko'rsatgan.

Oila muammosiga bag'ishlangan masalalarni o'rganar ekanmiz, unda oilaviy munosabatlarning huquqiy, axloqiy asoslari, ota-onalarning jamiyat va farzandlari oldidagi burchi masalasi doim olimlarning diqqat markazida bo'lgan. Shuningdek, yoshlar oilaning buyuk ma'naviyat, qadriyat, burch va mas'uliyat ekanini anglab yetmoqlari zarurligi, yigit va qizlar mustahkam oilani shakllantirish borasidagi milliy an'analarimiz, qadriyatlarimiz haqida yoshligidan to'la va to'g'ri tasavvurga ega bo'lishlari lozimligini takidlaganlar. Сhunki, oiladagi hayot, ota-onaning bir-biriga munosabati ham ana shunday tushuncha va tasavvurlar shakllanishining asosiy shartlaridandir.

Bu xususda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan quyidagi hadis vorid bo'lgan:

Al-Mug'iyra bin Shu'ba roziyallohu anhu aytadilar: Men bir ayolga sovchi qo'ydim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mendan: “Uni ko'rdingmi?”, deb so'radilar. Men: Yo'q, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uni ko'rgin, ko'rib (bilib) turmush qurishlik o'rtangizda ulfat va muhabbat paydo bo'lishiga sabab bo'ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Sog'lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog'lom avlodni shakllantirish esa sog'lom kelajak demakdir. Oila haqida gapirar ekanmiz, avvalambor, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta'minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo'lib yetishishiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan tarbiya o'chog'i ekanini tan olishimiz darkor.

Oila haqida so'z yuritar ekanmiz, avvalo, ko'z o'ngimizda ona siymosi shakllanadi. Nima deganda oila muqaddasligini ta'minlovchi birinchi omil – Ona, ahli ayolning pokizaligi, oqilaligi, mehru muruvvati, sadoqati va vafodorligidir.

Yana bir muhim masala: oilani bus-butun saqlab qolishdir. Dinimizda oila qurishga targ'ib etish bilan birga, uni yaxshilik bilan tutishga buyurilgan. Agar er-xotin o'zaro kelisha olmagan taqdirlarida isloh qilish uchun har ikki tomondan hakamlar jalb etish lozim bo'ladi.

Qur'oni karimda shunday deyilgan:

Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo'rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o'rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir” (Niso surasi, 35-oyat).

Ushbu oyati karimadan er-xotinning orasini isloh qilish g'oyat savobli amal ekani ayon bo'ladi. Shuning barobarida, oilani saqlab qolish masalasiga jamiyat a'zolari befarq bo'lmasligi shariatimiz talabidir. Illo, dinimiz bo'linishni, ajralishni emas, birlashishni, jipslikni yoqlaydi.

Zero, oila farovonligi – milliy farovonlik asosidir. Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, eng qimmatli an'analar: halollik, rostgo'ylik, or-nomus, sharmu-hayo, mehru-oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avvalo, oilada shakllangan.

Bugungi kunda ham ana shu an'analarni davom ettirib, o'zbek oilalari oilaning sog'lom iqlimi, ota-onaning bir-biriga mehri va hurmati sharoitida, oila bag'rida farzandlarini el-yurtining munosib o'g'il-qizlari, Vatanining haqiqiy sodiq fuqarosi bo'lib voyaga yetishlarida jon kuydirmoqdalar. Shuning uchun ham o'zbek xalqida “qush o'z uyasida ko'rganini qiladi” deb, bejizga aytilmagan, bunda chuqur ma'no-mazmun bor.

Mustaqilligimiz yillarida hukumatimiz tomonidan oilaga ahamiyat qaratilib, oilaga e'tiborimizni tubdan o'zgartirish, oilalarni avvalo ijtimoiy jihatdan himoyalash, e'zozlash, qo'llab-quvvatlash – bugungi kunimiz uchun va ertangi istiqbolimiz uchun naqadar muhim va dolzarb ekanligini yaxshi tushunishimiz va anglashimiz darkor.

Alloh taolo el-yurtlarimizni yomon ko'zdan asrasin, yoru-birodarlar, qon-qarindoshlarimizdan ayirmasin, qariyalarimizga uzoq umr, yoshlarimizga kuch-quvvat va g'ayrat, xonadonlarimizga qut-baraka bersin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

MANSUROV Farxat

. .