​Sohibqiron Amir Temurning islom diniga e’tibori
Muallif: . .
Sana: 10.04.2022
274
Inson hayoti davomida o’zi uchun har sohada yetuk bo’lgan bir yo’lboshchiga qarab taqlid qilib, hayotining barcha jabhalarida ana shu asosda yashashga harakat qiladi. Bu borada hozirgi vaqtda biron-bir kishi yo’qki, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mazkur mezonda yashab o’tganini inkor qilsa. Qaysi sohada bo’lsin, U zot alayhissalom namuna bo’lganlar. Nafaqat shariat ilmini ta’lim beruvchi muallim, balki qozi, sarkarda, oila boshlig’i, jamiyatda iqtisodiy va siyosiy boshqaruvlarda ham yetuk yo’lboshchi bo’lganlar. Shak-shubhasiz, bunday go’zal namuna sohibining maktabida ta’lim olgan sahobalar ham, o’rnak olgudek darajadagi zotlar bo’lib yetishib chiqqan. Bundan so’ng ulardan tobeinlar, taba’a tobeinlar ham Rosulimiz sollallohu alayhi vasallamdan meros bo’lib kelayotgan dasturni o’zlaridan oldingi zotlardan o’rganib, hayotlariga tatbiq qilib, barcha asrlar davomida o’rnak bo’lganlar va bundan keyin ham qiyomatgacha o’rnak bo’ladilar.

Mana shu ta’limotni butun dunyoga yoyganlar. Xususan, bizning O’rta Osiyo diyorlarimizga ham Robbimizni hamda Uning Rosuli alayhissalomni tanish baxti nasib qilgan. Qaysiki xalq aziz bo’lgan bo’lsa, albatta, islomga amal qilib, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bergan ta’limi asosida yashagani sababli bo’lgan. Shuning uchun ham, moziyga nazar tashlasak, tariximizda judayam ko’p ulamolarni, sarkarda va jasur musulmon o’g’lonlar haqida gapirishimiz mumkin. Zero, buyuk sarkarda, qo’mondon Sohibqiron Amir Temurni eslab o’tishimiz maqsadga muvofiqdir. Xossatan, islom ilmlarini rivojlanishida qo’shgan hissasi ulkandir. Buni isboti o’laroq, ulamolarga ko’rsatgan ehtiromlari, ilm faoliyatlarini olib borishidagi katta yordamlarida ko’rishimiz mumkin.

Ma’lumki, qaysi bir davlat boshlig’i bo’lsin, o’zining xalqiga nisbatan xalqparvarligi, adolatliligi, haqiqatgo’yligi va shunga o’xshash go’zal xulqlari bilan xalq muhabbatiga sazovor bo’ladi. Taraqqiyoti yuqori cho’qqiga chiqqan xalqlarga nazar solsak, avvalo ularning adolat me’zonini mahkam tutganliklarini ko’ramiz. Sohibqironimiz Amir Temurni ham aynan mana shu aytgan omillarga amal qilganliklari buning yaqqol isbotidir. Sohibqironning olib borgan boshqaruviga hamda o’zining shaxsiy hayotiga e’tibor bersak, islom dinidagi buyruqlarga amal qilishda nihoyatda ehtimom bilan qaraganlarini guvohi bo’lamiz. Bu zot rohimahulloh yoshlik chog’idayoq otasi sababidan ilmga chanqoq bo’lganlar. Qisqa muddat ichida Qur’oni karimni to’liq va puxta ravishda yod olganlar. Shu darajada puxta ediki, hatto suralarni qanday pishiqlik bilan o’qib bersalar, orqadan oldinga ham xuddi shunday o’qib berardilar. Shu bilan birga boshqa ilmlarda ham mohir edilar. Xususan, fiqh ilmida ham anchagina olim edilar. Vaqti-vaqti bilan ulamolar bilan majlislar uyushtirib, savol-javob qilardilar. O’z fikrlarini bildirar, agar xato bo’lsa o’zgalarni fikrlarini qabul qilar edilar. Ulamolardan bilmaganlarini so’rab o’rganar va har bir ishda maslahat bilan ish ko’rardilar. Ahli ilmlarga nihoyatda hurmati baland edi. O’zi kitoblarini o’qigan ulamolari hayot bo’lsalar, taqdirlar, agar o’tib ketgan bo’lsalar, qabrlariga borib ziyorat qilar edilar. Ahli sunna val jamoa ulamolar u yoqda tursin, boshqa xato e’tiqodda bo’lgan ulamolarni ham ehtirom qilar, hatto nasroniy ulamolar bilan ham odob bilan muomalada bo’lar edilar. Go’yoki, zar qadrini zargar biladi, deyilganidek, o’zi ham olim edilar, ulamolarni ham hurmat qilardilar. Jamoat, juma namozlariga e’tibor bilan qarar edilar. Bir joyga juma kunida borishganda juma vaqti yaqinlashishiga qaramay jamoat to’planmayotganini ko’rib taajjubga tushadilar. Shunda o’sha yerning din peshvosini chaqirtirib, qaysi dinga amal qilishlarini so’raydi. U kishi islom diniga amal qilishini aytadi. Sohibqiron hayron bo’lib, “namoz o’qiysizlarmi?”, deb so’raydi. U, “ha o’qiymiz”, deydi. Amir Temur, “bugun juma, ammo hech kim ko’rinmaydi, nima, juma namozi o’qimaysizlarmi?”, deydi. Haligi odam “har kim uyda o’qiydi”, deb javob beradi. Shunda sohibqiron gap nimada ekanligini bilib, Qur’ondan jumani farz ekanligiga kelgan dalilini ko’rsatib, o’zi imomlik qilib jumaga o’tib beradilar. Farz namozlariga e’tiborli hamda ro’za tutishga ham qattiq turardilar. Qo’l ostidagilarni ham shunga targ’ib qilardilar. Bir kuni askarlariga Qur’oni karimdan “qor” so’zi ishtirok etgan oyatni topganga ko’p miqdorda pul bilan rag’batlantirishini aytadi. Shunda askarlari qancha harakat qilishmasin, unday oyatni topisholmagach, Amir Temur ularni chaqirtirib, Qur’on issiq o’lkada nozil bo’lganini, shuning uchun, oyatlarda “qor” so’zi kelmaganini aytib ularga tanbeh beradi va Allohning kalomini har bir kalimasini e’tibor bilan o’qishlarini aytadilar. Ko’rib turibmizki, Sohibqiron Amir Temur hayoti davomida islomga amal qilib, hayotga tatbiq qilganlar, mana shu asosda ish ko’rganlar.

Mana shunday hayotda namuna bo’ladigan sarkarda va ulamolarni aksari bizni o’lkamizdan yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, imom Marg’inoniy, Bahouddin Naqshband va yana ko’plab ulamolar avlodlarimiz. Bizni faqatgina bobolarimiz bilan faxrlanib yurishimiz yaramaydi. Balki shularga o’xshagan din xodimlari, xalqning manfaati uchun ter to’kadigan yetuk ulamo va xizmatchi bo’ishimiz, su bilan birga, yana mana shunday avlodlar tarbiyalanishi kerak bo’ladi. InshaAlloh, bunday avlodlarni tarbiyalash momolarimiz va opa-singillarimiz uchun oson bo’ladi. Chunki bundaylarni tarbiyalab kelgan momolarimiz har qanday qiyinchiliklarni yengishgan va bundan keyin ham yengishadi, albatta!

Teshaboyev Sherzodbek Mir Arab oliy madrasasi bitiruvchisi


. .