Oliy madrasa va BITU o‘rtasida memorandum imzolandi
Muallif: . .
Sana: 12.02.2026
92

Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi hamda Buxoro innovatsion ta’lim va tibbiyot universiteti (BITU) o‘rtasida memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir Elov, o’quv ishlar bo’yicha prorektori Uchqun Avliyoqulov, “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi” boshlig’i Mustafo Xodjayev, rektor yordamchisi Vahobiddin Bozorov, BITU tomonidan esa universitet rektori Matluba Muxtorova, xalqaro masalalar bo‘yicha prorektor Suxrob Babaev hamda universitet mas’ullari Ilxom Bafoev va Dilmurod Xodjaev ishtirok etdilar.

Marosim davomida ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini o’rnatish, xususan, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar, ilmiy nashrlar, xalqaro konferensiyalar masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar mazkur memorandum kelgusida ikki muassasa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Rasmiy marosimlardan so‘ng oliy madrasa rektori Jobir Elov Buxoro innovatsion ta’lim va tibbiyot universiteti va ushbu oliy ta’lim dargohida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Ma’lumot o’rnida aytish joizki, Buxoro innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetida bugungi kunda 4 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan bo’lib, ularning 200 ga yaqinini Misr, Pokiston kabi davlatlardan kelgan fuqarolar tashkil qiladi.

. .