IMOM TERMIZIYNING ILM QADRI HAQIDA KELTIRGAN HADISLAR SHARHI
Muallif: . .
Sana: 11.12.2025
86

Annotatsiya. Maqolada ilmning fazli haqidagi oyat va uning tafsiri, Imom Abu Iso at-Termiziy “Sunan at-Termiziy” asarida keltirgan ilmni talab qilish sharafi, uni yashirsa gunoh bo‘lishi, ilm yo‘lida safar qilish, ilm o‘rganayotgan kishini gunohlari kechirilishi xususida so‘z yuritilgan.

Kalit so‘zlar: . Ilm, Fazilat, savob, gunoh, safar, niyyat, Abu Iso, yashirish

Ma’lumki har qanday narsaga yetishish uchun albatta ilm kerak bo‘ladi. Ilmsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Qur’oni karim oyatlarida ham hadis shariflarda ham ilm maqtalgan. Zumar Surasining 9-oyatida

قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُون َإِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ

Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar.

Biladiganlar deganda amal qiladiganlar nazarda tutiladi. Bilib amal qilmaydiganlar johil kabidir. Albatta hamma ilmlar ham sharafli va niyyatiga qarab savob olaveradi. Lekin ularning ichida eng darajasi yuqorisi shar’iy ilmlar hisoblanadi. Imom Abu IsoTermiziy “Sunan at-Termiziy” kitobida ilmga bag‘ishlangan alohida bob ajratganlar. Ulardan ba’zilari bilan tanishib chiqamiz.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ».

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Agar Alloh kimni yaxshi ko‘rsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi [1, 87 b].”

Dinda faqih qiladi degani Alloh taoloni buyruq va qaytariqlaridagi sirlarini biladigan qilib qo‘yadi. Bu esa, Hasan Basriy rohimahulloh aytganlariday bilganiga amal qilganlarga nasib qiladi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْمًا سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَرِيقًا إِلَى الْجَنَّةِ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim ilm talabida bir yo‘lda yuradigan bo‘lsa, Alloh taolo u uchun jannatga bo‘lgan yo‘lni oson qilib qo‘yadi [2, 109 b].”

Bu hadisdan huddi Muso alayhissalom Hizrning yoniga ilm talabida safar qilgani va Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu bitta hadis eshitish uchun bir oylik masofa bosib Abdulloh ibn Qoys roziyallohu anhuning oldilariga borgan kabi ilm talabida yaxshi niyat bilan yaqin yo uzoq safar mustahab ekanligini tushunamiz.

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: مَنْ خَرَجَ فِي طَلَبِ الْعِلْمِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ حَتَّى يَرْجِعَ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh

sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim ilm talabida yo‘lga chiqsa, to uyga

qaytib kelgunga qadar Allohning yo‘lidadir.”

Ilm deganda farzi ayn yoki farzi kifoya ilmlarni talabida chiqadigan bo‘lsa Allohning yo‘lidagi odam hisoblanadi.

عَنْ سَخْبَرَةَ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَنْ طَلَبَ الْعِلْمَ كَانَ كَفَّارَةً لِمَا مَضَى

Saxbaro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu

alayhi va sallam aytdilar: “Kim ilm talabida bo‘lsa, o‘tgan gunohlariga kafforot

bo‘ladi [3, 101 b].”

Aliy al-Qori rohimahulloh “Mirqot al-mafotih kitoblarida “kafforot – gunohlarni o‘chiruvchi degani tavba qilish, zulmlarni joyiga qaytarish kabi gunohlarni o‘chirishga sabab bo‘ladigan ishlarga vosita bo‘ladi deb, sharhlagan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: مَنْ سُئِلَ عَنْ عِلْمٍ عَلِمَهُ ثُمَّ كَتَمَهُ، أُلْجِمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِلِجَامٍ مِنْ نَارٍ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “kim o‘rgangan ilmidan so‘ralsa va uni yashirsa

qiyomat kuni olovdan bo‘lgan yugan bilan yuganlanadi [4, 122 b].”

Hadisning ma’nosini ulamolar shunday sharhlaydi: so‘ragan odam dinida muhtoj bo‘lgan narsani so‘rasa olim, esa unga javob bermasa imni ifoda qilish o‘rni bo‘lgan og‘ziga qiyomat kunida olovli yugan solinadi. Chunki ilmni olishdan maqsad uni yoyish, insonlarga manfa’t berish bo‘lish kerak. Yashirsa o‘sha maqsadni yo‘qoladi.

عَنْ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: مَنْ طَلَبَ الْعِلْمَ لِيُجَارِيَ بِهِ الْعُلَمَاءَ، أَوْ لِيُمَارِيَ بِهِ السُّفَهَاءَ، أَوْ يَصْرِفَ بِهِ وُجُوهَ النَّاسِ إِلَيْهِ أَدْخَلَهُ اللهُ النَّارَ

Ka'b ibn Molik roziyallohu anhuning otalaridan rivoyat qilinadi: “Men Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitdim, u kishi dedilar: “Kim ilmni ulamolar bilan tortishish maqsadida o‘rgansa yoki ahmoqlar bilan bahslashish maqsadida o‘rganadigan bo‘lsa va bu bilan insonlarni o‘ziga qaratishni maqsad qilsa, Alloh uni jahannamga kirgizadi [5, 231 b].”

Bu hadisdan murod, kim ilmni Alloh uchun emas buzuq niyyatda o‘rgansa masalan, kimnidir yengish uchun yoki insonlarni ichida mashur bo‘lish u do‘zaxga kirishga haqli bo‘lib qoladi. Demak tolibi ilm xolis niyyatda shar’iy ilmlarni o‘rgansa va uni qolganlarga yetkazadigan bo‘lsa ulkan savoblarni oladi. Aksincha niyyati dunyo bo‘lsa, qolganlardan yashirsa oqibati ayanchlibo‘ladi. Ilm o‘zi Payg‘abarning merosi olimlar esa, ularning davomchisi hisoblanadi. Shuning o‘zi ham ilmning fazliga kifoya qiladi.

Ibrohimjon Temirov
Mir Arab oliy madrasa o‘qituvchisi,
Buxoro Davlat unversiteti mustaqil tadqiqotchisi

Foydalanilgan adabiyotlar

1.Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2004, Zumar surasi 9-oyat

2.Abul Barokat Nasafiy. Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil.

3.Muhammad ibn Iso at-Termiziy. Sunan at-Termiziy.– Bayrut: Muassasa ar-risala an-nashirun. 2020. B. 937.

4.Muhammad ibn Iso at-Termiziy. Sunan at-Termiziy.– Bayrut: Muassasa ar-risala an-nashirun. 2020. B. 937.

5.Muhammad ibn Iso at-Termiziy. Sunan at-Termiziy.– Bayrut: Muassasa ar-risala an-nashirun. 2020. B. 938.

. .