HOZIRGI DAVRDA YOSHLAR TARBIYASIDA SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY MEROSINING AHAMIYATI
Muallif: . .
Sana: 11.12.2025
88

Annotatsiya

Ushbu maqolada buyuk mutasavvif olim Sahl ibn Abdulloh Tustariy hayoti va ilmiy merosidan yoshlar ma’naviyati, ta’lim va tarbiyasida o‘rnak bo‘ladigan jihatlar, uning nasihatlaridan namunalar, ma’naviyat va axlaqning muhimligi haqida so‘z yuritilgan.

Kalit so‘zlar: Tustariy, ilm, axloq, yoshlar, ma’naviyat, ajdodlar, halollik, nafs, muhabbat, manmanlik, e’tibor, ibrat.

KIRISH

Bugungi globallashgan tezkor zamonda taraqqiyot ham jadal rivojlanmoqda. Zamonaviy texnologiyalar barcha sohalarni qamrab olgan. Moddiy rivojlanish omillari insoniyatni mushkulini yengillashtirib qolmasdan, balki ko‘p sohalarda ish o‘rinlarini ham to‘ldirmoqda. Ayniqsa, zamonaviy kashfiyot hisoblangan sun’iy intellekt yaqin kelajakda ko‘plab ish o‘rinlarini egallab olishi kutilmoqda. Bu jarayon texnologik kompaniyalarga nafaqat arzon ishchi kuchi, balki tizimlashgan qulayliklar yaratadi. Moddiy ishlab chiqarish shiddat bilan o‘sayotgani ko‘z o‘ngimizda kuzatilmoqda, ammo insoniyat ehtiyojlarining ma’naviy jihati ham nihoyatda muhim hisoblanadi. Chunki ma’naviyati sog‘lom inson jamiyatga ko‘p foyda keltiradi va aksincha bo‘lgan inson esa ko‘plab xatolarga qo‘l uradi.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda ma’naviy sohaga, xususan yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashda katta ishlar amalga oshirilmoqda, bog‘chadan boshlab doktoranturagacha bo‘lgan tizimda misli ko‘rilmagan ishlar tashkil qilindi. Ajdodlar ma’naviy merosini o‘rganib, ibratli jihatlarini yoshlarga yetkazish sohasida ham ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan katta izlanishlar olib borilmoqda. Chunki ajdodlaridan ibrat olgan avlodlar ham ajdodlar kabi buyuk bo‘lishi shubhasizdir.

ADABIYOTLAR TAHLILI

Insoniyat tarixida o‘zidan ilmiy va ma’naviy iz qoldirgan allomalardan biri Sahl ibn Abdulloh Tustariydir. U milodiy 818 yilda Eronning Tustar shahrida tug‘ilgan. Tustariy hayoti va ilmiy merosida bugungi kundagi yoshlar uchun juda foydagi ibratlar va motivatsiyalar mavjud. Yoshlarni yetuklikka yetkazuvchi eng muhim vosita bu ilmdir. Tustariy bu vositadan juda unumli foydalandi. U uch yoshligidan boshlab ilmga mehr qo‘ydi va tog‘asi Muhammad ibn Savvordan ilm ola boshladi. [1,65-66 b]

O‘n ikki yoshga to‘lgan Tustariy o‘z shahri olimlaridan ilm olib bo`lib, yana ilmni davom ettirish maqsadida Basra shahriga safar qiladi, biroq u yerdan uni qoniqtiradigan ustoz topilmaydi. Abodon shahriga borgan Tustariy Abu Habib Hamza ibn Abdulloh Abodoniydan bir muddat ta’lim oladi va Tustarga qaytadi. [2,68 b] Keyinchalik haj mavsumida Zunnuni Misriy bilan uchrashib, undan ham ilm oladi. Katta ilm to‘plagan Tustariy buyuk mutasavvif olim bo‘lib yetishadi va o‘zining “Sahliya” tariqatiga asos soladi.

Tustariy hayotining eng ibratli jihati bu kimdan ta’lim olish imkoniyati bo‘lsa, borib ta’lim olar edi. Mashhur muhaddis Abu Dovud oldiga borib: “Rayg‘ambarimiz hadislarini aytgan tilingizni chiqaring, men bir o‘pay”, deb ehtirom ko‘rsatgan. [3,1949-1950 b] Ilmga sustkashlik qilgan talabalarga tanbeh berar edi va “Ilmning shukri unga amal qilish ”, deb aytar edi. [4,106 b]

Tustariyga ko‘ra, amal qilinmagan ilm shukri ado qilinmagani uchun javobgarlikka sabab bo‘ladi. Insonning olgan ilmi o‘ziga, jamiyatiga manfaat keltirishi kerak, aks holda uning haqi ado qilinmagan hisoblanadi.

Tustariyning ibratli jihatlaridan biri – halollikka qattiq targ‘ib qilar edi. U: “kim halol yesa, qalbida sidq, xolislik, rahm-shafqat, marhamatlilik jamlanadi”, deb aytar edi. [4,92 b]

Tustariy halollikni hayotning asosiy qoidasi deb bilar edi. Unga ko‘ra, haloldan yemagan insonning qalbini parda qoplaydi va ibodatlari qabul bo‘lmaydi. Faqat haloldan yegan bandani esa Alloh ajoyib mukofotlar bilan siylaydi.

Tustariy insonning nafsi xohlagan barcha ishlarni qilmasdan, balki uni tiyish kerakligini ta’kidlaydi. Chunki nafs xohishlarini chegarasi bo‘lmaydi, hatto boshqa insonlarning chegarasini ham buzib kiradi. Tustariy do‘stlariga: “Agar nafs sizni gunohga boshlasa, unga ochlik va chanqoqlik bilan odob beringlar. Agar u sizni yomonlikka undamasa, unga xohlagancha taom va uyqu beringlar ”, deb aytar edi. [2,73 b]

Albatta, yoshlarimiz ilm olish yo‘lida qiyinchilik va mashaqqatlarga duch keladilar, o‘zlari xohlamagan vaziyatlarga tushadilar. Shu paytlarda sabru matonat bilan qat’iy turib ilm olsalar albatta, natijaga erishadilar. Lekin ko‘ngil tusagan o‘yin-kulguga ortiqcha berilib ketsalar, maqsad hosil bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz buyukligining asl sababi – maqsad sari uzluksiz qat’iy mehnat qilish bo‘lgan. Bugungi kunda ham intizomli mehnat qilgan yoshlarimiz yaxshi natijalarga erishmoqda.

Tustariyning axloqiy illatlarga qarashi ham salbiy bo‘lgan. Ayniqsa, o‘zidan ajablanib, manmanlik qilganlarni qattiq tanqid qiladi va shunday deydi: “ujb (o‘ziga bino qo‘yish)ning yetmish eshigi bor, ularning bittasiga Iblis osilgan edi, oqibati yomon bo‘ldi ”. [4,104 b]

Albatta, manmanlik zamonaviy etika qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi va o‘zini boshqalardan baland qo‘yish esa oxir-oqibat yakkalanib qolishga olib keladi. Manmanlik qilgan shaxs odatda faqat o‘z manfaatini ko‘zlaydi, xalq manfaati bilan ishi bo‘lmaydi. Bunday insonlar jamiyatga foyda keltira olmaydilar.

Tustariyning do‘stlarga muhabbat qo‘yish borasidagi fikrlari ham diqqatga sazovordir. Tustariy: “do‘stga muhabbat – unga ozor bermaslik va unga (qo‘lidagini) sarflash bilan bo‘ladi ”, deydi. [5,121 b]

Tustariyga ko‘ra muhabbat faqat tilda emas, balki amaliy bo‘lishi kerak. Muhabbatning isboti esa do‘stni ko‘ngliga qarash, unga ozor bermaslik va o‘zi yaxshi ko‘rgan mablag‘i va boshqa yordamlarini do‘stiga ravo ko‘rishdir. Aks holda u soxta muhabbat bo‘lib qoladi.

Tustariy aytadi: “Qiyomat kuni bandalarning amallari tarozida tortilganda xalqqa ozor bermaslikdan og‘irroq amal bo‘lmaydi. Faqat ilmda bo‘lganlar bundan mustasno ”. [5,140 b]

Tustariyga ko‘ra, hech kimga ozor bermaslik juda savobi katta amallardan ekan. Chunki inson bilib yoki bilmasdan insonlarga ozor berib qo‘yadi. Bundan saqlanish esa qiyin hisoblanadi. Faqat ilm bilan shug‘ullanib, unga amal qilganlargina bundan ham ko‘proq natijaga erishishi mumkin ekan.

NATIJA VA MUHOKAMA

O‘rta asrlarda yashab o‘tgan allomalar kabi Tustariy ham o‘z ijodida ma’naviyat va axloqqa katta e’tibor qaratadi. Yoshlar tarbiyasiga e’tibori ham salmoqli bo‘lgan. Manbalarda o‘z farzandini iymonli e’tiqodli bo‘lib voyaga etishiga katta e’tibor qaratgani kuzatiladi. Bir yosh boladan qushchasini sotib olib, ozod qilgani haqida ma’lumotlar bor. Yosh talabalarga foydali maslahatlar bergan. O‘zi ham ilm yo‘lida namuna bo‘ladigan hayot yo‘lini bosib o‘tgan. Tustariy merosini o‘rgangan sayin chuqur mulohazali va hech qayerda uchramaydigan fikr va mulohazalarga guvoh bo`linadi. Uning tibbiyot va kimyo ilmlarida ham mohir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Umuman olganda, Tustariy qomusiy olim bo‘lib komillikka yetishgan shaxs hisoblanadi. Uning hayotidan ibrat olish albatta, komillik sari yetaklaydi.

Raximov Xolmurod Majitovich
Mir Arab oliy madrasasi o`qituvchisi, Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI:

  • 1.ابو القاسم عبد الكريم القشيري. الرسالة القشيرية. بتحقيف الامام عبد الحليم محمود و الدكتور محمود ابن الشريف. القاهرة – مطابع مؤسسة دار الشعب. م1989- ه1409. ص. 65-66
  • 2.سهل ابن عبد الله التستري. تفسير القران العظيم. بتحقيق طه عبد الرؤوف سعد و سعد حسن محمد علي بيرت - لبنان. دارالحرم للتراث. 1425ه-2004م.ص.349
  • 3.امام ابو عبدالله شمس الدين محمد ابن احمد الذهبي. سير اعلام النبلاء. بيت الافكار الدولية. لبنان, 2004م. ص. 1949-1950
  • 4.كوبريلي زاده نعمان باشا. تهذيب كلمات سهل بن عبد الله التستري و كراماته. الاردونية الهاشمية, دار الرياحين 1444ه-2023م. ص. 232
  • 5.سهل بن عبد الله التستري. المعارضة و الرد على اهل الفرق و اهل الدعاوى في الاحوال.تحقيق الدكتور محمد كمال جعفر. القاهرة, دار الانسان. ه1400- م1980. ص 162
. .