O‘ZBEK TILI — MILLAT RUHI VA MA’NAVIYAT BAYROG‘I
Muallif: . .
Sana: 20.10.2025
122

Millatni millat qiladigan, qalblarni birlashtiradigan, tarixni bugun bilan bog‘laydigan kuch — bu tildir. Til — elning ruhi, millatning yuzidir. Qachonki bir xalq o‘z tiliga e’tibor bersa, o‘shanda u o‘zini anglaydi, o‘zligiga qaytadi, kelajagini quradi. Shu boisdan ham har bir xalqning eng muhim qadriyatlaridan biri — uning til bayramidir.

Har yili 21-oktabr kuni yurtimizda bayram sifatida nishonlanadi. Bu sana — milliy g‘urur, tarixiy iftixor, ma’naviy uyg‘onish ramzidir. Chunki 1989-yilning 21-oktabrida o‘zbek tili davlat tili sifatida e’tirof etildi. Bu qaror — xalqimizning asrlar davomida orziqib kutgan mustaqillikning uchqunlari edi.

O‘zbek tili qadimiy til. Uning ildizlari qadimgi turkiy yozuvlardan, O‘rxon-Enasoy bitiklaridan, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiylarning so‘z san’atigacha borib taqaladi.

Bu til ming yillik tarixni, buyuk tamaddunni, Yaratganni tanigan, ilmni qadrlagan, or-nomusni e’zozlagan xalqning hikmatini o‘zida mujassam etgan.

Alisher Navoiy bu tilda so‘z san’ati saltanatini qurdi. U o‘z asarlarida o‘zbek tilining nafosatini, boyligini, falsafasini dunyoga tanitdi.

Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari — o‘zbek tili shon-shuhratining asosi, milliy o‘zligimizning manifestidir.

Bu tilda necha-necha shoirlar, qanchadan-qancha yozuvchilar qalb torining nozik xonishini ifoda etdilar. Yana qanchalari shu til uchun azob-uqubatlarga duchor bo‘ldilar, yana kimlari esa bu yo‘lda jon fido qildilar.

Ona tili — xalq yuragining sadosi. Ona tili degan so‘zning o‘zida mehr, diyonat, mehribonlik va vafodorlik bor.

Bola aytadigan ilk so‘z ham “ona”dir. Demak, u til orqali sevgini, mehrni, insonlikni his qiladi. Shuning uchun ham ona tili — har bir inson qalbining tilidir.

Kim o‘z tilini yo‘qotsa — u o‘zligini yo‘qotadi. Kim o‘z tilini asrasa — u o‘z millatini asraydi.

Mustaqillik yillarida o‘zbek tili davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalariga chuqur kirib bordi. Qonunlar, ilm-fan, diplomatiya, adabiyot, san’at — barchasi o‘zbek tilining ravnaqi bilan yuksalmoqda.

Bugun o‘zbek tili nafaqat O‘zbekiston hududida, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘rganilmoqda. Chetdagi vatandoshlarimiz o‘z farzandlariga o‘zbek tilini o‘rgatish orqali o‘z qadriyatlariga sadoqat ko‘rsatmoqda.

Bu til — xalqimizning tafakkur tarzi, islomiy, ma’naviy, axloqiy qadriyatlarini ifoda etuvchi yuksak vositadir.

Tilni rivojlantirish — bu shunchaki imlo yoki fonetika masalasi emas. Bu — milliy tafakkur, g‘urur va istiqlol masalasi, demakdir.

O‘zbek tili davlat tili bo‘lganidan buyon minglab maktablar, universitetlar, ilmiy markazlar, nashriyotlar shu tilni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilmoqda.

Bugun yoshlar o‘z ona tilida ijod qiladi, tadqiqotlar olib boradi, yangi so‘zlar yaratadi, ilmni o‘zbek tilida ifoda etadi — bu o‘zlikni anglashning eng yuksak shaklidir. Zero, til — bu xalqning yuragi, fikri va ma’nosidir.

O‘zbek tili — latofatli, shirali, she’riy, ohangdor til. Uning so‘zlari xalqona, yurakka oson singadi.

Qarang, bu tilda “mehr”, “muruvvat”, “andisha”, “or”, “iymon”, “nomus”, “sadoqat” degan so‘zlar naqadar go‘zal yangraydi! Har biri xalqning hayoti, axloqi va tarixini aks ettiradi.

Til — tirik jondir. Agar unga e’tibor bo‘lmasa, u o‘ladi, agar u sevgi bilan parvarish qilinsa, u asrlar osha yashaydi.

Bugun o‘zbek tili yangi texnologiyalar, sun’iy intellekt, ilm-fan olamida o‘z o‘rnini topmoqda. Yangi avlod o‘zbek tilini zamonaviy, lekin milliy ruhda rivojlantirmoqda.

Bu esa kelajak uchun eng muhim sarmoya — milliy tafakkur sarmoyasidir.

Har bir o‘zbek yoshining zimmasida bitta muqaddas vazifa bor: o‘z tilini bilish, uni sevish va asrash.

Zero, Navoiy, Bobur, Behbudiy, Cho‘lpon, Qodiriylardek siymolar o‘z hayotini bag‘ishlagan tilda so‘zlashish — bu faxr, bu sharaf, bu mas’uliyatdir.

O‘zbekiston bayrog‘i barchamiz uchun qanday muqaddas bo‘lsa, o‘zbek tili ham shunday muqaddas.

Til — millatning ma’naviy bayrog‘idir. Uni baland tutgan xalq hech qachon yovga qul bo‘lmaydi.

O‘zbek tili — buyuk tarix merosi, buyuk kelajakning kalitidir.

Shu bois bu bayram millatning o‘zligiga qaytgan kuni, ruhiy mustaqillikning tantanasi, milliy iftixorning yuksalishi deya baholanishi lozimdir.

O‘zbek tili — xalqimiz tarixini tutib turgan arqon, millatni birlashtirgan ruh, tafakkurni yoritgan nurdir.

U bor ekan, xalqimiz siymosi bor.

U tirik ekan, yuragimiz urmoqda.

U yuksalayotgan ekan — millat yashamoqdadir!

Ismoilov Muhammadamin,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .