O’rta asrlar Buxoro madrasalaridagi ta'lim jarayoni, o'quv dasturlari va ijtimoiy harakatchanlik
Muallif: . .
Sana: 19.12.2024
429

Buxoro madrasalarining Islom ilmlari rivojida o’z o’rni va mavqe’yiga ega ekanligini o’sha dargohlarda tahsil olib, mukammal olimu-ulamo bo’lib yetishib chiqqan ziyolilarning juda ko’p ekanligi isbotlab turadi. O’rta asrlarda Buxorodagi mavjud madrasalarda o’qib ziyoli bo’lish imkoniyati o’sha davr jamiyatining deyarli barcha qatlami vakillari bo’lgan insonlarda mavjud edi. Aynan shu omil o’sha davr madrasalariga oz emas, balki ko’p sonli insonlarning ilm talabida o’qishga kirishga harakat qilishlariga va ko’plab madrasalar qurilishiga asosiy sabablaridan biri bo’lgan.

Faoliyat olib borgan madrasalarda ta’lim jarayoni qanday tashkil qilinganligi, shuningdek, qanday fanlar asosida kerakli islomiy bilimlar berilganligini bilish juda muhim sanaladi.

Tarixiy manbaalar o’rganilganda bir narsa ayon bo’ladiki, Markaziy Osiyoning hech bir yerida xox Buxoro madrasalari uchun bo’lsin xox boshqa madrasalar uchun davlat tomonidan fanlar o’qitilishi uchun darsliklar chop ettirilmagan[1]. Shunga qaramasdan madrasalarda dars jarayonlari maxsus o’quv dasturlari asosida tashkil qilinib, talabalar ta’lim olishlari uchun ko’plab vaqf qilingan kitoblar asosida mashg’ulotlar olib borilgan.

O’rta asrlar Buxoro madrasalarida tahsil olish istagida bo’lganlarning deyarli barchasi boshlang’ich bilimga ega bo’lganlar(Qur’onni o’qiy olganlar). Madrasadagi ta’limning dastlabki bosqichida talabalarga arab tili grammatikasi va sintaksisi fors tilida o’qitilgan. Bu degani, ba'zi talabalar madrasada o'qishni boshlashdan oldin, forsiy tilida o'rta ma'lumotlarga ega bo'lish uchun yozma fors tilidan dars olishgan. Sadriddin Ayniyning yozishicha, madrasalardagi bu masala bilan shug’ullanuvchi norasmiy tarbiyachi - “domullo-yi kunjaki” faoliyat olib borgan[2]. Bu esa madrasalarda dastavval fors tilini keyin esa arab tilini yillar davomida mukammal o’rganish imkonini bergan. Arab tilini o’rganish jarayoni madrasa o’quv dasturining qariyb 30 foizini tashkil qilgan. Shundan so’ng talabaga mantiq (umumiy ta’limning deyarli 30 foizini tashkil qilgan va besh yildan kam bo’lmagan muddat o’qitilgan) va balog’at ( umumiy ta’limning 7 foizini tashkil qilgan) kabi fanlar o’qitilgan. Falsafa(hikmat fani - 7 foiz) va teologiya (kalom ilmi – 20 foiz) kabi fanlar talabaga o’quvning so’ngi olti yilida o’tilgan[3]. Yuqoridagi barcha fanlarni to’liq o’qib o’zlashtirishga talaba tomonidan odatda qariyb o’n yilga yaqin vaqt sarflangan. Ayrim yuqori salohiyatli talabalar esa madrasadagi tahsil uchun olti yilga yaqin vaqt sarflashgan[4].

Talabalar madrasadagi o’qishlari davomida asosiy e’tiborni o’tilayotgan huquqiy fanlarning(usulul fiqh) mohiyatini tushunishga qaratganlar, ularni yod olishga emas. Madrasalarni muvaffaqiyatli tugatgan talabalarga diplom(ijoza) berilgan. Lekin, bu diplom o’sha davr talabalariga jamiyatda katta ulamolarga o’xshab qandaydir bir masuliyatli ijtimoiy vazifani yuklamagan. Ular madrasa ta’limidan keyin yoki ilm olishni davom ettirganlar yoki bir ustozga shogirt tushib sohalari bo’yicha ish boshlaganlar.

Buxoro madrasalarida tahsil olish istagida bo’lgan o’quvchilar juda ko’p bo’lgan. Butun Markaziy Osiyo va unga qo’shni bo’lgan davlatlardan ko’plab talabalar madrasalarda tahsil olishgan. Madrasalardagi dars jarayonlarida talabalar bir vaqtning o’zida fors, arab va turkiy tillarda suhbatlashishgan. Turkiy tilda gaplashadigan talabalar uchun dars jarayonida foydalanishlari uchun turli lug’at kitoblar yozilgan. Jumladan, Angliyaning London shahrida joylashgan British kutubxonada saqlanayotgan Muhammad Karim al-Bulg’oriyning fors-arab-turkiy tilga mo’ljallangan “Sababi taqviyat al tahsi va najati tasni’ al vaqt” deb nomlangan lug’atidan madrasalardagi asosiy va qo’shimcha darslarda foydalanilgan. Shu kabi kitoblar, ayniqsa Buxoro madrasalarida tahsil olishni xoxlagan ko’plab turkiy tilda so’zlashuvchilar uchun juda muhim manba sanalgan[5].

Xulosa qilib aytganda, Buxoro madrasalari va ularda tashkil qilingan dars jarayoinlari, u yerda beriladigan ta’lim va uning sifati sababli butun markaziy osiyo va unga qo’shni mamalakatlardan ilm istagida bo’lganlarni ushbu ko’hna shaharga borishga undagan.

Avliyoqulov Uchqun Mardanovich,
Mir Arab oliy madrasasi prorektori

[1] Liechti, Stacy. Books, Book Endowments, and Communities of Knowledge in the Bukharan Khanate. PhD diss., New York University, 2008. 304–405 p.

[2] Sadriddin Ayniy. Esdaliklar.Nashriyoti Davlati, Tojikiston. 1958. b.135.

[3] Kuhn, OR RNB F 940, no. 144 (Rossiya Milliy kutubxonasining nodir kitoblar to'plami (Отдел редких книг

Российская национальная библиотека), Sankt-Peterburg)

[4] Musayyab Bukharı. Kitab-i maqamat-i mashayikh. NBSPGU no. 854. f. 678a.(Sankt-Peterburg davlat universiteti ilmiy kutubxonasining Sharq bo'limi (Восточный отдел Научной библиотеки им. М.Горького СПбГУ), Sankt-Peterburg.)

[5] James Pickett. Polymaths of Islam: Power and Networks of Knowledge in Central Asia. Ithaca, New York :Cornell University Press, 2020. p.:117

. .