BEMOR ZIYORATI
Muallif: . .
Sana: 23.11.2024
302

Alloh taolo insoniyatni behisob ne'matlar bilan siylagan. Ular orasida inson uchun eng bebaholaridan ikkitasi – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir. Darhaqiqat, bu ikki ne'matdan bahramand bo‘lib turganimiz uchun mehribon Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytamiz!

Alloh taolo O‘z xohish-irodasi bilan ba'zi bandasiga dard berib, u sababli bandalarining xato-kamchiliklarini o‘chirib, gunohlarini yuvadi. Xalqimizda “Issiq jon, isitmasiz bo‘lmas” degan naql bor. Albatta, bu naql bejiz aytilmagan. Zero, xastalik go‘dakni ham, yoshni ham, keksani ham chetlab o‘tmaydi.

“Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili) ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)!” Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir (Baqara surasi, 155-157 -oyatlar).

“Musulmonning musulmon ustidagi haqqi beshta: salomga alik olish, bemorni ko‘rgani borish, janozada qatnashish, chaqirilgan joyga borish, aksirgan kishiga (“Yarhamukallohu...”, deb) javob aytish(Imom Buxoriy, va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ham ko‘rinib turibdiki, biz mo‘min-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biri – kasal bo‘lgan yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor bo‘lib qolganlarini darhol ko‘rgani borishlik ekan.

“Bir musulmon boshqa bir betob musulmonni ertalab borib ko‘rsa, albatta, unga kechqurungacha yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kechqurun kasalni ko‘rsa, unga yetmish ming farishta ertalabgacha salavot aytadi. Yana unga jannatda bir bog‘ yaratiladi” (Imom Termiziy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo‘ladiki, agar bemor uchun noqulay bo‘lmasa, kechqurunlari ham ularni ko‘rish uchun borish mumkindir.

Bemorlarni ziyorat qilish birinchi navbatda yaqin qarindoshlardan boshlanadi. Bu o‘z navbatida dinimizda buyurilgan qarindoshlar o’rtasidagi silai rahmning mustahkamligini ta'minlaydi.

“Alloh taolo qiyomat kuni bunday deydi: “Ey odam farzandi, (nega)men kasal bo‘lganimda meni ko‘rgani qilmading? Banda esa: “Ey Rabbim, axir Sen olamlar Parvardigorisan, qanday seni ko‘rgani boraman?” Shunda Alloh taolo aytadi: “Sen falonchi bandamning kasal ekanini bilib turib, nima uchun uni ko‘rgani bormading? Bilmaysanmi, agar o‘sha kasalni ziyorat qilish uchun oldiga borganingda, uning huzurida meni toparding?” (Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, hozirgi kunda shu narsalarni guvohi bo‘lamizki, ba'zi kishilar keksayib qolgan ota-onalari va yaqin qarindoshlari, mahalladoshlari, kasbdoshlari, do‘stlarini borib ko‘rish uchun vaqt yo‘qligini sabab qilib, ziyorat qilishga, duolarini olishga bormaydilar. Bu bilan ko‘p savoblardan benasib qoladilar.

“Bemorlarni ziyorat qilinglar va ulardan haqqingizga duo qilishlarini so‘ranglar. Chunki kasalning duosi farishtalarni duosi kabi mustajobdir va uning gunohlari kechirilgandir” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Dinimizning go‘zal hikmatlari va Alloh taoloning biz bandalariga mehribonchiligini qarangki, biz agar bir bemor birodarimizni ko‘rish uchun borsak, go‘yoki uning og‘irini yengil va dardiga shifo tilab qaytamiz va asosiy maqsad shu bilan hosil bo‘ladi, deb tushunib qolganmiz. Vaholanki, Rahimli Parvardigorimiz shu savobli ishda ham biz bandalariga ko‘proq ajr-savob topish va duosi mustajob bo‘ladigan insonlarning duosidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar qildi.

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun ro‘za tutti?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun biror janozada ishtirok etdi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun biror miskinga taom berdi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:“Sizlardan kim bugun biror bemorni ko‘rgani bordi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimda shu barcha xislatlar (bir kunda)jam bo‘lsa, u jannatga kiradi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Husniddin Boyqobilov,
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

. .