
Islom olamida ayanchli oqibatlarga sabab boʻlayotgan, jaholat tufayli fitnalarga zamin yaratayotgan “takfir” tushunchasini mazmun-mohiyatini sharhlab oʻtamiz. “Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” maʼnolarini anglatadi.
Dinda gʻuluvga ketish – haddan oshish oqibatida asrimizning dolzarb masalasiga aylangan muammolardan biri musulmonlarni “kofir” deb fatvo chiqarishning koʻpayganidir. Bu masala keyin chiqqan masalalardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilganini hech kim bilmaydi. Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari musulmonlarni bu ishdan qattiq qaytarar edilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidir: «Laa ilaha Illallohu” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz; amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa iymonning aslidandir”, demoqdalar. Bu, masalani bayon qilishning eng kuchli usullaridan biridir. Avval bayon etiladigan narsalarning adadini, ahamiyatini aytib, keyin birin-ketin ular vasf qilinadi. Demak, biz oʻrganadigan narsalarning adadi uchta. Ular eng muhim narsalar, chunki iymonning aslidan hisoblanadilar. Musulmon kishi uchun dunyoda iymondan muhimroq narsa yoʻq. Iymonning asli esa eng muhimidandir.
“Laa ilaha Illallohu”, degan kimsaga tegmaslik.» Yaʼni, kalimai shahodatni aytib, oʻzining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar yetkazmaslik zarur. Zohirida musulmon boʻlib koʻrinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning Oʻziga havola.
“Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz.” Yaʼni, “Laa ilaha Illallohu”ni aytib, zohirida musulmon boʻlib koʻringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy moʻmin boʻladi.
“Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz.” Yaʼni, kalimai tavhidni aytib, Islomni zo-hiridan koʻrsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan sharʼiy jazo beriladi.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim moʻmin kishini kofirga chiqarsa, uni oʻldirgandek (gunohkor) boʻladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Hanafiy ulamolardan Ibn Nujaym: “Agar kofir deyish uchun tӯqson tӯqqizta dalil bӯlsa- yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bӯlsa, tӯqson tӯqqizni qӯyib, ӯsha bir dalilni olish kerak “,- deydilar.
Xozirgi kunimizda yoshlarimiz, baʼzi bir Soxta salafiylarning jim-jimador suhbatlari qurboni boʻlib qolishdan saqlanishlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali tinch va osuda yashab kelayotgan va diniy ibodatlarni qilayotgan, ayniqsa, diniy- dunyoviy rahbarlarni kofirga chiqarib obrӯsizlantirishga urinayotgan, tinch yurtimizni barbod qilib, notinch qilish kabi gunoh ishlarga chaqirayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bӯlishlari talab etiladi.
Alloh taolo yurtimiz musulmonlarini, musulmon ummati birligiga rahna soluvchi maʼnaviy tahdid bӯlgan “takfir “dan saqlasin.
Muhammadxon Abdurahmanov
“Hidoya” oʻrta maxsus islom
bilim yurti oʻqituvchisi
Manba muslim.uz