ISTIXORA NAMOZI QANDAY OʻQILADI?
Muallif: . .
Sana: 13.05.2023
8032

“Istixora” soʻzi lugʻatda “xayr, yaʼni yaxshilikni talab qilish” degan maʼnoni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi oʻqiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin oʻqish mustahabdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qurʼondan surani oʻrgatgandek oʻrgatar edilar. U zot: «Qachon biringiz bir ish qilmoqchi boʻlsa, farz namozdan boshqa ikki rakat namoz oʻqisin. Soʻng «Allohim, albatta, Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat soʻrayman. Sendan ulugʻ fazlingdan soʻrayman. Albatta, Sen qodir boʻlursan, men qodir boʻlmasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen gʻayblarni oʻta yaxshi biluvchi zotsan. Allohim!

Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida yaxshi ekanini bilsang (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) uni menga taqdir qilgin, menga oson et, soʻngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish dinimda, maoshimda va ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu kelgusida) yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda boʻlsa ham yaxshilikni taqdir qil, soʻngra meni unga rozi qil» desin va hojatini aytsin», dedilar»

Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilgan.

Istixora namozidan soʻng ushbu duo oʻqiladi:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْتَخِيرُكَ بِعِلْمِكَ، وَأَسْتَقْدِرُكَ بِقُدْرَتِكَ، وَأَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ الْعَظِيمِ، فَإِنَّكَ تَقْدِرُ وَلَا أَقْدِرُ، وَتَعْلَمُ وَلَا أَعْلَمُ، وَأَنْتَ عَلَّامُ الْغُيُوبِ، اللَّهُمَّ إِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ خَيْرٌ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاقْدُرْهُ لِي وَيَسِّرْهُ لِي، ثُمَّ بَارِكْ لِي فِيهِ، وَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنَّ هَذَا الْأَمْرَ شَرٌّ لِي فِي دِينِي وَمَعَاشِي وَعَاقِبَةِ أَمْرِي، - فِي عَاجِلِ أَمْرِي وَآجِلِهِ -، فَاصْرِفْهُ عَنِّي وَاصْرِفْنِي عَنْهُ، وَاقْدُرْ لِيَ الْخَيْرَ حَيْثُ كَانَ، ثُمَّ أَرْضِنِي بِهِ.

“Allohumma inniy astaxiyruka biʼilmika va astaqdiruka biqudrotika va asʼaluka min fazlikal ʼaziym. Fainnaka taqdiru va laa aqdiru va taʼlamu va laa aʼlamu va anta ʼallamul gʻuyub. Allohumma in kunta taʼlamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va maʼashiy va ʼaqibati amriy, ʼajili amriy va ojilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta taʼlamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va maʼashiy va ʼaqibati amriy, ʼajili amriy va ojilihi fasrifhu ʼanniy vaqdurlil xoyro haysu kana summa rozziniy bih” deb, hojati aytiladi.

Maʼnosi: “Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik soʻrayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulugʻ fazlingni soʻrayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen gʻaybni biluvchisan. Allohim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi boʻlsa, uni menga nasib et va oson qil. Soʻng uni menga barokotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon boʻlsa, mendan uni uzoqlashtir, qayerda boʻlsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et”.

Duodagi “mana shu ish”, degan yeriga kelganda oʻz hojatini zikr qiladi, soʻngra oʻsha ishni qilish yoki qilmaslik toʻgʻrisida koʻngli moyil boʻlgan tomonga harakat qiladi. Ushbu namozni oʻqigandan keyin mazkur ish haqida oʻylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsani kutib yuradi. Keyin koʻngliga tushib, oʻziga maʼqul boʻlib, qilgisi kelib qolsa, amalga oshiradi. Bu haqda tush koʻrishi ham mumkin. Agar ish bir tarafga oʻtmay turib qolsa, istixora namozini yana qaytadan oʻqiydi. Qayta oʻqish yetti martagacha boʻladi. Istixora namozida xohlagan surasini oʻqiydi. Lekin birinchi rakatida Fotiha surasidan keyin Kofirun surasini, ikkinchi rakatda Ixlos surasini oʻqisa yaxshi.

Azizxoʻja domla INOYATOV

. .