AGAR ILM TALAB QILSA, BUNI SAYRU SAYOHAT UCHUN QILADI…
Muallif: . .
Sana: 13.05.2023
652

(Aldanganlar) Agar ilm talab qilsa, buni sayru sayohat uchun qiladi. Yurtlarni kezib, oʻz yurti olimlarini tark qiladi. Ustozlarining ismlarini boshqacha qilib aytishni istaydi. “Ertaga bizga falonchi faloniy hadis aytadi” deb, bu bilan ommaga oʻzini koʻrsatmoqchi boʻladi. Turli sanadlarni qidirib, raqiblariga ajoyib koʻrinadigan hadislarni izlaydi.

Agar ilm talab qilishga qiziqishi soʻnib qolsa, dunyoga berilib ketadi. Agar faqihlik darajasiga yetsa, rahbarlik, umr lazzatlari, majlislar toʻri, qalb xotirjamligi, koʻngil tinchligiga koʻz tikadi. Oʻsha narsalar, oʻlchovlar va sabablarni tushunish bilan oʻziga oʻxshaganlar bilan raqobatlashish, tengdoshlaridan ustun kelish, raqiblarini yengishni maqsad qiladi. Mana shu uning dunyodagi sayru sayohatidir.

Alloh haqqini qoim qilish yoki Allohning dinini yuksaltirishni istamaydi. Balki bunda rahbarlik ilmida oʻzini koʻtarish, raqobat uchun oʻrganish bordir. Shu yoʻlda charchoqlik va bedorliklarga duch keladi. Rahbarlikka yetib, odamlar unga muhtoj boʻlganda va nafsi odamlar muhtojligini sezganda kibrlanadi, oʻzidan ketadi, barchadan oʻzini yuqori qoʻyadi. Fatvosiga qarshi chiqilsa, gʻazablanadi. Odamlar oldiga chiqsa, majlislar toʻrini talab qiladi. Odamlar koʻzi oʻzida boʻlishini istaydi, faqat uning fikrini olishlarini xohlaydi. Uning fikriga qarshi chiqqanning, biror ishda istagiga xilof qilganning holiga voy. U shunday holda davom etadi. Rahbarligi uni charchatib, umri oxirida jabr qiluvchi, bagʻritosh, kibrli, dunyo matolari va obroʻga aldangan holda topasan.

Bizga Ibn Abu Maysara, Yaʼqub ibn Hamid ibn Kosibdan, u Abdulloh ibn Abdulloh Umaviydan, u Hasan ibn Huyaydan, u Yaʼqub ibn Utbadan, u Said ibn Musayyabdan, u Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kim bandalar bilan oʻzini kuchli sanasa, Alloh uni xor qiladi”.

Eng aldangan kishi shudir. Chunki u amallariga qarab: “Odamlarni toʻgʻri yoʻlga boshlayman, ularni toʻgʻri yoʻldan olib boraman, ularga ilm beraman, ishlarini oʻz fikrim bilan boshqaraman. Ilm yoʻqolib, haq zoye boʻlmasligi uchun mening fikrim ular uchun oʻzlarining fikrlaridan yaxshidir”, deydi. Sen odamlarni soʻzda toʻgʻri yoʻlga boshlayotganini, lekin oʻzining toʻgʻri yoʻldan yurmayotganini koʻrasan. U oʻzi qaytargan ishlarni qiladi. Uning oʻy-fikri odamlarni tuzatish emas, balki xalq oldida izzati, obroʻsi va qadri davom etishidir. Agar buni yoʻqotsa, xafa boʻladi. Davom etsa, xursand boʻladi. Koʻrmaysanmi, u shuni deb hasad qiladi, yaxshilik yoʻlini toʻsadi. Qoʻrqishi xalq oldida hurmati yoʻqolishidandir. Koʻrmaysanmi, u odamlarga muloyim boʻladi, ularni rozi qilishga intiladi. Ularning istagi boʻyicha, Allohning amriga xilof, Uni gʻazablantiradigan ish qiladi. Bularning bariga eʼtibor bermaydi. Buni oʻz rahbarligida qolish, obroʻsini saqlash uchun qiladi. Bu doʻzax oloviga tutashgan olovdir. Ertaga u tirik ekan, aldangani, yoʻlining zulmatli ekani tufayli oʻzi bilmagan holda yonadi. U yoʻlni oʻzi zulmatga chulgʻagan. Qabriga oʻsha olov bilan birga kiradi. Ana shunda unga yoʻl ravshan boʻladi. Unga shunday deyiladi: “Oʻzing toʻgʻri yoʻlda boʻlmasdan qanday toʻgʻri yoʻlga boshlaysan? Nimaga boshlaysan? Qalbingga Yaʼjuj va Maʼjuj devori kabi devor solding. Qalbing Allohdan uzoq boʻlgani holda kimga chaqirasan? Oʻzing botil zulmati va bekorchi lagʻvlarda boʻla turib, qaysi xulqqa chaqirasan? Oʻz ishlaringni olib borishda adashganing holda qanday qilib odamlar ishini boshqarasan? Oʻzing buzilgan holda qanday qilib odamlarni isloh qilasan? Qalbing oʻlik boʻlgani holda qaysi ilmni tiriltirmoqchisan? Qalbing dunyoni yaxshi koʻrish, rahbarlikni sevish, obroʻ, maqtalish, dunyoga, obroʻga bogʻliq ishlarda izzatli boʻlishni istash kabi razilliklarga toʻlaki, agar odamlarga bu oshkor boʻlsa, seni itqitib, ustingdan tuproq tortishardi. Bu razilliklar ilonlar zahridir. Aldangan kishi xuddi quduqqa tushib, uni oʻziga kelguncha bilmagan mastga oʻxshaydi. Agar uni ilon yoki chayon chaqsa, oʻziga kelmaguncha uning ogʻrigʻini sezmaydi. Agar iflos joylarda ifloslikka bulgʻansa ham, oʻziga kelmaguncha buni anglamaydi. Fahsh ishlarni qilsa, oʻziga kelmaguncha undan nafratlanmaydi. Agar molini havoga sovurib, xotinini taloq qilsa ham, buning fojeasini oʻziga kelmaguncha bilmaydi. Agar oʻzini oʻldirsa, buni barzaxda oʻziga kelmaguncha anglamaydi”. Uning holiga ming voy boʻlsin! Agar yashashga pul topish uchun ishlasa, bunda hirsni oʻziga ulov qilib oladi. Ochlik bilan yigʻa boshlaydi. Neʼmatga sarflamay, yomon gumoniga havoyi nafsi va shahvat bilan sarflaydi. Yana: “Men odamlardan soʻramaslik uchun, oilam uchun, ortgan molimdan faqirlarga yordam qilish uchun, shu bilan dinim va obroʻyimni saqlash uchun ishlayapman”, deyayotganini koʻrasan. Yana u oʻsha hirs bilan ishlashida obroʻyini toʻkib, dinini parchalab, qullar va mardikorlar kabi ter toʻkishini koʻrasan. Agar omonatli joyga joylashsa, omonatga xiyonat qiladi, unga qoʻyilgan taqiqlarni buzadi. Natijada na obroʻsi saqlanadi, na dini asraladi. Agar mol-dunyo toʻplasa, majburiyatlarini ado etmaydi. Nafaqada xasislik qiladi. Na adolat uchun ishlagan, na faqirlarga mehr koʻrsatgan, na qarindoshlar bilan aloqani bogʻlagan, na soʻrab kelganlarga yordam bergan boʻladi. Agar infoq qiladigan boʻlsa, nafsiga yoqqan, istagan joylarga sarflaydi. Bu istagi toʻgʻri boʻladimi, botil boʻladimi, farqi yoʻq. Buni ham oʻz istaklarini qondirib boʻlgandan soʻng qiladi. Keyin yana koʻrasanki, u qancha koʻp yigʻsa, shuncha hirsi va ochkoʻzligi ortib boradi. Shu bilan birga, kibrlanadi, jabr qiladi, maqtanadi, isrof qiladi, odamlarga zugʻum etib, gerdayadi. Unga oʻlimni eslatgan kishi u eng yomon koʻrgan odamdir. Unga nasihat qilgan kishi unga eng ogʻir kishidir. Dunyodagi koʻz quvonchi toʻplagan molida. Dunyodagi xursandchiligi nafsining ochkoʻzligini toʻydiradigan narsalardir. Qurʼon oʻgitlarini, olimlar odobini, goʻzal xulqlar, bagʻrikenglik, Alloh uchun birodar tutish, ezgu ishlarni butkul unutgan. Agar ezgu ish qiladigan boʻlsa, xuddi oʻynayotgandek qiladi, Allohdan qabul qilishini yolvormaydi. Amallar qabul boʻlishi uchun ularning xolis boʻlishiga parvo qilmaydi. Bu ishlar bilan Allohga yaqin boʻlishni maqsad qilmaydi. Allohga koʻrsatiladi, deb ularni pishiq qilmaydi. Qalbi havoyi istaklariga bogʻlangan. U tili bilan: “Bularni iffat uchun qilayapman”, desa-da, aʼzolarini tiymaydi. Oilasi uchun harakat qiladi-yu, Mavlo roziligi uchun intilmaydi. Birovga mehr koʻrsatishi ham oʻz istagiga koʻra, oʻzi lazzat olishi, ochligi bosilishi yoki manfaat uchun boʻladi. Bu ogʻir bir turmushni izlashdir. «Kim Mening eslatmamdan yuz oʻgirsa, (kofir boʻlsa) bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) boʻlishi muqarrar va Biz uni qiyomat kunida koʻr holda tiriltirurmiz. U: “Rabbim! Nega meni koʻr holda tiriltirding, axir (dunyoda yashagan vaqtimda) koʻruvchi edim-ku?!” – deydi. (Alloh) aytur: “Shunday. (Lekin) senga Bizning oyatlarimiz kelganida, ularni unutding. Bugun sen ham ana shunday “unutilursan”» (Toho surasi, 124–126-oyatlar). Bu oʻz nafslariga qarab, haqdan yuz oʻgirganlar jazosidir.

Alloh taolo aytadi: «Kimki Rahmon zikridan (Qurʼon nasihatlaridan) koʻr boʻlib olsa (yuz oʻgirsa), Biz unga shaytonni ulfat qilib qoʻygaymiz, bas, u unga hamrohdir. Albatta, ular (shaytonlar) ularni (“koʻrlar”ni) yoʻldan toʻssalar ham (toʻsilganlar) oʻzlarini hidoyat topuvchilar, deb hisoblaydilar. To qachonki, Bizning huzurimizga kelgach, (oʻsha shaytonga qarab): “Qani endi, men bilan sening oramiz Sharq bilan Gʻarbning orasidek uzoq boʻlsa. Bas, (sen) naqadar yomon hamroh ekansan!” der. Zulm qilganingiz sababli bugun (yaʼni, qiyomat kuni) azobda sherik boʻlishingiz sizlarga sira foyda bermas» (Zuxruf surasi, 36–39-oyatlar).

Hakim Termiziyning “Oqillar va aldanganlar” kitobidan

Asliddin RAHMATULLOH tarjimasi.

Manba muslimuz

. .