HANAFIY MAZXABIDA “TAKBIRI TAXRIMA” VA NAMOZDA QOʻL BOGʻLASH
Muallif: . .
Sana: 04.05.2023
610

Namoz – dinning ustuni va moʻminning meʼroji. Bu ibodatning qadr-qimmati va fazlu barakoti baland. Namozning ahkomlari koʻpligi va amallari oʻta daqiqligini toʻla anglab yetmay, ularni ilmiy asosda oʻrganmay, amalga toʻliq tatbiq etish qiyin.

Namozga kirishda qoʻllar quloq barobarigacha koʻtarilib, qoʻlning bosh barmogʻi quloqning yumshogʻiga yetkaziladi va “takbiri tahrima” aytib, namozga kiriladi. Qoʻllar koʻtarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda boʻladi. Namozga kirishda qoʻllar quloq barobarigacha koʻtarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan.

Jumladan: Voil ibn Hujr roziyallohu anhu: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qoʻllarini koʻtarib, quloqlari barobariga koʻtarganlarini koʻrdim”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, soʻngra ikki qoʻllarini koʻtarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari). Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qoʻlni quloq barobariga koʻtarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshogʻiga qoʻl tegishi qoʻlning quloq barobariga koʻtarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Al-Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majmaʼul anhur” shu kabi bir qancha moʻtabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Namozda qoʻl bogʻlash tartibi. Hanafiy mazhabimizga koʻra, namozda turgan kishi qoʻllarini bir-biriga bogʻlab, kindik ostiga qoʻyadi. Bu haqda bir qancha rivoyatlar mavjud boʻlib, jumladan: Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan, u zot otalaridan rivoyat qilinadi. “U zot aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda oʻng qoʻllarini chap qoʻllari ustiga – kindik ostiga qoʻyganlarini koʻrdim“ (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). “Eʼlous sunan” kitobida, bu hadisning roviylari ishonchlidir, deyilgan. Yana bir rivoyatda shunday keladi: Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra roziyallohu anhu aytdilar: “Namozda kaftning ustiga kaftni qoʻyib, kindik ostida ushlanadi”” (Imom Abu Dovud rivoyati). Alloma Zafar Ahmad Usmoniy mana shu rivoyatni keltirib, shunday deganlar: “Muhammad ibn Sirin Abu Hurayra roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilganlarida, u zotdan “Bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdanmi?” deb soʻraganlar. Shunda Ibn Sirin rahmatullohi alayh: “Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdandir”, deb javob berganlar. Demak, bundan Abu Hurayra roziyallohu anhuning har bir hadisi marfuʼ (Rasulullohdan kelgan) ekanligi kelib chiqadi. Shunday qilib, namozda qoʻllarni kindik ostiga qoʻyish sunnat ekanligi sobit boʻlgan”.

Manbalar asosida

Uchqoʻrgʻon tumani “Baytul muqaddas” jome masjidi imom-hatibi

Gʻiyosiddin Tojimirzayev tayyorladi

Manba muslim.uz

. .