
“Zakot” soʻzi lugʻatda “poklik” va “oʻsish” degan maʼnolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi. Qachon zakotini bersa, poklanadi, boʻlmasa yoʻq. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, koʻpayib, oʻsadi.
Sharʼiy istilohda “Zakot – maxsus moldan maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilingandek mulk qilib berishdir”.
“Maxsus mol” – nisobga yetgan mol demakdir. “Maxsus juz” – zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdordir. Misol uchun, bir kishiga “Ushbu uyda bir yil oʻtirib turishing senga zakot”, deb boʻlmaydi. “Maxsus shaxs” deganda zakot olishga haqli boʻlgan shaxs nazarda tutilgan. “Allohning roziligi uchun” jumlasi esa zakotning ibodat niyati bilan berilishi kerakligini anglatadi. “Shariat tayin qilgan” deganda zakot chiqarish miqdori shariatda koʻrsatilgan miqdorga toʻgʻri kelishi kerakligi nazarda tutiladi. Ozgina sadaqa berib, “shu zakot” deb boʻlmaydi. “Mulk qilib berish” degan jumladan esa “oʻsha berilayotgan mol uni oluvchiga mulk boʻlmagunicha zakot boʻlmaydi” degan maʼno anglanadi.
Zakot Islomning besh ruknidan biri boʻlib, shariat farz qilgan amaldir.
Zakot Islomdagi besh ruknning uchinchisidir. U islomiy ibodat boʻlib, aqiydaning ajralmas qismidir. Kim zakotni inkor etsa, kofir boʻladi, bordiyu uni ado etmasa, osiy boʻladi.
Fiqh kitoblarimizda ibodatlar qismi alohida, muomalalar qismi alohida bayon qilingan boʻlib, zakot ibodatlar qismida kelgan. Zakotda ibodat maʼnosi boʻlishi bilan birga, ulugʻ insoniy gʻoyalar, axloqiy koʻrinishlar, ruhiy qadriyatlar ham mavjud. Unda faqat moddiy maʼno emas, balki maʼnaviy, ruhiy, axloqiy maʼnolar ham oʻz aksini topgan. Zakotda uni beruvchiga ham, zakot oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham koʻplab dunyoviy va uxroviy foydalar bor.
Zakot ibodati tufayli zakot beruvchi kishi oʻzining ixtiyoridagi mol-dunyo Alloh tomonidan berilgan neʼmat ekanini, bu mol-dunyoga vaqtinchalik ega boʻlib turganini tushunib yetadi. Shuning uchun u qoʻlidagi mol-dunyoni Alloh koʻrsatgan halol-pok yoʻllarga sarflashga intiladi. Bu har bir shaxs, har bir jamiyat uchun iqtisodiy muammolarni hal qilishda juda muhim va zarur omildir.
Zakot ibodati nafaqat zakot beruvchi va zakot oluvchiga, balki jamiyatga ham ulkan foyda keltiradi. Shuning uchun zakot ibodati tatbiq qilingan jamiyatlarda koʻp mushkulot va muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻladi.
ZAKOTNING FIQHIY HUKMLARI
I. Zakotberuvchida boʻlishi lozim shartlar:
1. Musulmon boʻlish.
2. Balogʻatga yetgan boʻlish.
3. Oqil boʻlish.
4. Hur boʻlish.
II. Zakotfarz boʻlishi uchun molda boʻlishi lozim shartlar:
1. Nisobgayetishi.
2. Toʻliqmulk boʻlishi.
3. Feʼlanyoki taqdiran oʻsuvchi mol boʻlishi.
4. Hojatiasliyadan ortiqcha boʻlishi.
5. Qarzdanxoli boʻlishi.
6. Bir yil toʻlgan boʻlishi kerak.
III. Zakotning toʻgʻri boʻlishi shartlari:
1. Niyat.
2. Haqdorga mulk qilib berilishi.
1. Niyat.
Zakotni ado etish vaqtida yoki uni ajratish vaqtida niyat qilish shartdir. Molning hammasini sadaqa qilib yuborsa, niyat qilish shart emas.
Zakotning toʻgʻri boʻlib, oʻrniga oʻtishi uchun eng muhim shart zakot berishni niyat qilishdir. Chunki Islomda hech bir ibodat niyatsiz boʻlmaydi.
2. Haqdorga mulk qilib berilishi.
Zakot toʻgʻri boʻlishi uchun ajratilgan mol zakot beruvchi tomonidan haqdorlarga mulk qilib berilishi kerak. Foydalanib turishga berilgan buyumlar zakot boʻlmaydi, shuningdek, kishilarni taomlantirib, “mana shu mening zakotim” deyish ham joiz emas. Lekin taom sotib olib, zakot deb niyat qilib bersa boʻladi.
Hanafiy mazhabi boʻyicha, aqli zaif yoki yosh bolaga zakot berib boʻlmaydi.
“Sadaqa qilindi” degani “birovga bir narsa mulk qilib berildi” deganidir. “Faqirlargadir” deganda ham arab tili qoidasida ularga mulk qilib berish tushuniladi.
CHORVA HAYVONLARINING ZAKOTI
Chorva hayvonlari zakotining shartlari:
1. Yaylovdaoʻtlaydigan boʻlishi.
2. Ishchi hayvonboʻlmasligi.
Yaylovda oʻtlaydigan boʻlishi, yaʼni yilningkoʻp qismida ommaviy yaylovda oʻtlab, semirib, bolalabyurishi. Yilning baʼzi vaqtida qoʻldan yem yesa ham boʻlaveradi. Yilning koʻp qismidaqoʻlda boqilgan hayvonlardan zakot berilmaydi. Chunki ularniboqishga shaxsiy mehnat va sarf-xarajat koʻp ketganboʻladi.
Yilning koʻp qismida yaylovda boqilgan hayvonlarga esa mehnat ham, sarf-xarajatham juda oz ketadi. Asosan koʻpchilikning haqqi boʻlmish yaylovdan foydalaniladi. Shuning uchun koʻpchilik ichidagi kambagʻal-miskinlarga zakotberish kerak boʻladi.
Ishchi hayvon boʻlmasligi. Chorvahayvonlarining ishchisidan, yaʼni aravaga, omochga qoʻshiladigan, yuk tashishgaishlatiladigan, miniladigan, juvozda, suv chiqarishda yoki shunga oʻxshash ishlarda foydalanib turiladiganidan zakot olinmaydi, chunki bundayhayvonlar hojati asliya va ish vositasi hisoblanadi, oʻsuvchi mol emas. Qolaversa, ularni ishga solibtopilgan narsalardan zakot chiqariladi. Ana oʻsha zakotyoʻlida xizmat qilganlari uchun ham ularning oʻzlaridan zakot olinmaydi.
Tuyadan olinadigan zakot miqdori
Tuyaning nisobi beshtadir. Toʻrtta tuyasi bor kishiga zakot farz boʻlmaydi. Lekin egasi oʻzi xohlab, bersa, ixtiyoriga havola.
Hanafiy mazhabida tuyaning soni bir yuz yigirma bitta boʻlgandan boshlab buning zakotiga tuyaga zakot berish boshlangan vaqtdagi zakot qoʻshilib, xuddi avvalgidek ortib boraveradi. Tuyalar ikki yuzga yetganda qoʻshimcha qoʻshish yana qaytadan boshlanadi.
Qoramolning zakoti
Qoramoldan zakot berish tartibi:
Oʻttizta qoramoldan bir yoshli erkak yoki urgʻochi buzoq;
Qirqta qoramoldan ikki yoshli erkak yoki urgʻochi buzoq,
Qirqtadan oshganda to oltmishtagacha ikki yoshli erkak yoki urgʻochi buzoq hamda qirqtadan oshgan har bir bosh uchun ana shunday sifatli buzoq qiymatining qirqdan biri berib boriladi.
Oltmishtadan oshganda har oʻttizta qoramol uchun bir yoshli erkak buzoq, har qirqta qoramol uchun ikki yoshli urgʻochi buzoq zakot qilib beriladi.
Masalan, qoramollar soni 41 ta boʻlganda ikki yoshli erkak yoki urgʻochi buzoq hamda shunday buzoq qiymatining qirqdan biri beriladi. 42 ta boʻlsa, ikki yoshli erkak yoki urgʻochi buzoq hamda shunday buzoq qiymatining qirqdan ikkisi beriladi va hokazo.
Qoʻy-echkilarning zakoti
40 ta qoʻy yoki echkidan bitta, 121 dan ikkita, 201 tadan uchta, 400 tadan toʻrtta, soʻng har yuztadan bitta qoʻy zakot beriladi.
Qoʻylarning soni qirqtaga yetganda nisobga yetgan boʻladi va ulardan bir dona qoʻy zakotga chiqariladi. Qoʻylarning umumiy soni oʻttiz toʻqqizta boʻlsa ham, zakot farz boʻlmaydi. Bunda zakot berish-bermaslikni egasining oʻzi biladi. Beraman desa, beradi, bermasa, gunohkor boʻlmaydi.
Qirqtadan to bir yuz oʻn toʻqqiztagacha boʻlgan qoʻylardan bir dona qoʻy zakotga beriladi. Bir yuz yigirmataga yetgandan soʻng to ikki yuzga yetguncha ikkita qoʻy berilaveradi. Ikki yuzdan oʻtganidan keyin esa uchta qoʻy beriladi.
Uch yuzdan oshgandan keyin esa har yuztasidan bitta qoʻy zakotga chiqariladi. Bunda qoʻy boqishni koʻpaytirish maqsadida ular qancha koʻp boʻlsa, shuncha oz zakot olish yoʻlga qoʻyilgan.
Echki ham qoʻy hisobida boʻlishini unutmaslik kerak.
Otning zakoti
Quyidagi otlardan zakot olinmaydi:
1. Miniladigan, ishlatiladigan va harbiy xizmatga tayyorlangan otlar.
2. Yem berib boqiladigan otlar.
Demak, tijorat uchun boqiladigan ot, xachir va eshaklardan zakot olinadi.
TILLA VA KUMUSHNING ZAKOTI
Tillaning nisobi yigirma misqol, kumushniki ikki yuz dirham. Oʻnta dirhamning vazni yetti misqoldir. Xoh ishlangan boʻlsin, xoh yombi boʻlsin, qirqdan birini berish farzdir. Nisobga ziyoda boʻlgan har beshdan birdan hisobi ila chiqariladi. (Tillaning aralashgan narsadan) gʻolibligi eʼtiborga olinadi. Agar aralashtirilgan narsa gʻolib boʻlsa, (tillaning) qiymati aniqlanadi (va zakoti chiqariladi).
Aytib oʻtilgan narsalardan boshqada zakot farz boʻlmaydi. Agar tijorat niyatida boʻlsa, farz boʻladi. Meros yoʻlidan boshqa yoʻl bilan ularga molik boʻlgan vaqtda uning (tijorat molining) qiymati ikki pul birligi(tilla va kumush)dan faqirlarga manfaatliroq boʻlgan nisobga yetsa, farz boʻladi (“Kifoya”dan).
Kumush tanga puldan farz boʻladigan zakot miqdori oʻndan birning toʻrtdan biri, bugungi kun istilohi bilan aytilganda ikki yarim foizi ekan. Jumladagi “qirqdan biri” iborasi matnda “oʻndan birining toʻrtdan biri” deb aytilgan, chunki arab tilida “qirqdan bir” degan ifoda yoʻq. Demak, kimning kumush tangalari nisobga yetsa, ikki yarim foizini zakot qilib chiqarishi kerak boʻladi.
Bir yuz toʻqson tanga kumush pulga zakot farz boʻlmaydi. Ammo egasi oʻz ixtiyori bilan zakot bermoqchi boʻlsa, joiz.
Kumush tanga pulning nisobi besh uvqiya. Bir uvqiya qirq dirhamga teng. Uni beshga koʻpaytirsak, ikki yuz dirham boʻladi. Ikki yuz dirham kumush pul nisobga yetgan boʻladi.
Tilla pulning yigirma dinordan ozida zakot farz boʻlmaydi, chunki tilla pulning nisobi yigirma dinordir.
Tilla pul ham nisobga yetganidan keyin bir yil oʻtsagina, zakot farz boʻladi. Bir yildan oz miqdorda nisobdan kam boʻlib qolsa, zakot farz boʻlmaydi.
Yigirma dinor tilla puldan yarim dinor zakot beriladi.
Nisobdan ortiq puldan nisbatiga qarab ikki yarim foizi zakotga chiqarilaveradi.
NAQD PULDAN OLINADIGAN ZAKOT
Naqd puldan qanday qilib zakot chiqariladi? Uning shartlari qanday?
Naqd puldan zakot chiqarish farz boʻlishi uchun unda quyidagi shartlar mavjud boʻlishi lozim:
1. Pul nisobga yetgan boʻlishi.
2. Bir yil toʻlishi.
3. Qarzdan xoli boʻlishi.
4. Hojati asliyadan ortiq boʻlishi.
Pul nisobga yetgan boʻlishi. Tilla pul boʻlsa, yigirma dinor, kumush pul boʻlsa, ikki yuz dirham nisob ekanini yaxshi bilib oldik. Ammo hozir tilla ham, kumush ham pul sifatida ishlatilmaydi. Qogʻoz puldan qanday qilib zakot chiqariladi? Uning nisobi qancha?
Kumush xalqaro miqyosda pul oʻrnida umuman qabul qilinmay qoʻydi. Tilla esa pul oʻlchovi sifatida dunyo boʻyicha maqbul boʻlib turibdi. Shuning uchun ulamolar qogʻoz pulni tillaning qiymati bilan oʻlchash kerak, degan fikrga kelganlar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida yigirma dinor pulning ogʻirligi yigirma misqol boʻlardi. Yigirma misqol esa sakson besh grammga teng.
Demak, 85 gramm tillaning bahosi qogʻoz pulning nisobi boʻladi. Kimda 85 gramm tillaning qiymatiga teng yoki undan koʻp qogʻoz pul boʻlsa, zakot berishi farz boʻladi. U odam pulini hisoblab turib, ikki yarim foizini, yaʼni qirqdan bir boʻlagini zakotga berishi kerak.
Bir yil toʻlishi kerak. Naqd pullardan yoki ularning oʻrniga oʻtadigan narsalardan zakot farz boʻlishi uchun lozim boʻlgan shartlardan biri – oʻsha pul nisobga yetgan holida toʻliq bir yil turishi kerak. Hanafiy mazhabi boʻyicha, yilning oʻrtasida pul nisobdan kam boʻlsa ham, yilning boshida va oxirida toʻliq boʻlsa, zakot farz boʻlaveradi.
Foydaga kelgan mollardan: oylik maosh, ish haqqi, mukofotlar, hunar qilib topilgan pullar, ijaraga qoʻyilgan imoratlar, mehmonxona, zavod yoki fabrika va mashinalardan tushgan foydalarni ham asl sarmoyaga qoʻshib turib zakot chiqariladi.
Qarzdan xoli boʻlishi kerak. Puldan zakot farz boʻlishi uchun u qaytarib berilishi zarur boʻlgan qarz boʻlmasligi kerak. Aytaylik, birovning qoʻlida nisobga yetgan puli bor. Shu bilan birga, qarzi ham bor. U avval qarzini berishi kerak. Uni berganidan keyin puli nisobdan kam boʻlib qolsa, unga zakot farz boʻlmaydi.
Hojati asliyadan ortiq boʻlishi kerak. Deylik, bir kishining qoʻlida nisobga yetgan puli bor. Ammo u oʻziga va qaramogʻidagi kishilarga qishlik yoki yozlik kiyim olishi kerak. Yoki bir yillik oziq-ovqatining sarf-xarajati ham bor. Uy sotib olishi, uyiga kerakli anjomlar, kasb-hunari uchun asboblar, mingani, zarurat uchun ulov yoki oʻqigani kitob olishi kerak. Ushbu narsalarni yoki ulardan baʼzilarini sotib olganidan keyin puli nisobdan kam boʻlib qolsa, unga zakot farz boʻlmaydi. Sotib olishidan oldin esa puli nisobga yetgan boʻlsa, farz boʻladi. Chunki zakot oʻziga toʻq, oʻz ehtiyojlaridan ortiqcha puli bor boy odamlarga farzdir.
TIJORAT MOLIDAN QIYMATINI ZAKOTGA CHIQARISH
Sotib olingan har bir narsa ham tijorat moli boʻlavermaydi, chunki ularning orasida shaxsiy va oilaviy foydalanish uchun narsalar ham boʻladi. Faqatgina sotish, foyda olish niyatida xarid qilingan narsagina tijorat moli hisoblanadi.
Ulamolarimiz: “Tijoratda ikkita asosiy unsur: niyat va amal bor”, deyishadi. Niyat – foyda koʻrish maqsadi boʻlsa, amal – oldi-sotdidir. Ushbu ikki unsur bir boʻlgandagina, tijorat boʻladi. Biri boʻlib, ikkinchisi boʻlmasa, tijorat boʻlmaydi.
Shunga koʻra, birov oʻzi uchun biror narsa olib, uni ishlatib yursa-yu, yaxshiroq foyda chiqsa sotib ham yuborish maqsadi boʻlsa, u narsa tijorat moli boʻlmaydi. Chunki uni aslida oʻzi uchun olgan. Aksincha, sotib, foyda koʻrish niyatida olgan narsasidan oʻzi vaqtincha, yaxshiroq xaridor chiqquncha foydalanib tursa ham, u narsa tijorat moli hisoblanadi. Ammo ushbu narsani “Sotmayman, oʻzim foydalanaman”, deb niyat qilsa-yu, foydalanib yursa, oʻsha mol tijorat moli boʻlmaydi va undan zakot ham bermaydi.
Tijorat mollaridan zakot farz boʻlishining shartlari ham xuddi puldagi shartlarga oʻxshaydi, yaʼni buning uchun mol nisobga yetishi, bir yil toʻlishi, qarzdan xoli boʻlishi va hojati asliyadan ortiq boʻlishi lozim.
Zakot berish vaqti kelganda tojir qoʻlidagi va hisob raqamidagi pullarini, savdoga qoʻyilgan mollaridan bir yil toʻlganini va odamlarga bergan qarzlaridan qaytib kelishiga koʻzi yetganlarini jamlab hisoblaydi, soʻngra buning ikki yarim foizini zakotga chiqaradi.
Hisoblash vaqtida tijorat doʻkoni binolari, binoning asbob-anjomlari, tijorat mollari qoʻyiladigan joylar, peshtaxta va shunga oʻxshash sotuvga qoʻyilmagan narsalar hisobga olinmaydi. Tijorat mollarining qiymati zakot chiqarilayotgan kundagi bahosida oʻlchanadi. Zakotni tijorat mollarining oʻzidan yoki qiymatidan chiqarsa ham boʻladi. Ammo kambagʻallarga foydaliroq boʻlgani uchun qiymatidan chiqarilsa, yaxshi boʻladi.
Zakot, sadaqai fitr, kafforat, ushr va nazrlarda ularning qiymatini berish ham joiz. Bir yil toʻlgandan keyin kamaysa, zakotning oʻsha kamaygan miqdordagi ulushi soqit boʻladi. Zakot nisobdadir, afv qilingan narsada emas.
Agar qirqta tuyaga bir yil toʻlgandan keyin oʻn beshtasi halok boʻlsa, binti maxoz berish vojib boʻladi.
Yilning oʻrtasida koʻrilgan foyda oʻz jinsidan boʻlgan nisobga qoʻshiladi.
Nisobni mukammal qilish uchun tilla kumushga va tijorat mollari qiymati ila ikkisiga qoʻshiladi.
Nisobning yil davomida noqis boʻlgani (kamaygani) hisob emas. Zakotni bir yil va undan ham avvalroq berish joiz.
Shuningdek, bir nisobga sohib boʻlgan kishi bir necha nisobning zakotini oldindan bersa boʻladi (“Kifoya”dan).
Bu yerda zakotga oid bir necha masala muolaja qilinmoqda. Avvalo, zakot va unga oʻxshash moliyaviy ibodatda beriladigan narsalarning oʻzini bermay, qiymatini bersa ham boʻlishi haqida soʻz bormoqda.
Zakot, sadaqai fitr, kafforat, ushr va nazrlarning qiymatini berish ham joizligi haqida hanafiy mazhabining ulamolari: “Qiymatini chiqarsa yaxshi boʻladi, baʼzi vaqtlarda qiymatini berish miskin va faqirlar uchun manfaatliroq boʻladi”, deyishadi. Zamondosh ulamolarimiz bu boradagi barcha maʼlumotlarni toʻliq va atroflicha oʻrganib chiqib, hanafiy mazhabining tutgan yoʻli hozirgi zamon uchun munosib, degan fikrga kelishgan.
Zakotga beriladigan hayvon oʻrniga uning qiymatini bersa boʻladimi? Hanafiy mazhabida: “Zakotga beriladigan hayvon oʻrniga uning qiymati berilsa boʻladi”, deyiladi. Qiymat har yurtning oʻz narxida va zakot berilayotgan kunning bahosiga qarab boʻladi.
TILLA-KUMUSH BUYUMLAR, IDISHLAR VA TAQINCHOQLARNING ZAKOTI
Ushbu masalada fiqhiy mazhablar ikkiga boʻlinishgan:
1. Hanafiy mazhabi: “Ayollarning taqinchoqlaridan zakot chiqariladi”, degan.
2. Molikiy, shofeʼiy va hanbaliy mazhablari: “Ayollarning odatdagi tilla va kumush taqinchoqlaridan zakot chiqarish farz emas”, degan.
Hanafiy ulamolarimiz tilla-kumush buyumlar, idishlar va taqinchoqlardan zakot berish borasida quyidagi fikrlarni aytishgan:
1. Tilla va kumushdan yasalgan turli buyumlar, idishlar uchun zakot berish farzdir. Avvalo, Islom bu narsalarni isrofgarchilik, manmanlik hamda kambagʻallarning koʻngli choʻkishiga sabab boʻlgani uchun harom qilgan. Musulmon odam mazkur narsalarni uyida saqlamagani maʼqul. Ammo kim ushbu qoidaga rioya qilmay, ularni oʻziga mulk qilib olgan boʻlsa, oʻsha narsalarning oʻzi yoki boshqa mulk bilan qoʻshilganda nisobga yetsa, zakot berishi farz boʻladi.
Ulamolarimizdan baʼzilari: “Bunday idish va buyumlarning nisobga yetganini aniqlash uchun ularning ogʻirligi eʼtiborga olinadi, agar 85 grammga yetsa, nisobga yetgan boʻladi”, deganlar. Baʼzilari esa: “Qiymati eʼtiborga olinadi, chunki bu narsalar sanʼat asari sifatida bahosi yana ham ortgan boʻladi”, deyishadi.
2. Erkak kishilarning tilla va kumush taqinchoqlaridan ham zakot olinadi. Erkak kishiga shariatimizda bitta kumush uzuk taqishga ruxsat berilgan. Lekin shunday boʻlsa ham, oʻsha narsalardan taqinchogʻi boʻlsa, uni taqish yoki taqmasligidan qatʼi nazar, oʻziga mulk boʻlib turgani uchun zakot beradi. Uni boshqa mulklarga qoʻshib nisob hisobiga kiritadi. Bu narsalarning hammasi oʻsishi kerak boʻlgan molni oʻlik mol qilib qoʻyish hisoblanadi va Islomda qoralanadi. Zarurat uchun, kishining sogʻligʻi uchun qilingan tilla va kumush narsalar, masalan, tish, burun va shunga oʻxshashlardan zakot berilmaydi.
3. Marjon, laʼl, zumrad, olmos, yoqut kabi narsalardan zakot berilmaydi. Chunki bu narsalar oʻsmaydigan mol hisoblanadi. Faqat ayollarning zebu-ziynati shaklida ishlatiladi.
4. Tilla va kumush taqinchoqlar taqish uchun emas, pulni band qilish uchun, jamgʻarma qilish uchun, sotib-foyda koʻrish uchun olib qoʻyilgan boʻlsa, ulardan zakot berish vojib boʻladi. Agar shunday qilinmasa, odamlar zakot berishdan qochib, puliga tilla va kumush taqinchoqlar olib qoʻyishga oʻtadi. Qolaversa, bunday taqinchoqlar ayollarning hojati uchun emas, pulni ushlab va uning foydasini olish uchun jamgʻarilgan boʻladi.
QIMMATBAHO TOSHLARNING ZAKOTI
Togʻdan topilgan feruzadan zakot berilmaydi, chunki bunga oʻxshash narsalar tuz kabi yerning bir boʻlagi hisoblanadi.
Shuningdek, marvarid, laʼl, zumrad, olmos, yoqut kabi narsalardan zakot berilmaydi, chunki bu narsalar oʻsmaydigan mol hisoblanib, faqat ayollarning zebu ziynati sifatida ishlatiladi.
Odamlar tomonidan yerga koʻmilgan narsa topilsa va unda kalimai shahodat yoki shunga oʻxshash islomiy alomatlar boʻlsa, uning hukmi tushib qolgandan keyin topib olingan narsaning hukmi kabi boʻladi. Albatta, bu kabi narsalar musulmonlarning mulki hisoblanadi. Bu holda xuddi topib olingan narsa kabi mazkur dafinaning ham egasini topib, unga qaytarib berish uchun shariatda qabul qilingan choralar koʻriladi. Egasi topilmasa, topilmaning hukmida boʻladi.
Hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhabi ulamolari: “Dafinaning zakoti davlat mulkiga qoʻshiladi”, deyishgan. Shofeʼiy mazhabida esa: “Dafinaning zakoti boshqa zakotlar beriladigan haqdorlarga beriladi”, deyilgan. Nima boʻlganda ham, dafinaning zakotini berish kerak.
ZAKOT OLISHI MUMKIN BOʻLMAGANLAR
Zakot olishi harom boʻlganlar quyidagilardir:
Orasida tugʻishganlik va er-xotinlik aloqasi borlar.
Bu toifaga kishining tuqqanlari, yaʼni ota-onasi, bobo-momolari necha pogʻona yuqori boʻlsa ham kiradi. Mazkur kishi ana oʻshalarga zakotini berishi mumkin emas.
Oʻzining quliga, bir qismini ozod qilgan quliga zakot berilmaydi.
Qul xojaning mulki boʻladi. Oʻzining mulkiga zakot berish durust emas.
Zimmiyga emas. Unga (zimmiyga) zakotdan boshqasini bersa boʻladi.
Zimmiyga zakotdan boshqasini bersa boʻladi. Islom davlati soyasida yashayotgan “ahli zimma” deb ataluvchi boshqa din vakillariga zakotdan berib boʻlmaydi. Chunki zakot musulmonlardan olinib, musulmonlarga berilishi shart. Ammo ahli zimmaga nafl sadaqalardan, sadaqai fitrdan bersa boʻladi. Chunki avval aytilganidek, zakot moliyaviy ibodat boʻlib, uni berish uchun ham, olish uchun ham musulmon boʻlish kerak.
Fosiq kishiga zakot bersa boʻladimi?
“Fosiq” deb baʼzi gunoh ishlarni qilib nomi chiqqan odamga aytiladi. Oʻzi musulmon odam-u, lekin gunoh ishlar ham qilgan boʻladi. Qadimgi ulamolarimiz bunday odamlarga zakot berish mumkin, deyishgan va zakotni olgandan keyin uni fisq va gunoh ishlarga sarflamasligi aniq boʻlishi kerak, degan shartni qoʻyishgan.
Kuch-quvvati yetarli, biror kasbga qodir kishilarga zakotdan berilmaydi.
Kasb-korga qodir boʻlgan, sogʻlom kishiga zakotdan ulush berilmasligi uchun unda quyidagi shartlar mavjud boʻlishi kerak:
1) Oʻz kasbiga yarasha ishi mavjud boʻlishi;
2) Bu ish halol ish boʻlishi;
3) Mazkur ish toqatidan tashqari, chidab boʻlmaydigan darajada boʻlmasligi;
4) Bu ish unga munosib, oʻziga oʻxshash kishilarning obroʻsini toʻkmaydigan ish boʻlishi;
5) Oʻzida va qaramogʻidagilarda yetarli kasb qilish imkoni boʻlishi.
Tarkidunyo qilib, ibodatga berilgan odamga zakotdan ulush berilmaydi.
ZAKOT BERUVCHINING VAZIFALARI
Zakotni ado qiluvchi bandaning zimmasida bajarishi lozim boʻlgan quyidagi vazifalar bor:
1. Zakotdan murod nimaligini fahmlashi kerak. U uch narsadan iborat: Alloh taoloning muhabbatini daʼvo qiluvchini oʻzi muhabbat qoʻygan narsasini chiqarishi bilan sinash; halokatga olib boruvchi baxillik sifatidan poklanish; mol-mulk neʼmatiga shukr qilish.
2. Riyokorlikdan xoli boʻlish uchun zakotni sir tutish. Uni izhor qilishda faqirni xorlash bor. Agar “zakotni bermadi” degan tuhmatdan qoʻrqsa, faqirlarga jamoat ichida ochiqchasiga beradi. Boshqalarga pinhona ravishda beradi.
3. Zakotini minnat va ozor bilan buzmaydi. Inson faqirga ehson qilayotganida minnat hosil boʻlishi mumkin. Aslida esa, uning zakotini olgan faqir kishi Alloh taoloning unga buyurgan haqqini qabul qilib, unga yaxshilik qilayotgan, uning molini birovning haqqidan poklayotgan boʻladi. Zakot beruvchi yaxshiroq oʻylab koʻrsa, uning zakot chiqarishi u bilan faqir oʻrtasidagi muomala emas, balki mol neʼmatiga shukrdir. Shuning uchun faqir odam faqirligi uchun haqoratlanmasligi kerak, chunki fazl mol-mulkning borligi yoki yoʻqligida emas.
4. Berayotgan narsasini kichik sanashi lozim, chunki ishni katta sanagan odam u bilan faxrlanadi. Yaxshi ish uch narsa bilan: uni kichik sanash, tezlatish va sir tutish ila tugal boʻladi.
5. Zakot beruvchi molidan eng halolini, eng yaxshisini va oʻziga eng mahbubini chiqarsin.
6. Sadaqasini berishga loyiq odam topish. Ularda quyidagi sifatlar boʻlishi kerak:
Birinchi sifat: taqvo.
Ikkinchi sifat: ilmli boʻlish.
Uchinchi sifat: “Neʼmat berish yolgʻiz Alloh taoloning Oʻzidan boʻladi”, deb eʼtiqoddagi odam boʻlishi.
Toʻrtinchi sifat: faqirligini yashiradigan, hojatmandligini bekitadigan va oshkora shikoyat qilmaydigan boʻlish.
Beshinchi sifat: ayolmand, qarzga duchor boʻlgan, ogʻir kasallikka chalingan kishilar boʻlsin.
Oltinchi sifat: qarindosh-urugʻlardan boʻlsin, chunki ularga qilingan sadaqa – ham sadaqa, ham silai rahmdir. Kimda ushbu sifatlardan ikkitasi yoki koʻprogʻi jam boʻlsa, zakotni ana shunday odamga berish afzaldir.
Zakot oluvchining vazifalari
Zakotni oluvchi Qurʼonda zikr qilingan sakkiz toifadan biri boʻlishi lozim. Uning zimmasida bir necha vazifa bor:
1. Alloh taolo uni gʻamga solgan narsani bartaraf qilish uchun zakotni unga berishni buyurganini fahmlasin va barcha gʻamini yigʻib, bitta gʻamga – Alloh taoloning roziligini topishga aylantirsin.
2. Beruvchiga tashakkur aytib, uning haqqiga duo qilsin. Lekin bu duosi sababning shukri miqdorida boʻlsin.
3. Oʻziga berilgan narsaga eʼtibor bersin, halol boʻlmagan narsani mutlaqo olmasin, chunki bir kishi birovning molidan zakot chiqarsa, bu narsa zakot boʻlmaydi. Agar shubhali narsa boʻlsa, oʻzini olib qochsin. Ilojsiz qolgandagina hojatiga yarashasini olsin.
4. Oʻziga muboh boʻlgan miqdorda olsin, hojatidan koʻpini olmasin. Agar qarzdor boʻlsa, qarzidan ortigʻini olmasin.
Manba islom.uz