
Alloh taolo Oʻzi yaratgan barcha jonzotlar ichida insonni eng goʻzal suratda yaratganini taʼkidlab, Qurʼoni karimda shunday xabar beradi:
“Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik” (Tin surasi, 4-oyat).
Inson shunga muvofiq oʻz darajasiga qarab ish tutmogʻi lozim boʻladi. Islom taʼlimotida inson jismini pok tutishi, toza va xushboʻy boʻlishiga targʻib va tashviq qilinib, goʻzallik belgilangan chegaradan chiqmasligi ham alohida zikr etilgan.
Azaldan ayollar pardoz qilishga moyil boʻlganlar. Momolarimizning qilgan pardozlari ham tabiiy vositalardan boʻlgan. Ayniqsa tabiiy moylar, gul va ifor yogʻlari, surma, xina, oʻsmadan pardoz uchun foydalanib kelishgan. Shuning uchun ham ular hatto 70-80 yoshlarida ham oʻz goʻzalliklarini yoʻqotishmagan.
Ammo keyingi vaqtlarda nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagi ayollarda ham koʻz, qosh va lablarni sunʼiy boʻyash (tatuaj, rastushovka) qildirish, tanaga rasm soldirish (tatuirovka) rusmga kirib bormoqda. Bu jarayonlar ogʻriqli boʻlsada, ayollarimiz goʻzallik oldida har narsaga tayyor ekanliklarini namoyish qilmoqdalar. Aslidachi, Alloh taolo man qilgan bu pardozlarni sogʻligimizga jiddiy zarar keltirishini oʻylab koʻrisharmikan.
Alloh taolo Qurʼoni karimda marhamat qiladi:
“Alloh uni (shaytonni) laʼnatladi. (U) dedi: “Albatta, bandalaringdan belgilangan (maʼlum) ulushimni olurman, ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga choʻktiraman. Ularga buyuraman – hayvonlarning quloqlarini kesadilar. Ularga buyuraman – Allohning yaratganlarini oʻzgartiradilar”. Kimki Allohni qoʻyib, shaytonni doʻst tutsa (uning aytganlarini bajarsa), demak, u aniq ziyon qilibdi” (Niso surasi, 118-119 oyatlar).
“Tatuaj”, “Rastushovka” - jarayoni haqida soha mutaxassislari oʻz fikrlarini bildirganlar. Tatuaj — permament pardoz, yaʼni yuzdagi aʼzolar — qosh, koʻz va labni uzoq vaqtgacha ketmaydigan qilib boʻyab, pardoz berish. Permament pardozda sanab oʻtilgan aʼzolarning terisiga tatuaj uchun moʻljallangan igna yordamida maxsus boʻyoq yuboriladi. Bu pigmentlarning uzoq vaqt ushlanib turishini taʼminlaydi. Permament pardoz muolajasi ogʻriqli boʻlib, bir-ikki soatga choʻziladi.
Ammo soxta zebning inson organizmi uchun zararlari tuzatib boʻlmas asoratlarga olib kelishi ham mumkin.
Qosh tatuaj qilinganda qoshlar ildizining yoʻq boʻlishiga olib kelib, ularning toʻkilishiga sabab boʻladi. Koʻzlarga tatuaj qilinganda esa koʻzning koʻrish qobiliyatiga, qovoq terilarining sezuvchanligiga salbiy taʼsir etadi. Lablar tatuaj qilinganda esa ogʻiz atrofida shishlar paydo boʻladi.
Bu muolajalarda igna bilan teri teshilgani bois organizm turli infeksiyalarga beriluvchan boʻlib qoladi. Teri teshiklariga esa turli kimyoviy boʻyoqlar kiritilishi natijasida allergiya kasalliklarini keltirib chiqaradi.
“Tatuirovka” - igna bilan asab tomirlariga zarar yetkazib, tanaga surat soldirishdir. Bu ogʻriqli jarayon boʻlib, inson oʻz-oʻziga shikast yetkazadi. Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha “tatuirovka” qildirgan insonlarda 20 dan ortiq kasallikka chalinish koʻrsatkichi yuqori boʻlar ekan. Tatuirovka boʻyogʻi tarkibida saratonni yuzaga keltiradigan omillar mavjud. Boʻyoqlar oʻzida inson organizmi uchun zararli boʻlgan metallarni, yaʼni simob sulfidi, xrom, kadmiy, qoʻrgʻoshin, titan, alyuminiy, kobalt saqlaydi.
Tatuirovka asboblari bilan gepatit B, S hamda OIV infeksiyasini yuqtirib olish juda oson. Tatuirovkasi bor insonlarning gepatit S kasalligiga chalinish xavfi, oddiy odamlarga qaraganda, 9 baravar yuqori boʻladi. “Mycobacterium hayemophilum” bakteriyasi sil va moxov kasalligini chaqiradi, odamlarda immun tizimini sustlashtiradi. Bu bakteriya esa faqat tatuirovka chizdirgach yuzaga keladi.
Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Husn uchun, igna bilan alomatlar chizuvchi va chizdiruvchi, qosh teruvchi, tish orasini kengaytiruvchi ayollarga (yaʼni, Alloh taolo yaratgan aʼzolarni oʻzgartiruvchi ayollarga) Alloh taoloning laʼnati boʻlsin!”, - dedilar (Imom Buxoriy rivoyati, 5948-hadis).
Alloh taolo ato etgan har bir neʼmatning qadriga yetaylik. Zero, neʼmatlar zoil boʻlganda, uning qadri bilinadi.
Madaminov Muhammadyusuf
Mir Arab Oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
