IMOM BUXORIY ASARLARINING MAHALLIY VA XORIJIY QOʻLYOZMA FONDLARIDA SAQLANAYOTGAN 2 MING 838 TA NUSXASI REYESTRI TUZILDI
Muallif: . .
Sana: 27.03.2023
516

Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022-yildagi faoliyat yakunlari va 2023-yildagi istiqbolli rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-yil mobaynida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyasi tanlovining xorijiy tadqiqotchilardan iborat 6 nafar gʻolibi markazda ilmiy stajirovka oʻtadi.

Markaz Malayziya Islom ilmiy universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan Anglashuv memorandumlarini imzoladi.

Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi, Islom olamining taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti, Turkiyaning Marmara, AQSHning Michigan va Misrning Al-Azhar universitetlari hamkorligida turli mavzularda 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Markaz tashabbusi bilan Shveysariyaning Bazel universiteti, Turkiya ilmiy-tadqiqot markazlari, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom sanʼati koʻrgazmasi”, “Islom xattotligi”, “Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari” kabi mavzularda jami 6 ta xalqaro koʻrgazma hamda “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Buyuk Britaniyaning London islom madaniyati markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti, “Al-Furqon” Islom merosi fondida “Qoʻlyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirishning ahamiyati mavzusida” davra suhbati tashkil qilindi.

Germaniyaning Frayburg universitetida Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan 29 va 30-juzlari, “Sahihul Buxoriy sharhi” kitoblarining taqdimotlari oʻtkazildi.

Yurtimizda kitob fondlarida saqlanayotgan islom taʼlimoti, tarixi va madaniyatiga oid qoʻlyozma asarlarni dolzarbligi boʻyicha tasniflash va ularni oʻrganish, Oʻrta Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish yoʻnalishida aholidan 2 ta qoʻlyozma va 7 ta toshbosma asarlar hadya sifatida qabul qilib olindi.

Markazda jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni xarid qilish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, joriy yilda jismoniy shaxslardan islom diniga oid 44 ta qoʻlyozma kitob sotib olindi.

Imom Buxoriyning “Jomiʼ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 220 ta qoʻlyozma nusxalari roʻyxati shakllantirildi. Imom Buxoriyning mahalliy va xorijiy qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 2 ming 838 ta asarlari reyestri tuzildi.

Imom Buxoriy asarlarining dunyo kutubxona fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari reyestrini tuzish ishlari uchun kutubxonalarning 30 ta elektron katalogi toʻplandi. Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 116 ta qoʻlyozma asar annotatsiyasi markaz saytiga joylashtirildi.

Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 69 ta kitobning elektron nusxasi tayyorlandi. “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi 35 jilddan iborat kitob-albom olib kelindi. Manbalar xazinasida saqlanayotgan 600 ta qoʻlyozma va 750 ta toshbosma kitoblar muhrlandi va inventar kitoblarga kiritildi. “Sahihul Buxoriy” asarining 188 ta qoʻlyozma nusxalari annotatsiyasi tayyorlandi.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan haqiqat va 10 ta xalqchil risolalar chop etildi.

“Sahihul Buxoriy sharhi” 2 jildi, Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad Shoshiy” asaridan saylanma, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom

Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Barakot Nasafiy, Iso Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burxoniddin Margʻinoniy, Yusuf Xos Hojib, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi kitob va risolalar tayyorlandi. 237 ta ilmiy maqola chop etildi.

Tadbirda Markazning 2023-yildagi rejalari xususida xam batafsil maʼlumot berildi.

N.Usmonova, UzA

Manba muslim.uz

. .